Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Majnunlar qismati
31.05.2020 22:51,  
1499

Qur’onda Alloh taolo shunday xabar beradi: 
"Zakariyo alayhissalom: "Allohim, menga bir pok zurriyod ber!" - deb duo qildi.
Farishtalar Zakariyo alayhissalomga: "Alloh Senga shahvatlardan tiyilgan, Yahyo ismli bir taqvodor farzand ato etadi", - dedilar.
Zakariyo alayhissalom: "Men keksa mo‘ysafid, xotinim qari va tug‘mas bo‘lsa, qanday qilib farzand ko‘raman?" - dedi.
Unga: "Shunday. Ammo Alloh xohlagan narsa bo‘ladi!" - dedilar.
"Allohim, menga farzandim bo‘ladigan chog‘da bir belgi ber!" - deb Zakariyo alayhissalom iltijo qildi.
Alloh taolo: "Uch kun odamlar bilan gaplasha olmaysan, ammo imo-ishoralar bilangina muloqat qila olasan. Shu sen uchun bir belgidir. Allohga istig‘for ayt, ko‘pdan ko‘p uni zikr qil!" - dedi. 

Qur’onda Zakariyo alayhissalom odamlar bilan so‘zsiz gaplashishlari "illa ramza" deb ifodalangan. Oyatdagi "ramz" so‘zini o‘zbek mufassirlari "imo-ishora" deb bayon etganlar.
Alloh Zakariyo alayhissalomni uch kun so‘zsiz qolib, ramzu ishoralarga suyanishini qanday hikmat ila iroda etgani O‘ziga ayon. Tafsir kitoblarda bu haqda tushuntirishlar berilgani aniq. Biz bu o‘rinda diqqatimizni "ramz" so‘ziga qaratmoqchimiz.

Darhaqiqat, soqovning so‘zi imo-ishora bo‘lganidek, qalam ahli ham haqiqatni gapira olmasa yoxud uni aslicha anglatish yo‘lini topmasa, ramz uning tiliga aylanadi.

Zakariyo alayhissalomning o‘g‘li Yahyo alayhissalom davrida bir podshoh o‘z singlisiga uylanishni istadi. Singlisi bilan otasi bir, onasi boshqa edi. Yahyo alayhissalom bu ishning ulkan gunohligini podshoh qarshisida tik turib aytdi, hukmdor esa uning boshini tanasidan judo qildi. Haqiqatni ramzlarsiz gapirgan Allohning solih va taqvodor payg‘ambari bir qotil mustabid tomonidan shunday qatl etilgan edi.

Najmiddin Kubro yetmish yoshida Urganch himoyasiga chiqdi. Mo‘g‘ullar u kishi va u kishining yaqinlariga omonlik va’da etdilar. Najmiddin Kubro esa shahidlikni tanladi. U o‘z shahodati ila haqiqatning ramziga aylandi.

Toshkentni 1864 yil bosib olgan Chernyayevning qo‘liga shaharning katta ulamolari kalitlar bilan birga xalq erkini topshirib, boshlarini egdilar. Ehtimol, ular bu ishlarini ramz deb baholashgandir, ehtimol, bu bilan bir "hikmatli ish" qilishgandir, bu Allohga ayon, ammo shu ish ila Toshkent, keyinchalik butun Turkiston Chor ruslarining temir changaliga tushdi.

Qo‘qon xoni Xudoyor taxtni sharmandalarcha boy berib, "podshoh hazratlari" bilan "diydorlashgani" otlandi. Uni Orenburgda tutib, o‘ldirdilar. Rus podshohi uni ko‘rish tugul, tanishni ham istamagan edi, aslida. Chunki podshohga Xudoyor kerakmasdi, uning jannatdek Vatani, mehnatkash xalqi kerak edi.

Shunday bo‘ldi: Turkiston Romanovlar va bu sulola atrofidagi oligarxiyaning plantatsiyasiga, Turkiston xalqi ularning qora qullariga aylandi. Haqiqatni qanday ifodalamaylik, u o‘zgarmaydi. Chor ruslari Ona Turkistonimizga ana shunday qaraganlarini hamma biladi.

Navbatdagi xiyonatlar buxorolik mang‘it amir Muzaffar, xivalik xon ikkinchi Muhammad Rahimga tegishli bo‘ldi. Amir Muzaffarning katta o‘g‘li Abdul Malik bosqinchi ruslarga qat’iyan urushishni istardi. Amir esa taslim bo‘ldi, Kogonga rus kolonistini joylashtirdi, o‘zining burnidan temir halqa o‘tkazib, shu kolonistga tutqazdi. 

O‘g‘lini esa "bog‘iy" deb qatl etdi. Muarrixlar o‘sha paytda Rus qo‘shini Buxoro qo‘shinidan unchalik ustun bo‘lmaganligini aytadilar. Buni shahzoda Abdul Malik chuqur anglab yetgan edi.

Xivalik xon Muhammad Rahim ham zaiflik qildi. Amir Muzaffar bobosi amir Nasrullo ingliz josusini o‘n yil zindonda ushlashga topgan jasoratni unutganidek, u ham katta bobosi Abul G‘oziy Bahodirning bosqinchilik niyatidagi imperator Pyotr birinchining tutingan o‘g‘lini gumashtalari bilan birga boshini uzganligi haqidagi Buyuk Voqeani yo esdan chiqargan, yo u kabi jangovar emasdi.

Chor ruslari Qo‘qon xonligini yer yuzidan supurdi, Buxoro va Xivani tomorqasi deb e’lon qildi.

Bu voqealarga yuz ellik yil bo‘lyapti, ammo shunday "ajdodlar" xizmati ila Turkiston xalqi, Temur davrida jahonni titratgan, Shohrux, Ulug‘bek, Muhammad Shayboniy, Abdullaxon davrida Gobi sahrosi, Tibet va Himolay tog‘laridan Kaspiy dengizigacha, Sibirdan to Kobul, Marv, Mashhadgacha bo‘lgan hududlarni idora etgan el avval dunyo siyosatida shaxsiyat o‘laroq daf etildi, mardikorlikka majburlandi (1916 yil voqealari), e’tiqodidan voz kechtirildi, dinsizlikka, dahriylikka majburlandi.

Gapni ramz haqida boshlagandik. Bosqinchiga yurtni zaiflarcha topshirgan "hukmdor"lar haqiqatni ramzlar ila gapirganlarni ham o‘ldirib yuborgandilar.

Bugun biz ularni oqlashga sabab topolmaymiz, chunki Vatanni boy berish hech qachon oqlanmaydi. Kelajak nasllarning erki haqida qayg‘urmagan bobolarni yaxshi so‘z bilan eslash mumkin bo‘lmagan og‘ir bir ishdir.

Millat mujohidlari - mulla Alimqul,  Muhammad Aminbek, Sher Muhammadbek, Ergash qo‘rboshi va minglab ular kabilarning,  millat yulduzlari - Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon va minglab ular singarilarning, Alixonto‘ra Sog‘uniydek zabardast yo‘lboshchi va uning izdoshlarining qatl etilishi, surgun qilinishi, sargardon bo‘lishi va butun xalq hayotini yo‘lsizlikda o‘tkazishiga o‘sha "bobokalonlar"ning qo‘rqoqliklari, hal qiluvchi onda chekinganliklari sabab bo‘lgani hech kimga sir emas.

Bu juda achchiq haqiqat. Qochsang qarshingdan, o‘lsang go‘ringdan chiqadigan Haqiqat. Na ramzlarga, na imo-ishoralarga sig‘maydi bu Haqiqat.

Alisher Navoiy rahmatullohi alayh davrida odamlarga oddiy so‘z ta’sir etmasdi yoxud buyuk So‘zlarni riyokorlar ahli oddiy gapga aylantirib qo‘ygandilar. Mutaffakir o‘z fikrat nigohi ko‘rganlarini ramz ila so‘zlay boshladi. Uning she’riyati, "Xamsa"si butunicha ramzdir. Uning ijodining bosh qahramoni Majnun Shaxsdir. Tanazzulga ketayotgan millat qarshisida, kelayotgan ulkan dahshatlarni anglamay turgan xalqi qoshida Majnunga aylangan odam mutafakkir Alisher Navoiy rahmatullohi alayhning asarlarining hammasida bosh qahramondir.

Fojia Allohdan yuz burishda edi. Farhod va Majnun Allohni unutgan xalq ichida yolg‘izlangan junun sohiblaridir. Ular chin iymon, toza aql va jasoratli qalb egalari, el esa buning uchun ularni esdan oqqan deb bildi. 

Farhodning ham, Majnunning ham otasi o‘g‘lini ishq atalmish narsadan voz kechishga da’vat etdilar. Ammo telba o‘g‘illar ko‘nmadilar. Farhodning otasi o‘g‘liga hamroh bo‘ldi, ammo manzil yigitniki ekan. Majnunga otasi yolvordi, Ka’baga eltdi, o‘g‘il ishqdan kechmadi, zotan, ishq ular anglagan Haqiqat bo‘lib, u ikki dunyodan qiymatliroq edi. 

Majnun Ka’ba qoshida ekan, Allohdan ishqning ziyodasini so‘radi, xolos.

Alisher Navoiy rahmatullohi alayh Bahrom degan shoh haqida ham yozdi. Bahrom ishq tolibi edi, ammo dunyoga ishqni almashib, halok bo‘ldi. Bahromlar ko‘p. Majnunlar kam.

Alisher Navoiy rahmatullohi alayh Iskandar Zulqarnayn qissasini doston qildi. Iskandar nabiy edi, butun Yer yuzini o‘z adolati ostida birlashtirdi. Allohning amri ila yashagan, Jabroyil amin keltirgan vahiy asosida ish qilgan Iskandar olamni ya’juj-ma’juj atalmish balodan qo‘riqlash uchun bir devor qurdi. Iskandarning qudrati Iymonda, g‘alabasi Kurashda, yuksalishi Hikmatda edi. Alisher Navoiy rahmatullohi alayh Iskandar timsolida takammulning barcha jihatlarini ko‘rsatdi yoxud o‘z nafsini yenggan mo‘minning muzaffariyatiga bir misol keltirdi. 

Iskandar majnun edimi?

Iskandar majnunlikdan g‘olib keldi, bu unga Allohdan berilgan nasiba edi. U ya’juj-ma’juj misolida nafs va razolatga qarshi bir devor tikladi.

Bahrom majnun edimi?

Bahrom majnun bo‘ldi va jununga dosh bermadi. 

Junun bir ramzdir. Haqiqatga bo‘lgan tashnalik, undan bahra olib mast bo‘lishning bir ramzi, xolos.

Yurtni dushmanga berib qo‘ygan "ajdodlar"da bir junun yo‘q edi, ular farhodu majnunlarni yoqtirmasdilar. Basharti, ular Haqiqatni anglaganlarida edi Iskandar bo‘lardilar.

Ilmu hikmat, jasorat va iymon egalarini tegralariga jamlagan bo‘lar edilar. O‘z xalqini yuz yillab bosqinchi zanjirida xor bo‘lishga yo‘l qo‘ymasdilar.

Maqsadimiz ularni qoralash yoxud malomat etish emas, zinhor. Tarixga boqib, kelajak yo‘lini idrok etish  - bizning muddaoyimiz shu, xolos.

Zotan, majnunlar qismatidan ogoh qilish majnunlarning ishi. Na Shirin, na Layli maqsad emas, ular ham bir ramz, til kalimaga kelganda, Yahyolar tug‘ilganda ularga hojat qolmagay.

Allohim, bizni hidoyatga boshla!

Allohim, bizni malomatdan, xorlikdan xalos etib, izzat ko‘klariga ko‘tar!

Allohim, bizni O‘zing rozi bo‘lgan yo‘lga boshla, bu yo‘lda sobit qil, oqibatimizni xayrga to‘ldir!

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан