Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Maktablarda uchta ta’til o‘rniga uzaytirilgan qishki ta’tilni joriy etish taklif qilindi
6.12.2020 21:32,  
1306

25 dekabrdan 2 fevralgacha davom etadigan qishki ta’tilni joriy etish, birinchi va so‘nggi qo‘ng‘iroq kunlarini 26 avgust va 31 may etib belgilash, boshlang‘ich sinflarda darslar davomiyligini 45 daqiqadan 40 daqiqaga tushirish taklifi ilgari surilmoqda.

O‘zbekistonlik bir guruh ziyolilar umumta’lim maktablaridagi o‘quv yili taqvimini o‘zgartirishni taklif etmoqda. Taklif tashabbuskorlarning Telegram'da tashkil etgan «Ilm-fan va ta’lim» kanalida e’lon qilingan.

Faollarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab rivojlangan davlatlarda maktablardagi o‘quv yili boshlanishi, ta’til kunlari va dars mashg‘ulotlari davomiyligining belgilanishi asosan ta’lim maqsadlaridan, tashkiliy masalalardan hamda iqlim sharoitlaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.

«Umumta’lim maktablari o‘quvchilari, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining kuz-qish mavsumi davrida o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashidagi qator noqulayliklarni o‘quv yilining boshlanishi, tugashi hamda ta’til kunlarining muddatini o‘zgartirish va dars mashg‘ulotlari davomiyligini qisqartirish orqali sezilarli darajada bartaraf etish mumkin.

Respublikamizdagi 10 mingga yaqin umumta’lim maktablarining aksariyati qishloq hududlarda joylashgani, ushbu maktablarga 3 km radiusda joylashgan xonadonlardan ichki yo‘llarning hozirgi holatida qish kunlarida, yog‘ingarchiliklar davrida ham o‘quvchilarning, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining piyoda qatnab o‘qiyotgani, bu davrda o‘quvchilar kasal bo‘lishlarining keskin ko‘payishi, umumta’lim maktablarining markaziy isitish tizimlariga ulanmagani hamda kuz-qish mavsumida issiqlik va elektr-energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning keskin ortib ketishi natijasida energiya tanqisligi vujudga kelishi, ta’lim muassasalarini kuz-qish mavsumida isitish uchun va elektr energiyasi uchun, jumladan, ko‘mir sotib olish uchun davlat byudjetidan 80–100 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar sarflanayotgani masalaning dolzarbligini ko‘rsatadi», – deb yozadi taklif matnida.

Tashabbuskorlar guruhi quyidagi takliflarni ilgari surgan:

  • O‘quv yilining boshlanishini 2 sentyabr kuni o‘rniga 26 avgust, tugashini esa 25 may o‘rniga 31 may deb belgilash;
  • O‘quvchilar uchun amaldagi 4–9 noyabr, 28 dekabr–10 yanvar, 21–27 mart kunlaridagi ta’til kunlari o‘rniga 25 dekabrdan 2 fevralgacha qishki ta’tilni joriy etish;
  • Yozgi ta’til vaqtining ikki haftaga qisqarishi munosabati bilan o‘qituvchilar uchun 11–25 yanvar kunlari davomida ikki haftalik haq to‘lanadigan mehnat ta’tilini berib borish;
  • 2-choraklar hamda 3– va 4-choraklar oralig‘ida qisqa muddatli ta’til zarur deb hisoblansa, 1– va 3-chorakning oxirgi o‘qish kuni mashg‘ulotlarini hamda 2– va 4-chorakning birinchi o‘qish kuni mashg‘ulotlarini tegishli choraklardagi boshqa o‘qish kunlarida o‘tish hisobiga choraklar orasida ikki kunlik ta’til belgilash.

Faollarga ko‘ra, bu taklifni amalga oshirish uchun deyarli mablag‘ sarflanmaydi; aksincha, bir necha o‘n milliard so‘m mablag‘ tejalishi mumkin.

«Eng muhimi – qish mavsumida o‘quvchi va o‘qituvchilarga ancha yengillik yaratiladi.

O‘quv yili muddatlarini kerak bo‘lsa har yili o‘zgartirish tajribasi rivojlangan davlatlarda ancha yillardan beri qo‘llaniladi, Kanada bunga bir misol», – deb yozadi tashabbuskorlar guruhi.

Bundan tashqari, ta’kidlanishicha, o‘quvchilar yoshi va jismoniy rivojlanganlik darajasi har xil bo‘lishiga qaramasdan, shuningdek, noqulay ob-havo sharoitlarida, ya’ni o‘ta issiq yoki sovuq kunlarda isitish yoki sovutish tizimlari bilan jihozlanmagan hamda 2-3 smenada o‘qitiladigan maktablarda ham dars mashg‘ulotining davomiyligi bir xil – 45 minut deb belgilangan. Bu esa, o‘quvchilarga, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Boshlang‘ich va yuqori sinf o‘quvchilarning yosh va jismoniy rivojlanganlik darajasidan kelib chiqib:

  • boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun dars mashg‘uloti davomiyligini 40 minut deb belgilash (bunda boshlang‘ich sinflar uchun tanafus vaqtini 5 minutga uzaytirish orqali barcha sinflardagi dars vaqtining boshlanishini bir xil qilish mumkin);
  • tuman yoki shahar halq ta’lim bo‘limlari ruxsati bilan noqulay ob-havo sharoitlarida, ya’ni o‘ta issiq yoki sovuq kunlarda isitish yoki sovutish tizimlari bilan to‘liq jihozlanmagan, shuningdek, 2-3 smenada o‘qitiladigan umumta’lim maktablarida dars mashg‘ulotining davomiyligini 5 minutga qadar qisqartirishga ruxsat berish amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.

Bu takliflarning joriy etilishi bilan quyidagi natijalarga erishilishi mumkin:

  • kuz-qish mavsumi davridagi isitish va elektr energiyasi sarfi 30 foiz atrofida tejaladi; bu maqsadlar uchun xarajatlar 20-30 mlrd so‘mga kamayadi;
  • hozirgi kunda bir vaqtga to‘g‘ri kelayotgan Mustaqillik bayrami, Birinchi prezidentni xotirlash kuni hamda Bilimlar kunlarining tarbiyaviy-ma’naviy tas’irchanligini oshirish mumkin;
  • o‘quvchilarga, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga qulayliklar yaratiladi;
  • boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining dars mashg‘ulotlaridagi mehnat sarfi 10 foizga yaqin qisqaradi;
  • o‘qituvchilar uchun o‘quv yili o‘rtasida ham mehnat ta’tiliga chiqish va o‘z ustida ishlash uchun qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘ladi;

Prezident farmonida belgilangan «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha ta’lim muassasalari o‘quvchilari, rahbar-xodimlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Qayd etilishicha, taklif «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga ham joylangan. Taklifning portalda e’lon qilinishi masalasi moderatorlar tomonidan hal etiladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан