Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Millatning qon tomiriga bolta urgan "teatr"
5.10.2020 08:27,  
1635

4 oktyabr — Qodiriy, Elbek va Cho‘lponlar qatl qilingan kun. Ular bilan bir ro‘yxatda 507 ta familiya bor bo‘lgan. Ularni otish qarorini o‘sha paytdagi SSSR Oliy sudining harbiy kollegiyasi qabul qilgan.

Odatda, NKVD qotillari, o‘zlari kimni qatl qilishni hal qilishardi. Faqat NKVD-VKP (b) jallodlari muhim deb hisoblagan hollarda, Harbiy Kollegiya sud protsedurasiga o‘xshagan «teatr» uyushtirar edi. Bu yerda «teatr» so‘zi metafora emas.

Birinchidan, jinoiy ishlar 1934 yil 1 dekabrdagi qonunga muvofiq, “ko‘rib chiqilgan”. Bu sahnalashtirilgan teatrda o‘sha qonun bo‘yicha, sud ishlari advokatning ishtirokisiz va hukm ustidan shikoyat berish huquqisiz o‘tkazilgan. Qisqasi, Harbiy kollegiya faqat terror tashkilotchilari aytgan ro‘yxatlarga qo‘l qo‘yishgan xolos.

“Ro‘yxat mexanizmi” deb nomlangan bu tizim juda vahshiy bo‘lgan. Sud Stalin va uning bir qancha sheriklari tomonidan berilgan ro‘yxatiga qo‘l qo‘yish bilan shug‘ullangan (masalan: Molotov, Kaganovich, Voroshilov va Jdanov, Mikoyan, Kosiorlar ro‘yxatni berishgan). O‘sha kollegiya juda ko‘p odamni qatl qilish qarorlariga qo‘l qo‘ygan: 1936 yil 1 oktyabrdan 1938 yil 30 noyabrgacha Harbiy Kollegiya 31456 kishiga o‘lim jazosini tayinladi: 7408 kishi Moskvada, qolganlari — turli hududlarda bo‘lib o‘tgan kollegiyaning sayyor sessiyalarida.

Ikkinchidan, sud protsedurasi nihoyatda tez bo‘lgan: ishni ko‘rish guvohlarsiz bo‘lar edi va o‘rtacha, sud qarori uchun 5-10 daqiqa sarflashgan. Shu vaqt ichida, kollegiya sudyalari, sudlanuvchiga uning huquqlarini tushuntirishga, ayblov xulosasini o‘qishga, ayblovning mohiyatini ochib berishga, ayblanuvchining sodir etilgan jinoyatlarga munosabatini bilib olishga, ayblanuvchining ko‘rsatmalarini va oxirgi so‘zlarini tinglashga, maslahat xonasiga borib, hukmni yozishga ulgurishi kerak edi. Shu hammasiga 5-10 minut, bir xil payt esa, uzog‘i bilan yarim soat vaqt ketar ekan. Qanday bo‘lganini tasavvur qilish qiyin emas.

Uchinchidan, sudlanuvchilarga o‘lim jazosi e’lon qilinmas edi — ular o‘zlarining taqdirlari to‘g‘risida faqat qatl etilishidan oldin bilib olishar edi.

Aytmoqchimanki, Qodiriy, Cho‘lpon va Fitratlarga (va yana 504 ta ro‘yxatdagi odam uchun) aynan Oliy sudining harbiy kollegiyasi hukm chiqarganini hisobga olsak, bu qarorni shaxsan Stalin yoki eng kamida Politbyuro qabul qilinganligi ayon bo‘ladi. Chunki kollegiya asosan Moskvadagi siyosat uchun muhim odamlar to‘g‘risida hukm chiqarar edi xolos. Bu masalani hududlar va hudud sudlari hal qilmas edi. Ya’ni o‘z nomi bilan Oliy Sudining Harbiy Kollegiyasi, o‘ta muhim va sobiq ittifoq xavfsizligiga taaluqli ishlar bo‘yicha sud qilganini inobatga olsak, Cho‘lpon va Qodiriylarga o‘xshaganlarni, o‘sha paytdagi partiya raislari xatarli deb o‘ylashgan shekilli. Albatta, o‘rinli savol, nima uchun ziyolilar tizim uchun xatar? Shu haqida bir o‘ylab ko‘rish kerak. Aytmoqchi, Qodiriyning sud ishi 15 daqiqa davom etgan.

Xuddi shu kollegiya 1938 yilning mart oyida, “Uchinchi Moskva Protsessi” ishi bo‘yicha, Akmal Ikromov va Fayzulla Xo‘jayevga hukm chiqargan. Xuddi shu kollegiya, butun ittifoq bo‘yicha juda muhim olimlar va ziyolilarni qatl etish bo‘yicha qarorlarni chiqargan. Jumladan, iqtisodchi Nikolay Kondratevga ham o‘lim hukmni aynan shu kollegiya e’lon qilgan.

Bu kunda, adolatsizlik qanday muammo ekanligini, kommunizm qanday jirkanch natijalar bilan yakunlanishi va mustaqillik qanday muhim narsa ekanligi haqida o‘ylashimiz mumkin deb o‘ylayman. Yuzlab vatanimizning eng yorqin odamlari qatl qilingan kun albatta buyuk fojia.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан