Mirziyoyev Andijonda mingdan ortiq ayolni ish bilan ta’minlagan korxonaga bordi (foto)

Mirziyoyev Andijonda mingdan ortiq ayolni ish bilan ta’minlagan korxonaga bordi (foto)

Foto: president.uz

Ma’lum qilinishicha, korxona binosi qariyb o‘n uch yil qarovsiz yotgan edi. Tadbirkorga “nol” qiymatda berilgach, vaziyat tamomila o‘zgardi. 6,5 million dollar mablag‘ evaziga qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Italiya, Yaponiyadan tikuvchilik va matoga ishlov berish dastgohlari keltirib o‘rnatildi.

Zamonaviy qiyofa kasb etgan korxona o‘n kun avval faoliyat boshladi. Bu yerda yiliga o‘rtacha 11 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi.

MDH mamlakatlari bilan shartnomalar imzolangan bo‘lib, yiliga 27 million dollarlik mahsulot eksport qilish mo‘ljallangan. Bu geografiyani kengaytirish maqsadida Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Korxonada 1 ming 200 nafar ayol ish bilan ta’minlandi. Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi.

Avvalambor, sizlarni yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom bilan tabriklayman. Bu fabrika andijonliklarga o‘ziga xos tuhfa bo‘libdi. Biz uchun har bir ish o‘rni muhim. Bu yerda shuncha xotin-qiz ishli bo‘lganidan juda xursandman. Tadbirkorlarimiz jahon bozorlariga chiqmoqda. Bu – dunyoqarash o‘zgarishi, imkoniyatlar natijasi, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga paxta tolasini qayta ishlashni chuqurlashtirib, qo‘shilgan qiymat yaratish, korxonalarga qo‘shimcha investitsiyalar yo‘naltirib, ishlab chiqarishning to‘liq siklini o‘zlashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ilgari viloyatda yetishtirilgan paxta faqat xomashyo sifatida sotilardi. Bundan daromad 100 million dollarga ham yetmasdi. Endilikda qayta ishlash rivojlanayotgani natijasida joriy yilda qariyb 440 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. 2021 yilda bu ko‘rsatkichni 527 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.