O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampga salomatlik tilab xat yozdi. Oldinroq AQSh prezidenti o‘zida koronavirus aniqlanganini ma’lum qilgan edi.
«Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Jon Tramp Janobi Oliylariga
Siz va Melaniya Tramp Xonim Oliyalarining koronavirusga chalingani to‘g‘risidagi xabarni chuqur bezovtalik va katta xavotir bilan qabul qildim.
Sizlarni qisqa fursatlarda mazkur virusni muvaffaqiyatli yengib o‘tib, shifo topishingizga, farovon hayotingiz hamda mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizni davom ettirishingizga ishonchim komildir.
Hurmatli Prezident Janobi Oliylari, ushbu sinovli damlarda Sizga va Melaniya Tramp Xonim Oliyalariga hamda barcha oila a’zolaringizga mustahkam sihat-salomatlik, xotirjamlik va kuch-quvvat yor bo‘lishini tilab qolaman.
Samimiy ehtirom ila,
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti», deyiladi maktub matnida.