Mirziyoyev Xo‘jaobod tumanida muhtoj oilalar uchun qurilayotgan uylarni borib ko‘rdi (foto)

Mirziyoyev Xo‘jaobod tumanida muhtoj oilalar uchun qurilayotgan uylarni borib ko‘rdi (foto)

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi ko‘p qavatli uylar qurilishini borib ko‘rdi.

Andijon viloyati aholisi mamlakatimiz nufusining 10 foizini, hududi esa 1 foizini tashkil etadi. Shu bois shahar yaqinidagi adir joylarda ko‘p qavatli uylar qurish, shu orqali aholining tobora o‘sib borayotgan talabini qondirish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: president.uz

Xo‘jaobod tumanining Ittifoq massivida 35 ta uy qurilmoqda. Ular Andijon shahri, Andijon, Xo‘jaobod, Buloqboshi va Jalaquduq tumanlaridagi uy-joyga muhtoj oilalarga berilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bu yerda maktab, tikuvchilik sexi, sport kompleksi bunyod etilmoqda.

Foto: president.uz

Davlatimiz rahbari qurilish ishlaridagi kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdi. Bunday joylarda uylar bunyod etish mamlakatimizda yangi tajriba ekanini, ularni xalqaro standartlar asosida pishiq, sifatli qurish zarurligini ta’kidladi.

Loyihani takomillashtirish, aholiga qulay transport yo‘nalishlari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Foto: president.uz

Shu bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga safari yakuniga yetdi.