Moliya vaziri Senatda davlat byudjetining ijrosi yuzasidan axborot berdi

Moliya vaziri Senatda davlat byudjetining ijrosi yuzasidan axborot berdi

Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida Moliya vazirining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi Moliya vazirining axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020 yil birinchi yarim yillik ijrosi «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan byudjet parametrlari doirasida hamda Prezidentimizning koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, global inqiroz oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan qabul qilingan farmon va qarorlari, qolaversa, Hukumat va Inqirozga qarshi kurashish komissiyasining qarorlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Dunyo miqyosida kechayotgan global o‘sish sur’atlari pasayishi jarayonining mamlakat iqtisodiyotga ham ta’sir etishi natijasida 2020 yil birinchi yarim yili yakuniga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot hajmi joriy narxlarda 255,3 trln. so‘mni, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,2 % ni tashkil etgan.

O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjet 2020 yil birinchi yarim yili daromadlari 71,6 trln. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 28,8 foiz, xarajatlari esa 80,5 trln. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 32,4 foizni tashkil etgan.

Mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Davlat byudjetining 2020 yil 6 oylik daromadlari 58,2 trln. so‘mga yoki tasdiqlangan yillik parametrlarga nisbatan 45,3 foizga ijro etilgan. Hisobot davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga ko‘p mablag‘ tushirilishiga erishilgan.

Davlat byudjetining 2020 yil birinchi yarim yilligi xarajatlari 64,9 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobarga oshgan. Natijada 23,1 trln. so‘m miqdoridagi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda 5,0 trln, so‘m miqdoridagi ish haqiga nisbatan ajratmalar to‘liq va muddatida moliyalashtirilgan.

Qolaversa, o‘tgan 6 oy davomida iqtisodiyot xarajatlariga Davlat byudjetidan 9,0 trln. so‘m yoki jami xarajatlarning 13,9 foizi, investitsiya xarajatlariga esa 6,0 trln, so‘m yoki jami xarajatlarning 9,2 foizi sarflangan.

Hisobot davrida sog‘liqni saqlash, nafaqa va moddiy yordam to‘lovlari, iqtisodiyot va investitsiya xarajatlarining o‘sishi yuqori bo‘lishiga mamlakatda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari bo‘yicha amalga oshirilgan xarajatlar asosiy omil bo‘lgan.

Xususan, 2020 yilning 1 iyul holatiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 5,6 trln. so‘mlik koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, tadbirkorlikni va aholi bandligini ko‘llab-quvvatlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar moliyalashtirilgan.

Bundan tashqari, hisobot davrida mahalliy byudjet mablag‘larini mustaqil boshqarishni mustahkamlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini kafolatlangan moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlash, mahalliy hokimliklarni mahalliy byudjetlarni shakllantirishda va mablag‘lardan samarali foydalanishda mas’uliyati va javobgarligini oshirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgani qayd etildi.

Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilida mahalliy byudjetlarning daromadlar prognozi jami 10,2 trln. so‘m etib belgilangan va reja amalda 12,9 trln. so‘mga ijro etilgan. Bunda asosan hududlarda yangi tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil etish, kam quvvatli korxonalarning ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va legallashtirish, soliq qarzini qisqartirish, kameral o‘rganishlar o‘tkazish orqali belgilangan prognoz rejalar ijrosi ta’minlangan.

Majlisda mahalliy byudjetlarning hududlar bo‘yicha umumiy daromadlar prognozi bajarilgan bo‘lsada, ammo ayrim soliq turlari bo‘yicha belgilangan reja-topshiriqlari bajarilmagani ta’kidlandi. jumladan, joriy yilning 1 iyul holatiga mahalliy byudjetlarga soliqlardan qarzdorlik 2,9 trln. so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 112 mlrd. so‘mga oshgan. Mahalliy byudjetlarning Davlat byudjeti daromadlaridagi ulushi 22,1 foizni, uning jami xarajatlardagi ulushi 31,1 foizni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasining tarqalishi, karantin choralarining qo‘llanilishi natijasida mahalliy byudjetlar xarajatlariga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilgani ta’kidlandi.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mahalliy byudjetlar xarajatlaridan qariyb 1 trln. so‘mga maqbullashtirilgan. 2020 yilning 27-28 aprel kunlari kuchli shamol oqibatida Buxoro viloyatida zarar ko‘rgan aholi va iqtisodiy-infratuzilma ob’yektlariga 164 mlrd. so‘m hamda 1 may kuni «Sardoba suv ombori» to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan aholini qo‘llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash xarajatlariga joriy yilning yarim yilida 500 mlrd. so‘m qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirilgan.

Qolaversa, 2020 yil 1 apreldan boshlab 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 10 foizga oshirilgan. Ushbu tadbirlar natijasida, joriy yil yakuniga qadar ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam oluvchilar soni 657,8 ming (+ 60,3 ming) ta oilani tashkil etib, ularga qo‘shimcha nafaqalarni to‘lash uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 211,8 mlrd. so‘m mablag‘ nazarda tutilgan bo‘lib, shundan 91,3 mlrd. so‘m moliyalashtirib berilgan.

Shuningdek, hisobot davrida aniqlangan kamchiliklarga e’tibor qaratildi. Jumladan, aniqlangan qo‘shimcha daromadlarga nisbatan 51,7 mlrd. so‘mlik mablag‘larning byudjetga undirilishi ta’minlanmagan.

Shu bilan birga, pandemiya sharoitida mahalliy byudjetlar daromadlarining o‘z muddatida tushmaganligi natijasida yuzaga kelgan vaqtinchalik kassa uzilishi oldini olish hamda belgilangan xarajatlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish maqsadida hisobot davrida mahalliy byudjetlarga respublika byudjetidan 626 mlrd. so‘m byudjet transfertlari ajratilgan.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 7 669 ta mikrofirma, kichik korxona va YaTTlarning mol-mulk, yer va suv solig‘ini 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirib to‘lash uchun 132,7 mlrd. so‘m imtiyozlar berilgan.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.