«Mustaqil fikri yo‘q, ishi buyruq bajarish bo‘lgan mutasaddilarning qonunsiz harakatlari islohotlarga soya solmoqda»

«Mustaqil fikri yo‘q, ishi buyruq bajarish bo‘lgan mutasaddilarning qonunsiz harakatlari islohotlarga soya solmoqda»

Avvalroq, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalar omma oldida obro‘sizlantirilgani, sud xodimi esa do‘pposlangani haqida xabar bergan edik.

Adolat SDP mazkur vaziyatga munosabat bildirdi.

"Qonun barcha uchun barobar. Bu bahs talab etmaydigan haqiqat, albatta. Ayniqsa, hozirgi jiddiy vaziyatda karantin qoidalariga qat’iy amal qilish birinchi galdagi zaruratlar qatoriga tirkaldi. Zero, pandemik karantin taqozosidan o‘rnatilgan tartibga rioya etish bebaho salomatligimizni saqlashga katta hissadir. Buni hammadan qattiq talab qilish, temir intizom o‘rnatish shart, bunga shubha yo‘q.

Jarqo‘rg‘onda sud xodimi kaltaklangani yuzasidan Bosh Prokuratura bayonot berdi

Ammo karantin qoidalari o‘z mustasnolariga egaligi ham sir emas. Masalan, faol harakatlanishga cheklov o‘rnatilgan ayni pallada xizmat zaruriyatiga qarab ayrim toifadagi avtotransport vositalariga yurish uchun ruxsat berilgan. Sud idoralariga tegishli avtomashinalar ham shular sirasiga kiradi. Taassufki, bundan ayrim hokimlar, IIB xodimlari, bexabar ko‘rinadi. Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan voqea shunday xulosa chiqarishga majbur etdi.

Jarqo‘rg‘on tumani jinoyat va ma’muriy sudlari raislari haydovchilari bilan xizmat avtomashinalarida ish joyiga ketayotganida blok postda ular to‘xtatilgan va postdan o‘tkazilmagani taajjubga solsa, bundan keyingi kuch ishlatishlar, xalq orasida sud xodimlarini haqoratlab, tahdid o‘tkazishlar, tan jarohati yetkazish va asossiz hibsga olish kabi noqonuniy xatti-harakatlar omma oldida bamaylixotir sodir etilayotganini izohlash qiyin. Yana bularning boshida tuman hokimi rahbarligidagi ishchi guruh turganiga nima deysiz? Nega mansabdor shaxslar tomonidan sayr qilib yurgan avtoulovga nisbatan emas, adolat o‘rnatishdek muhim vazifa tomon oshiqayotgan sudyaga qarata asossiz qoidalar pesh qilindi? Ustiga ustak, bu oddiy eslatma yoki ogohlantirish emas, bir yo‘la kuch ishlatish va tahdidga aylanmoqda. Yoki tajovuzkorlik ular uchun yozilmagan vakolatmi?

Nahot, tuman hokimi va IIB mutasaddilari sudyalar mustaqilligi va daxlsizligiga oid konstitutsiyaviy normadan bexabar bo‘lsa? Axir, bu Bosh qomusimizga hurmatsizlik, qonunlarga bepisandlikdan boshqa narsa emas. Ko‘p vakolatlar berilgani xohlagan ishini bajarish yoki istagan qonunni osti qilish mumkin degani emas. Afsuski, joylarda o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lmagan, eng asosiy faoliyati kimlarningdir buyrug‘ini bajarishdangina iborat bo‘lgan mutasaddilarning bu kabi qonunsiz harakatlari mamlakatimizda qilinayotgan islohotlarga soya solmoqda. E’tibor bering xalq farovonligini, tinchligini ta’minlashga xizmat qiluvchilar tomonidan uning aksi bajarilmoqda. Ya’ni karvonni belgilangan manzilga yetaklovchilarning o‘zi, uning ortga qadam tashlashiga tashabbuskor bo‘lmoqda. Tabiiyki, bu kabi rahbarlar bilan biz belgilangan maqsadlarga yeta olmaymiz.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi sud tizimini kompleks rivojlantirish, sudlarning mavqeyini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta’minlash adolatli jamiyat qurishning muhim sharti, deb hisoblaydi. Mazkur maqsadimiz saylovoldi dasturimizda ustuvor vazifa sifatida mustahkamlab qo‘yilgan. Shunday ekan, Jarqo‘rg‘ondagi ushbu voqeani qoralaymiz va noqonuniy harakatlar sodir etganlarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilishi tarafdorimiz" - deyiladi «Adolat» SDP bayonotida.