Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Blogerning til sandig‘idan: Muzeydagi so‘zlar
3.10.2019 18:02,  
1622

80-yillarda “Yoshlik” jurnalida “Til sandig‘i” nomli rukn bo‘lardi. Asosan, lug‘atga kirmay qolgan shevaga xos, eskirgan so‘zlar ma’nosi izohlab berib borilgan. Xo‘sh, bu nimaga kerak? Til jonli narsa hisoblanadi, u doimiy o‘zgarishda, rivojlanishdadir. Hozir tilimizga chet so‘zlar seldek kirib kelmoqda. Hattoki, o‘zbekcha muqobilini joyidan turg‘azib, o‘rniga alternativ bo‘lib o‘tirib qolmoqda. Bu tabiiy jarayonda mehmon so‘zlar mezbon so‘zdan zo‘r chiqib qolmasligi uchun shevalar va tarixiy so‘zlarimizdan, ya’ni ildizlardan oziqlanishimiz to‘g‘ri bo‘ladi.

Men Qo‘qon shahri va uning atrofidagi tumanlar aholisi og‘zaki nutqda ishlatadigan, ammo adabiy tilga unchalik kirmagan so‘zlarni to‘plab yuraman. Marhamat, o‘qib ko‘ring, tanish so‘zlar uchrarmikan.

Alloli – ataylab, tezgina (azza-bazza)

Bakor kelmoq - foydasi tegmoq

Vavaq, vavaqcha – lo‘ppi yuzli do‘mboqqina go‘daklarni erkalab chaqirish

Vala-vala – sergap, javraqi odam; Vala-vala qilma – ko‘p gapirma.

Valangor – buzilgan, ishga yaroqsiz, abgor; hammayog‘i ochiq

Danap - to‘yda raqsga tushuvchi ayol (ba’zi joylarda yengiltabiat deb ta’riflanadi)

Darshana – erta bahorda mahalla ko‘ngilli ravishda to‘planishib ariq-ko‘chalarni tozalash, daraxt ekish hashari

Do‘mbaslik - do‘nglik, balandlik

Garmasho‘rak – pishirib, ustiga piyoz va ziravorlar solingan no‘xat

Jazvar, jazbar - lineyka (o‘quv quroli)

Zibir – zovur (sbrosdan kelib chiqqan)

Kapasassiq – “starcheskiy marazm”ga uchragan odam

Karanda - olifta, takabbur

Karillamoq – katta ketmoq

Kirpi - tipratikan

Ko‘cha” – mahalliy mafiya

Ko‘chaosh – go‘ja osh, oqjo‘xoridan tayyorlangan suyuq ovqat, issiq holda ustiga ko‘k sepib tortiladi (ayronlisi emas)

Ko‘chat” – yemlashga tayyor yosh mol

Laxtipar, lag‘ar – buzuq, yaroqsiz, xarob

Malda, maldanon – qozonda qatlama kabi yumshoq qilib pishiriladigan so‘lqildoq non

Mondalab – eplab, uddalab

Og‘zi qattiq - odatda baland narx aytuvchilarni shunday sifatlashadi

Opoy - ayol o‘qituvchi yoki tarbiyachini chaqirish

Ordiq - dam olish kuni (hordiq yoki otdix dan kelib chiqqan bo‘lsa kerak)

Palla - sigirning tuqqandan keyingi suti, ovuz, o‘vuz suti

Pasod, fasod – injiq

Pinna – injiq, fitnachi fe’lli insonga (asosan ayol) nisbatan ishlatiladi

Poycho‘kir - xokisor, kamtar odam

Polpis – befarosat, besaranjom

Poson bo‘lish– bashang, ko‘rkam kiyinish

Pudash - puflash

Po‘taqari, ke(k)saqari - mahmadona bolakay

Samovar – choyxona

Sarofta - bozor-o‘char (sarfi haftadan kelib chiqqan)

Sepsilish - kamayish

Teva – tepa

Falon-pukun – falon-piston

Xopitish – cho‘milish

Xohladim - ZAGS

Xohlashgan - sevishgan (qiz bilan yigit)

Xutum – ichiqora, hasadgo‘y, fitnakash

Chuli-chuli – mayda-chuyda, hisobdan tashqarida, degani

Shapshak - sho‘x, shum

Enaxotin - mahmadona qizchalarni atashadi

Qir uchi – eng tepa joyi

Qirpi – tullak, pixini yorgan (asosan erkak)

Qo‘maqay - sut ko‘p emadigan do‘mboq go‘dak

G‘ishava – xarxasha, injiqlik

Hilqinmoq – birovning narsasiga yutinmoq, ko‘z olaytirmoq

Hovdir – hovliqma, dovdir

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан