Namanganda «kolgotki» taqqan bosqinchilar katta miqdordagi pul va tilla buyumlarni talon-toroj qildi

Namanganda «kolgotki» taqqan bosqinchilar katta miqdordagi pul va tilla buyumlarni talon-toroj qildi

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

2020 yilning 7 iyul kuni Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani IIBga tushgan xabar kelib tushgan.

Unga ko‘ra, shu kuni soat 3:00 larda «Buramatut» MFY, Yangiobod ko‘chasi uylarning biriga 4 nafar noma’lum shaxslar yuzlariga ayollar paypog‘ini niqob sifatida kiyib, uyning devor qismini buzish orqali kirib, temir bo‘lagi va oshxona pichog‘i bilan qurollanib, xonadonda bo‘lgan uy egasi, uning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlariga hujum qiladi. IIV huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, bosqinchilar uy egalarining qo‘l va oyoqlarini ip bilan bog‘lab, temir bo‘lagi bilan urib, tan jarohati yetkazib, pul berishni talab qiladi va xonadonda bo‘lgan 11.400 AQSh dollari, 100.000.000 so‘m naqd pullarni hamda 61.390.000 so‘mlik turli ko‘rinishdagi tilla buyumlarini bosqinchilik yo‘li bilan talon-toroj qilib, hodisa joyidan noma’lum tomonga yashirinadi.

Hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, holatni sinchiklab o‘rganib bir qator izlar va ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olingan.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Bu orada sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlanib uy egasi I.O‘.da badanida peshona suyagining ochiq sinishi, bosh miya to‘qimalarining lat yeyishi ko‘rinishidagi jarohatlar mavjudligi, turmush o‘rtog‘i M.X.da esa peshona va ensa sohasida ezilgan jarohatlar mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha noma’lum shaxslarga nisbatan 7 iyul kuni To‘raqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Olib borilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni 53 yoshli G‘.Q. 44 yoshli U.Yu., 29 yoshli J.T. va 35 yoshli Sh.T.lar sodir etilganligi aniqlanib, barchasi protsessual tartibla ushlangan.

O‘z navbatida G‘.Q.ning yashash manzilidan, tintuv davomida bitmagan xona devorining g‘ishtlari orasida 70.000.000 so‘m pul, 10.000 AQSh dollari hamda yerga ko‘mib qo‘yilgan tilla taqinchoqlar ashyoviy dalil tariqasida xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.