Namanganda SEOM mansabdorlari 250 million so‘mga yaqin byudjet mablag‘larini talon-toroj qildi​

Namanganda SEOM mansabdorlari 250 million so‘mga yaqin byudjet mablag‘larini talon-toroj qildi​

Bosh prokuratura matbuot xizmati Namangan viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazida sodir etilgan talon-torojliklar haqida ma’lumot berdi.​

Ma’lum qilinishicha, departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, viloyat Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari «F.B», «A.T» va «H.S» MChJlar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, 275,9 mln so‘m bo‘lgan «gipoxlorid kalsiy» dizenfeksiyalovchi vositalarni 524,8 mln so‘mga, ya’ni o‘rtacha bozor narxidan 248,9 mln so‘mga qimmat narxlarda sotib olishib, juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan markazning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SEOM mansabdor shaxslari xuddi shu yo‘l bilan Navoiy viloyatida 222,3 mln so‘m, Buxoro viloyatida 202,5 mln so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘larini talon-taroj qilgan edi.​