Namanganda ota-onadan qolgan merosni talashish mudhish yakun topdi. Aka o‘z ukasining xotini va bolalarini pichoqladi. Bu haqda «Zamon» informatsion dasturida ma’lum qilindi.

To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi Abdurashid A’zamov 2018 yildan beri ota-onasidan meros qolgan uy-joyning buzilishi natijasida qolgan qurilish materiallari va mablag‘ni ukasi bilan talashib keladi.

O‘sha kuni soat 23:00 lar atrofida spirtli ichimlik ta’sirida yana ukasi bilan gaplashib olish uchun uning xonadoniga boradi. Ukasi Baxtiyorning xotini Gulnora qaynakasining chaqiruviga javob berish uchun uning oldiga chiqib, eri uyda yo‘qligini aytadi.

Shunda bu gapdan jahli chiqqan Abdurashid A’zamov kelini Gulnora, jiyanlari Xolida va Gulnozaga yonida olib kelgan pichoq bilan jarohat yetkazadi. Olgan tan jarohatlari oqibatida Gulnora va Xolida shu vaqtning o‘zida halok bo‘ladi. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli Gulnozaning hayoti saqlab qolindi.

«Onamning bo‘ynidan qon oqib yerda yotardi. Amakim keyin opamga tashlandi. Opamni himoya qilmoqchi bo‘lib, ularga yaqinlashganimda menga ham pichoq bilan tashlanib ketdi. To‘qqiz joyimga pichoq bilan urdi», — deydi ushbu voqea guvohi Gulnoza.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Abdurashid A’zamovga sodir etgan jinoyati uchun 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.