Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Narxlar nega o‘smoqda?
28.09.2017 15:49,  
47

Yangi iqtisodiy voqelikda qanday yashash kerak? «Kommersant.uz» ekspert Yuliy Yusupovning bu boradagi fikrlarini keltiradi.

Avval taxmin qilganimdek, hukumat va Markaziy bank (MB) valyuta bozorini liberallashtirish kursini davom ettirdi: import tovarlariga bojlar sezilarli pasaytirildi, 1 oktyabrdan boshlab aholiga naqd valyutaning erkin sotilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, rastalardagi narxlar ancha ko‘tarilib qoldi. Buning sabablari bir qancha:

— Hukumat valyuta liberalizatsiyasini biroz cho‘zgani sababli yuzaga kelgan noaniq vaziyatda, yoz oylarida biznes faolligining susayishi kuzatildi. Biznes konvertatsiya kiritilishini kutib «qotib» qoldi. Natijada, ba’zi pozitsiyalar bo‘yicha tovar takliflari qisqardi. Qisqarish esa, tabiiy tarzda, narx o‘sishini yuzaga keltiradi.

— Bojxona to‘lovlari pasaytirilishi kechikkani sababli, sentyabrda import tovarlar yo eski stavkalarda bojxonadan o‘tkazildi (ya’ni, ikki barobarga oshgan rasmiy kurs bo‘yicha boj to‘landi) va, pirovardida, narxlar ko‘tarildi yoki va’da qilingan stavkalar pasayishini kutib, bojxonadan o‘tkazilmay to‘xtatib turildi (binobarin, bozordagi taklif qisqardi va narxlar ko‘tarildi).

— Ochiq-oydin va kishibilmas imtiyozlar tufayli bizda ko‘pgina bozorlar kuchli monopollashgan (bu haqda ko‘p bora yozganman). Imtiyozli konvertatsiyadan mahrum bo‘lgan, lekin bozordagi monopol mavqeini saqlab qolgan kompaniya, tabiiyki, «konvertatsiyaviy» daromadining o‘rnini narxni ko‘tarish orqali qoplash payida bo‘ladi. Bunga qarshi faqat bir yo‘l bilan – raqobatni rivojlantirish orqaligina kurashish mumkin. Buning uchun bozor ishtirokchilari uchun teng sharoitlarni ta’minlash (individual imtiyozlardan voz kechish), bozorga kirishdagi ma’muriy to‘siqlar (ruxsatnomalar, litsenziyalar, sertifikatlashtirish, standartlashtirish, kommunikatsiyalarga ulash, ba’zi kompaniyalarga alohida imtiyozlar berish, raqobatchilar bilan kurashda «ma’muriy resrus»dan foydalanish va sh.k.)ni bartaraf etish lozim.

— Hozircha inflyasiyaning tub sabablari – ortiqcha pul emissiyasi va davlat xarajatlari bartaraf etilmagan. Qolaversa, MB, aftidan, bozor kursini taxminan bir dollarga 8000 so‘m darajasida ushlab turib, ortiqcha dollarni xarid qilarkan, muomalaga qo‘shimcha so‘m chiqarmoqda. Avval aytganimdek, bu inflyasiyani yanada kuchaytirishi mumkin.

Fikrimcha, hukumat va MB inflyasiyaga qarshi kurashga yana ham ko‘proq kuch tashlashi kerak. Yaxshiki, endi MBda pul massasini ko‘paytirish uchun bozor vositalari paydo bo‘ldi. Ular to‘liq kuch bilan ishlashi uchun tijorat banklarining mustaqilligini kengaytirish va bank tarmog‘ida raqobatni rivojlantirish, aniqroq aytganda, bank islohotini o‘tkazish lozim.

Shuningdek, afsuski, odatiy bo‘lib qolgan narxlarni jilovlashning ma’muriy uslublari (tadbirkorni «tegishli joy»ga chorlab, narxni pasaytirishga majburlash)dan voz kechish juda muhim. Bunday ma’muriy choralar tanqislik, qora bozorning yuzaga kelishidan boshqa samara bermaydi, boz ustiga, ishlab chiqarish qisqaradi (biznes foyda keltirmayotgan ishlab chiqarishni to‘xtatadi), binobarin, kelgusida narxlar yana ham ko‘tariladi.

Barchamizdan – amaldorlardan ham, tadbirkorlar va oddiy fuqarolardan ham – yangi «o‘yin qoidalari»ga ko‘nikish talab etiladi. Biz bozor iqtisodiyotida yashashni boshlayapmiz, bu yerda:

— narxlar istalgan tomonga, kutilmagan tarzda o‘zgarishi mumkin va bundan vahimaga tushmaslik, g‘azabga minmaslik kerak;

— tovarlar va xizmatlar uchun, ular talab va taklif mutanosibligiga muvofiq qancha tursa, shuncha to‘lash lozim (bizga ma’qul narxda emas);

— tadbirkorlar bozor kon’yunkturasi o‘zgarishlariga moslashuvchan bo‘lishlariva qisqa muddatli maqsadlar (masalan, narxlarni keskin ko‘tarish orqali pul ishlab olish)dan tashqari, uzoq muddatli (obro‘ va ishonchga bog‘liq) maqsadlar ham borligini unutmasliklari kerak;

— amaldorlar, odatiy ma’muriy uslublar o‘rniga, ta’sir ko‘rsatishning bilvosita usullaridan foydalanishlari (buning uchun esa, yuqoriroq malakaga ega bo‘lish) talab etiladi;

— hukumat harakatlarining oldindan bilib bo‘lmasligi va tezkor emasligibiznes faolligi so‘nishiga va narxlar keskin ko‘tarilishiga olib keladi.

5 sentyabrdan boshlab biz yangi iqtisodiy voqelikda yashamoqdamiz – u «bozor iqtisodiyoti» deb ataladi va biz avvalda qo‘llab kelganimizdan mutlaqo farqli xatti-harakatlarni nazarda tutadi. Buni qanchalik tezroq anglasak, o‘zimiz uchun ham, iqtisodiyotimiz uchun ham shunchalik yaxshi bo‘ladi.

Bozor qonunlari bo‘yicha yashashni o‘rganaylik!

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан