Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Nobiometrik pasportlarning muddati tugashiga 19 kun qoldi: O‘zbekistondagi pasport tizimi tarixiga nazar
13.12.2019 01:44,  
1563

Toshkent shahar IIBB kecha alohida ogohlantirish bilan chiqib, 2019 yil oxirigacha eski namunadagi (nobiometrik) pasportlarni biometrik pasportga almashtirmaganlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasi, 1-qismiga ko‘ra 111 500 so‘mdan 669 000 so‘mgacha jarimaga tortilishini eslatdi.

Eski namunadagi (nobiometrik) pasport mustaqil O‘zbekiston tarixida joriy etilgan shaxsni tasdiqlovchi ilk hujjat bo‘lib, u 1992 yil 13 noyabrda Vazirlar Mahkamasining 533-son qarori bilan kuchga kirgan, qarorga mamlakatning sobiq prezidenti Islom Karimov imzo chekkan edi.

Ushbu qarorga ko‘ra, pasport blankasini tayyorlash uchun Germaniyaning “Gezike va Devriyent” firmasidan asbob-uskunalar olib kelingan; o‘sha paytgacha amalda bo‘lgan SSSR Ministrlar Sovetining “SSSRda pasport sistemasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 1974 yil 28 avgustdagi 677-son qarori bekor qilingan.

Mustaqil O‘zbekiston fuqarolariga yangi pasport berishning aniq muddati esa 2 yildan keyin, mamlakatning o‘sha kezdagi prezidenti Islom Karimovning 1994 yil 23 dekabrdagi PF-1027-son farmoni bilan belgilangan:

4. “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizom” amalga kiritilsin va 1995 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqarolariga pasportlar berish, shuningdek bosqichma-bosqich almashtirish ta’minlansin.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasportlarini almashtirish 2000 yilning 1 yanvarigacha nihoyasiga yetkazilsin.

Birinchi navbatda 16 yoshga to‘lgan, muddati o‘tib ketgan pasporti bo‘lgan, familiyasi, ismi-sharifini yoki millatini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan taqdirda, shuningdek pasportni yo‘qotgan va chet elga jo‘nab ketiladigan hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini berish ko‘zda tutilsin.

Demak, eski namunadagi (nobiometrik) pasport fuqarolarga 1995 yil 1 yanvar kunidan berila boshlagan. Ungacha esa SSSR davrida berilgan pasportlar (xalq tilida “qizil pasport”) amalda bo‘lgan.

2011 yil 5 yanvarda esa prezidentning yana bir, PF-4262-sonli farmoni bilan O‘zbekistonda biometrik pasport joriy etildi va eski namunadagi (nobiometrik) pasportning amal qilish muddati 2015 yil 31 dekabrida tugashi belgilab qo‘yildi.

Ushbu yangi shakl va ko‘rinishdagi pasportning eskisidan bir qator afzalliklari bor edi:

1. Biometrik pasportda eskisidan farqli ravishda pasport egasining surati uning varag‘idan bo‘rtib chiqib turmaydigan bo‘lib, aksincha, varaqning ichiga chop etish usulida kirg‘izib yuborildi. Bu esa uning qalbakilashtirilishiga qarshi yaxshi himoya bo‘ldi.

2. Biometrik pasportda betlar soni 32 tadan 36 taga oshdi, xorijga ko‘p safar qiluvchilar buning ahamiyatini yaxshi biladi.

3. Eski namunadagi pasport faqat 16 yoshdan boshlab berilar, undan kichik yoshdagi shaxslar (bolalar) xorijga chiqishi kerak bo‘lib qolsa, ularning 3x4 hajmdagi rasmi yoki ota-onasining, yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning pasportiga tikilib, ostiga ismi-sharifi yozilib, ustiga muhr urilib, keyin safar qilishga ruxsat berilar edi. Bu esa bunday tizimdan bexabar xorij mamlakatlari chegaralaridagi pasport nazorati bo‘limlarida muammo tug‘dirardi. Biometrik pasport esa yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ham beriladigan bo‘ldi – faqat 5 yil muddatga. Xorijga chiqishi kerak bo‘lgan bolalarning pasporti ular toki 16 yoshga to‘lgunga qadar har 5 yilda yangilab turiladi.

4. Eski namunadagi (nobiometrik) pasport tabiiy holatda insonga umri davomida 3 marta berilar-almashtirilardi: 16 yoshga to‘lganida, 25 yoshga to‘lganida va 45 yoshga to‘lganida. 45 yoshga to‘lgan fuqaroga pasport cheksiz muddatga (XXX) berilar, bu ham xorij davlatlarida ba’zi tushunmovchiliklarga sabab bo‘lardi. (Pasport yo‘qolganida, yaroqsiz holga kelganida va viza uchun mo‘ljallangan varaqlari to‘lib qolganida almashtirish, yangisini olish holatlari bundan mustasno). Biometrik pasport esa yuqorida aytganimizdek, agar zarur bo‘lsa bola tug‘ilganidanoq har 5 yilga beriladigan, 16 yoshdan keyin esa xalqaro standartga muvofiq har 10 yilda yangilab, almashtirib turiladigan bo‘ldi.

Biometrik pasport rasman joriy etilganida uni 2011 yilning ikkinchi yarmidan berish boshlanishi haqida aytilgandi. Ammo bu amaliyot faqat 2012 yil yanvaridagina boshlandi. 2014 yil 1 iyulidan boshlab esa xorijga chiqishni istagan fuqarolar faqat yangi biometrik pasport bilangina safar qilishlari mumkinligi haqidagi qoida kuchga kirdi.

Eski namunadagi pasportning amal qilish muddati 2015 yilning 31 dekabrida tugashi kerak edi. Biroq Davlat personallashtirish xizmatining tuman IIBlari qoshidagi bo‘limlari 2012-2015 yillar davomida O‘zbekistonning pasport yoshidagi fuqarolariga to‘liq ravishda yangi biometrik pasportni berib ulgurmadi. Har bir tuman “pasport stoli”da kuniga 150 nafargacha fuqaroga pasport berilganiga qaramay o‘sha paytda hamon bir necha hafta (viloyatlarda esa bir necha oy) keyinga pasport olish uchun yozilgan navbatlar mavjud edi.

2015 yil 6 noyabr kuni “Ozodlik radiosi” saytida “nobiometrik pasportlarning amal qilish muddati kamida 2016 yilning 31 dekabriga qadar cho‘zilishi, chunki aholining 40%i hali yangi pasport olishga ulgurmagani” haqida ma’lumot chiqdi. Ammo 2015 yil 10 noyabrda Kun.Uz nashriga intervyu bergan Chilonzor tumani IIB Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimlari “Unday gap yo‘q, ko‘rib turibsiz, odamlar yangi biometrik pasport olish uchun hujjatlarni bir kunning o‘zida rasmiylashtirib ketishyapti, 2015 yilning 31 dekabrigacha barcha biometrik pasport olishga ulgurishi mumkin”, deya yuqoridagi xabarni rad etdi.

Lekin oxir-oqibatda “Ozodlik” haq bo‘lib chiqdi: 1) avvalo 2019 yil noyabrining ikkinchi yarmida ijtimoiy tarmoqlarda "Toshkentning Olmazor tumanida keyingi yil yanvar oyi oxiriga navbat tarqatilyapti. Bu yilga navbat tugabdi", degan izohlar paydo bo‘ldi. Agar bu ma’lumotga tayanilsa, 2015 yil oxirigacha barcha fuqarolar yangi biometrik pasport olishining mutlaqo imkoni yo‘q – chunki O‘zbekistonda ilk biometrik pasportlar aynan shu, Olmazor tumanida berib boshlangani uchun boshqa hududlar haqida gapirishga hojat ham yo‘q edi; 2) 2015 yil 19 dekabrda esa eski namunadagi (nobiometrik) pasportni yangisiga almashtirish muhlati avval ishora qilinganidek 2016 yil 31 dekabrgacha emas, naq 2,5 yil keyin – 2018 yil 1 iyulgacha kechiktirildi.

2018 yil may oyida mobil telefonlarga Ichki Ishlar Vazirligidan matnli ogohlantirishlar kela boshladi: “Hurmatli fuqaro, eski namunadagi (nobiometrik) pasportning amal qilish muddati 2018 yil 30 iyunda tugaydi. Jarima to‘lamaslik uchun o‘z vaqtida biometrik pasport olishingizni so‘raymiz”.

Ammo 2018 yilning 5 iyulida axborot nashrlari Adliya vazirligining Telegramdagi “Huquqiy axborot” kanaliga tayanib, yangi xabar tarqatdi: “Eski pasportlarni biometrigiga almashtirish muddati 2019 yil 31 dekabrga qadar davom etadi”. Shu tarzda bu jarayon yana 1,5 yilga cho‘zildi. Sabab o‘sha-o‘sha: O‘zbekiston aholisi so‘nggi 2,5 yilda ham to‘liq ravishda biometrik pasport olib ulgurmadi.

Orada 2019 yil 1 yanvarda eski namunadagi (nobiometrik) va biometrik pasportlarga yopishtiriladigan “dunyoning barcha mamlakatlariga chiqish uchun” ruxsat beruvchi stiker (xalq tilida “OVIR”) bekor qilinib, uning o‘rniga 48 betli, qizil rangli, 10 yil muddatga beriladigan (16 yosh va undan kattalarga berish shartlari biometrik pasportniki bilan bir xil) xorijga chiqish pasporti joriy etildi. Ta’kidlash kerakki, ayni pasportni joriy etish ilg‘or qadam bo‘ldi, uni olish uchun talab qilinadigan hujjatlar soni ham keskin kamaytirildi. 2019 yil 22 may kuni xorijga chiqish pasportini olish uchun topshiriladigan ariza-anketaning yangi shakli tasdiqlandi. Unga ko‘ra endi avvalgidek 4 varaqni egallgan 16 ta band o‘rniga, atigi 1 varaqqa sig‘dirilgan 11 ta bandni to‘ldirish kifoya qiladigan bo‘ldi. Bundan tashqari, shu 1 varaq ariza-anketa fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarining o‘zida to‘ldiriladigan, avvalgidek mahalla idorasi, ish joyi yoki boshqa rasmiy idoralardan uni tasdiqlab, muhr bostirib kelish talab qilinmaydigan bo‘ldi.

Yuqorida O‘zbekistondagi pasport tizimi tarixiga qisqacha nazar tashladik. Shu o‘rinda yana eslatib o‘tamiz: eski namunadagi (nobiometrik) pasportni biometrik pasportga almashtirish muddati tugashiga 19 kun qoldi. Bu safar muddat yana cho‘zilishiga asos yo‘qdek. Shuning uchun o‘zingiz yoki yaqinlaringiz haligacha eski pasportni yangisiga almashtirishga ulgurmagan bo‘lsangiz, shu kunlarda harakat qilib qoling. Zero, buning uchun to‘lanadigan jarimani yangi biometrik va xorijga chiqish pasporti uchun to‘lov qilib, o‘z foydangizga ishlatsangiz bo‘ladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан