Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbek tili – xalqniki, rus tili – davlatniki
21.10.2017 18:48,  
150

2 sentyabr kuni O‘zbekiston xalqi uzoq kutgan hodisa yuz berdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Farmonning rus tilidagi matni 3 sentyabr kuni president.uz saytiga joylandi. Lex.uz portaliga esa yangi farmon matni haligacha qo‘yilmadi.

O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarish va qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor bo‘lishni istagan fuqaro sifatida bunga befarq bo‘lmadim. Yangi farmonni o‘z ona tilim va davlat tili hisoblanmish o‘zbek tilida o‘qigim keldi. Lex.uz va uza.uz saytlaridan farmon matnini topa olmagach, president.uz saytini ko‘zdan kechirdim. «Farmonlar» degan bo‘limda 28 avgust kuni imzolangan farmon turibdi. Uchchala saytni titkilay-titkilay, ochig‘i, charchadim.

President.uz saytining rus tilidagi versiyasida farmonning rus tilidagi matni va prezident yangi farmonni imzolagani haqida xabar turibdi (O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, «Xalq so‘zi» gazetasi va prezident rasmiy saytining o‘zbek tilidagi versiyasida yangi farmon imzolangani to‘g‘risida xabar ham berilmagan). Farmon to‘g‘risida o‘zbek tilidagi norasmiy axborot saytlari yozdi. Yangi farmon haqidagi xabarda esa president.uz saytidagi rus tilidagi xabarga havola berishdi.

O‘zimni xuddi SSRI davrida yashayotgandek his qildim.

O‘zbekiston prezidenti farmoni faqat rus tilida e’lon qilinsa va bu haqida o‘zbek tilidagi rasmiy axborot manbalari xabar bermasa.

Xususiy nashrlar esa farmonni rus tilidagi matndan o‘zbek tiliga o‘zlari tarjima qilib olsa.

Va bu voqea O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligi tantanali nishonlangandan ikki kun o‘tib sodir bo‘lsa.

Naqadar ayanchli manzara.

Bosh qomusimizning 4-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir», deb yozib qo‘yilganini hamma yaxshi biladi.

Yaqinda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 28 yil to‘ladi. 28 yil davomida tilimiz davlat tili darajasiga chiqa olmaganini qanday tushunish mumkin? Yoki yangi farmon faqatgina rusiyzabon aholi uchun taalluqlimi? Rus tilini bilmaydigan aholi prezident farmoni haqida axborot olishga haqqi yo‘qmi?

Vaholanki, «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunning 8-moddasi birinchi qismida quyidagilar bitilgan: «O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari  davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi.»

Ya’ni prezident farmoni, avvalo, o‘zbek tilida tayyorlanishi va e’lon qilinishi lozim. Rasmiy nashrlarda uning boshqa tillardagi, xususan, rus tilidagi tarjimasi berilishi kerak. Nima uchun farmon matnini tayyorlashga mas’ul kishilar davlat tiliga va O‘zbekiston Respublikasi qonuniga nisbatan mas’uliyatsizlik bilan yondoshishdi? Farmonning o‘zbek tilidagi matnini tayyorlash va uni matbuotda e’lon qilish mushkul vazifamidi?

Ehtimol, bu prezident devonidagi ayrim mulozimlarning e’tiborsizligi va o‘z vazifasiga nisbatan javobgarlik hissini tuymagani oqibatidir. Bu yerda, avvalo, fuqarolarning davlat tilida axborot olish huquqlari buzilmoqda. Boshqa tomondan esa norasmiy axborot manbalari farmonni o‘zbek tiliga o‘girishda xatolikka yo‘l qo‘yishi yoki noto‘g‘ri jumlani tanlashi mumkinligi, natijada esa prezident farmoni noto‘g‘ri tushunilishi va xato talqin qilinishi mumkin.

Afsuski, prezident chiqargan normativ hujjatlarning faqat rus tilida e’lon qilinishi birinchi marta sodir bo‘lishi emas. 21 avgust sanasidan beri president.uz saytida jami 25 ta normativ hujjat, jumladan, 8 ta farmon va 17 ta qarorning imzolangani to‘g‘risida xabar berilgani holda, faqatgina 12 ta hujjat matni (6 ta farmon va 6 ta qaror) o‘zbek tilida e’lon qilingan. Qolgan 13 ta normativ hujjat imzolangani haqida faqat rus tilida axborot berilgan.

Lekin mazkur hujjatlarning o‘zbekcha matnini hech kim surishtirib o‘tirmaydi. Chunki ularning ijrosini ta’minlashga mas’ul davlat tashkilotlari «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunga zid ravishda rus tilida ish yuritishga o‘rganib qolgan. Vazirliklarning ichki buyruq va rasmiy xatlari ko‘pincha rus tilida tayyorlanadi. Juda lozim topilsagina o‘zbek tiliga tarjima qilinadi.

Shu yerda qiziq bir fakt. AQSh degan mamlakatda rasmiy davlat tili degan tushuncha yo‘q. «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinmaganiga qaramasdan, ko‘pmillatli Amerikada bir necha asrdan beri m’yoriy hujjatlar faqat ingliz tilida qabul qilinadi. AQSh prezidenti mamlakat tarixida faqat bir marta ingliz tilida bo‘lmagan hujjatga imzo chekkan.

1794 yilda AQSh hamda Usmonli turklar davlati o‘rtasida Amerika savdo kemalarining musulmon davlati dengiz hududlarida xavfsiz harakatlanishini kafolatlovchi kelishuv matni arab tilida yozilgan. Bitimga ko‘ra hali harbiy jihatdan kuchsiz bo‘lgan AQSh davlati Usmonli imperiyasiga 12 ming dollarga teng to‘lovni oltin bilan to‘lagan.

O‘z vaqtida Oliy Kengash «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilishi mustaqillik uchun tashlangan muhim qadam bo‘lgan edi. Mazkur hujjat bugungi kungacha huquqiy qiymatini yo‘qotmagan eng keksa qonun hisoblanadi. Ammo 28 yildan beri bu qonunga birov amal qilay demaydi.

Har yili 21 oktyabr sanasi arafasida til masalasi ommaviy axborot vositalarini aylanib chiqadi, o‘quv muassasalarida til bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi, Alisher Navoiy, Bobur, Ogahiy asarlari maqtaladi, she’r va g‘azallar mutolaa qilinadi, mushoiralar o‘tkaziladi, o‘zbek tilining naqadar boyligi haqida ma’ruzalar qilinadi, Abdulla Oripovning «Ona tilim» she’ri baralla o‘qiladi.

Faxrlanib ketasan...

Oktyabr tugashi bilan til masalasi hammaning yodidan ko‘tariladi. Hech kim qonunga amal qilish haqida bosh qotirmaydi. Ko‘chadagi reklamayu bannerlarda e’lonlar ruscha yozilishiga ko‘nikib ketganmiz. Jurnalistlar har zamonda buni tanqid qilib qo‘yishadi. Ammo vaziyat o‘zgarmaydi.

Sababi oddiy. Muammoning ildizi pastda emas, yuqorida. Muammo qonun ijrosini ta’minlashi kerak bo‘lgan tashkilotlarning o‘zi bu qonunga amal qilmayotganida. Qachonki yuqori darajali ijro organlari to‘liq o‘zbek tilida ish yuritishga o‘tsa, ana o‘shanda mamlakat aholisining 90 foizi prezident farmonlarining davlat tilidagi tarjimasi chiqishini kutib o‘tirishga majbur bo‘lmaydi.

Ammo ungacha hali ko‘p kutishimizga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi.

Izoh: Maqola 4 sentyabr kuni yozilgan. «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonning o‘zbekcha matni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytiga bir kun kechikib, 4 sentyabr kuni soat 18:35 da qo‘yildi hamda «Xalq so‘zi» gazetasining 5 sentyabr sonida e’lon qilindi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан