Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonda havoning isish sur’atlari global miqyosdan ikki barobar yuqoriroq ekanligi ma’lum qilindi
13.06.2019 14:24,  
29

Issiqxona gazlarining konsentratsiyasi yuqoriligi natijasida 1890 yildan buyon Toshkentdagi o‘rtacha harorat 1,7 foizga oshib, umumjahon ko‘rsatkichdan sezilarli daraja ko‘rsatkich qayd etildi. Havoning ifloslanishi va issiqxona gazlarining chiqarilishida energetika, transport, chorvachilik va Orol inqirozi katta rol o‘ynamoqda. Bu haqda 4 iyun Jahon atrof-muhit kuniga bag‘ishlangan anjumanda ma’lum qilindi.

Havoni eng ko‘p ifloslantirayotgan manbalardan biri, bu — energetika sohasidir. Ko‘mirli elektr stansiyalar va dizelli generatorlar salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Sanoat va transport ham global isishning asosiy sabablaridan biri. O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi issiqxona gazlar miqdoridagi ulushi ikki barobarga kamaygan bo‘lsa ham, dunyo miqyosida atmosferaning zaharlanish darajasi 50 foizdan ko‘proqqa oshgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda isish sur’atlari global miqyosdagi o‘rtacha sur’atlardan oshmoqda. Butun dunyoda 1890 yildan 2010 yilga qadar global harorat 0,7 darajagacha oshgan bo‘lsa, Toshkentda 1,7 darajaga ko‘tarilgan, deya ma’lum qildi O‘zgidromet huzuridagi ifloslanish manbalari monitoringi laboratoriyasi boshlig‘i Olga Belorussova.

O‘zgidromet kuzatuvlariga ko‘ra, butun respublika bo‘yicha ham havo haroratining o‘rtacha ko‘rsatkichi ko‘tarilmoqda. So‘nggi 60 yil davomida butun respublikada, ayniqsa markaziy hududda 40 darajadan yuqori harorat kuzatilgan kunlar soni oshgan.

Bugungi kunda mamlakatda 2 mln donadan ziyod avtotransport ro‘yxatga olingan. Ularning 44 foizi benzin, 15 foizi — dizel yonilg‘isi va 41 foizi — gaz yonilg‘isida harakatlanadi. Transport vositalari chiqarayotgan atmosfera gazlarining qariyb 91 foizi avtotransportlar hissasiga to‘g‘ri keladi, dedi BMTTDning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mutaxassisi Ra’no Boyxonova.

Milliy darajada O‘zbekistonda avtotransport — atmosfera havosini ifloslantiruvchi barcha manbalarning 60 foizini tashkil etadi. Bu rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda belgilangan standart ko‘rsatkichlardan uch barobar ko‘p demakdir.

Havoni jiddiy ravishda ifloslantirayotgan manbalardan yana biri — zaharli tuz va chang bo‘ronlari o‘chog‘i hisoblangan Orolqum cho‘lidir. Orolqum cho‘lidan ko‘tarilgan chang zarralari O‘zbekistondan uzoq masofalarda ham aniqlanmoqda, dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Helena Freyzer. Mutaxassis BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ifloslantiruvchilar hajmiga soliq joriy etish, qazilma yonilg‘ilar uchun subsidiyalarni bekor qilish, yashil iqtisodiyotga o‘tish va 2020 yilgacha ko‘mir shaxtalari qurilishini to‘xtatish zarurligini ma’lum qilganini eslatib o‘tdi.

«Zararli ishlab chiqaruvchilar atrofidagi sanitar hududda og‘ir metallarni yutuvchi va havoni tozalovchi o‘simliklar o‘sishi lozim. Karerlar atrofida juda ko‘p yerlar buzilgan. Chang zararli moddalarni olib keladi. Shuning uchun har bir korxona o‘z xatolarini bartaraf etishi va biologik rekultivatsiya o‘tkazishi kerak», — deya ta’kidladi Milliy universitetning ekologiya kafedrasi professori To‘ra Rahimova.

Ra’no Boyxona Toshkentda elektr transportini joriy etish muhimligini ta’kidlab o‘tdi. Bu hozirda ishlab chiqilayotgan 2019−2025 yillarda transportni rivojlantirish konsepsiyasida o‘z aksini topgan. Loyiha doirasida jamoat transporti yo‘nalishlar tarmog‘ini optimallashtirish, jamoat transporti uchun alohida yo‘laklarni ajratish, veloyo‘laklar va yashil zonalarni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

1950-yillardan buyon kuzatilayotgan ko‘plab iqlimiy o‘zgarishlar ming yilliklar miqyosida olganda juda beqiyos hisoblanadi. 1880 yildan beri yer usti haroratining 1,1 darajaga oshishi natijasida atmosfera va okeanlar harorati, qor va muzlarning erishida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Dengiz sathi qariyb 9 sm ga ko‘tarildi. 2014 yildan beri har bir yil butun kuzatuvlar davri bo‘yicha eng issiq yil bo‘lmoqda, dedi Olga Belorussova.

U bugungi kunda mamlakatlarning havo ifloslanishidan ko‘rayotgan yo‘qotishlari har yili 5 trln dollarni tashkil etayotganini qo‘shimcha qildi. Iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi uchun salbiy oqibatlarni olib kelmoqda. Haroratning oshishi kasallikka chalinish darajasining o‘sishi, kasalliklarga qarshi kurashuvchanlikning pasayishi va qurg‘oqchilikka olib kelmoqda, oziq-ovqat xavfsizligini ham xavf ostiga qo‘ymoqda. Sel, ko‘chki, qurg‘oqchilik kabi favqulodda ekologik hodisalar soni oshdi. Natijada ularga qarshi kurashish, tayyorgarlik ko‘rish va oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan moliyaviy xarajatlar ortmoqda.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан