Odamlarning boshpanasi bo‘lsa, o‘zi harakat qilib, ro‘zg‘orini oyoqqa qo‘yib oladi – Prezident

Odamlarning boshpanasi bo‘lsa, o‘zi harakat qilib, ro‘zg‘orini oyoqqa qo‘yib oladi – Prezident

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi yangi uy-joylarni borib ko‘rdi. Xonadonlardan birida bo‘lib, oila bilan suhbatlashdi.

Ma’lum qilinishcha, bu hududda qo‘shimcha turar joylar qurish bo‘yicha topshiriq asosida yigirmata 7 qavatli, ikkita 16 qavatli uy barpo etilgan.

Foto: president.uz

“Uylar jahon standartlari asosida yaxlit temir-betondan zilzilaga bardoshli qilib qurilgan. Binoning tashqi devorlari energotejamkor bazalt materiali bilan qoplangan. Internet tarmog‘i, videokuzatuv uskunalari o‘rnatilgan. Jihozlash ishlari mart oyida yakunlanib, aholiga tayyor holda topshirildi.
Mazkur uylar hovlisida dam olish va sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, avtoturargoh barpo etilgan.

Foto: president.uz

Ma’lumki, Andijon aholi zichligi eng yuqori hududlardan biri. Bu yangi uylarda shuncha maydondagi boshqa loyihalarga nisbatan 2 barobar ko‘p xonadonlar joylashgani mahalliy sharoit uchun juda muhim. Shu bois xonadonlarning narxi ham hamyonbop,“ — deyiladi xabarda.

Foto: president.uz

Aholini turar joylar bilan ta’minlashni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

– Kambag‘allikdan chiqishning eng asosiy zamini – uy-joy. Odamlarning boshpanasi bo‘lsa, o‘zi harakat qilib, ro‘zg‘orini oyoqqa qo‘yib oladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tumanlardagi aholi zich joylarga ham kommunikatsiya olib borib, barcha sharoitlarga ega ko‘p qavatli uylar qurish, zamonaviy qishloqlar bunyod etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.