O‘lgan qarindoshini tiriltirishni talab qilib, shifokorlarni do‘pposlaganlarga chora ko‘riladi

O‘lgan qarindoshini tiriltirishni talab qilib, shifokorlarni do‘pposlaganlarga chora ko‘riladi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida “Tez yordam” shifokorlariga tajovuz qilganlarga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi.

IIBB xabariga ko‘ra, bemorning qarindoshlari shifokorlarni do‘pposlagan so‘ng voqea joyiga Toshkent shahar Shayxontohur tuman prokuraturasi tergovchisi va tergov tezkor guruhi yetib kelgan.

Tergov tezkor guruhi tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, shu kunning o‘zida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

“Respublika sud tibbiyot ekspertizasi ilmiy amaliy markazi Toshkent shahar filiali Yashnobod tuman punkti tanatalogiya bo‘limining 26 sentyabr kunidagi xulosasiga ko‘ra, o‘tkir nafas va yurak qon tomir yetishmovchiligi, bosh miya va o‘pkalar shishi hamda noma’lum etiologiyali zaharlanish A.A.ning o‘limiga sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan”, -deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Toshkent shahar Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yashnaobod tumanida bemorning uch nafar qarindoshi shifokorlarni ayovsiz do‘pposlagani xabar qilingan edi. “Tez yordam” shifokorlari bemor A.A.ni ko‘rikdan o‘tkazganida u vafot etgani ma’lum bo‘ladi. Biroq, bemorning yaqinlari shifokorlardan bemorga ukol qilish, reanimatsiya yordami ko‘rsatishni talab qilashadi. Shifokorlar ularga bu foydasiz ekanini tushuntirishiga qaramasdan, bemorning yaqinlari tibbiyot xodimlariga tahdid qilishda davom etadi. Natija ikki shifokor do‘pposlanib, og‘ir ahvolda shifoxonaga tushadi.