Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“O‘rikmi” yo “abrikos”? Birovning og‘ziga qarab o‘tirmaslik haqida
28.04.2020 03:54,  
1216

Bizning dehqon, meva sotuvchi va hokazolar ko‘pincha, biror mevaning naviga nom berayotganda bir-birlariga qarab, kim nima desa shunga binoan, nom qo‘yib yuboraverishadi. Va bu ommalashib ketadi.

Ba’zan, uzum donasining qayeridadir uchta chiziq ko‘rinsa, unga "mers" deb, biror don mahsuloti uzun va ingichka bo‘lsa, unga lazer degan ajoyib nomlar ham beriladi. Vaholanki, birinchisi, olmon avtomobil markasi bo‘lsa, ikkinchisi juda ham ilmiy atama bo‘lib, o‘zi ham bir nechta so‘zlarning bosh harfidan tashkil topgan akronimlardan hisoblanadi. (Laser: light amplification by stimulated emission of radiation).

Oloy bozorida mevalarning eng sara, eng sifatli va yiriklari sotiladi. Mazkur bozor kontingenti ko‘proq rusiyzabonlardan iborat.

Odamlar o‘rikni "abrikos" deyishadi. U yerdagi o‘riklar ham boshqa mevalar kabi eng sarxil, yirik va bo‘lali bo‘ladi. Ayrim olibsotar, bog‘bon va hokazolar "abrikos" deganda aynan o‘rik emas balki, o‘rikning shunday yirik turiga aytilar ekan degan fikrga borib qolishgan. Va mana shu yanglish fikr bilan boshqa bozorlarda yirik o‘riklarnigina "abrikos" deb ataydigan bo‘lishdi. Bu bir g‘alat mashhur sifatida tilimizga kirib qoldi yaqindan beri.

Bir kuni Chorsudan bozor qilayotgandim. O‘riklarga gal keldi. O‘zimga yoqqan yirik va sifatli o‘riklarga ishora qilib, "o‘riklar necha puldan?", desam sotuvchi xuddi bilmas ekan, degandek, ustimdan kulib "oka, bu o‘rik emas. Bu abrikos!..", dedi. Yonidagilar ham kulishdi.

Ha, shunaqami, o‘rik qani bo‘lmasa, dedim, o‘zimni go‘llikka solib. "O‘rik mana!", deya ensasini qotirib, boshqa qutilardagi mayda o‘riklarni ko‘rsatdi.

"Tushunmadim. Bu o‘rikmasmi hali? Unda nima bu?!", dedim, qiziqarli suhbatni davom ettirish uchun. "Ok-a-a, bu o‘rikmas. Bu abrikos dedim-ku!.. Nima siz mevalarni ajratolmaysizmi?!", deya uqalolik qila boshladi.

"Yo‘g‘ey, buning o‘rik emas "abrikos"ligini qayerdan bildingiz?!", dedim. Shu payt,"oka, umrizda alayskiyga borganmisiz?", deb qoldi. "Ha, borganman, haliyam borib turaman", dedim. "Alayskiyda hamma shu mevani "abrikos", deydi, bildizmi?! Buni o‘rik demaydi, hech kim". "Hamma biladiyu buni abrikosligini, neujeli bilmisiz?! O‘rik-o‘rik, deysiz yana, boyattan beri?!", deb qo‘shib ham qo‘ydi.

"Ha-a, bo‘ldi, tushundim. Bu abrikos, mana bu o‘rik ekan", deb qo‘ydim.

Birinchi o‘rinda tilimizni o‘ldirayotganlar, o‘zimiz bo‘lamiz. Agar o‘z tilimizga sohib chiqib, uni rivojlantirib, imkoniyat doirasini kengaytirishga harakat qilsak, hech kim chetdan kelib majburan o‘z tilini o‘tkazolmaydi.

Meva, sabzavotni o‘zbek dehqon yetishtiryapti. Uning nomini o‘rislar majburan qo‘yib bermayapti. Lekin, uning naviga nom berishda, hamma og‘ziga kelganiniyu qulog‘iga eshitilganini qo‘yib olyapti.

Bu bir ancha beridagi soha xolos. Boshqa muhimroq sohalarda ham birovlarning og‘ziga qarab, o‘tirsak, albatta, tilimizni qo‘ldan boy beramiz.

Oddiy vikipediyani olaylik. Rus, turk, ingliz va boshqa millatlar unga ko‘ngilli ravishda ma’lumotlar kiritib, mukammal tarjimalar qilib, tahrirlab, mehnat sarflaydilar. O‘zbek tilidagi ma’lumotlar esa o‘ta qisqa, o‘ta kamyob, xatolarga to‘la va yakkam-dukkam bo‘ladi.

Universitetlarimizda birinchi blok fanlaridan qo‘llanmalar yetishmovchiligi mavjud. Borlari ham bir paytlar chiqqan ruscha kitoblardan yumaloq-yostiq tarjima qilib, chiqarib yuborilgan. Tarjima qilgan odamlar, yoki mazkur fanlardan dars beruvchilarning ko‘pchiligi esa o‘z fanini yaxshi bilmaydi.

Ba’zilari, masalan, birinchi darsda ochiq aytadi ham: "bizani paytimizda bunaqa fan bo‘masdi. Manga kafedrada etishuvdi shundan dars bering(!) deb, yo‘q diyomadim. Man hozi sila uchun bir amallab qo‘llanma topib, o‘shandan konspekt qildirvomman. U kitob o‘zi bir marta chiqib, keyin tipografiyasi yonib ketgan. Tak shto, mandan so‘ramela, bizagayam berin, deb. Man yozdiraman. O‘shandan o‘rganasila. Shunichun, darsga kelila, xommi?!.. Kemasela, keyin bu ma’lumotlani hich qattan topomisila!!! Keyin yurasila ketimdan yugurib".

Ba’zilar, kitobda yo‘q narsani bera olmaydi. Kitobda kechgan turli xil ilmiy terminlarning ma’nosini tushuntirib bera olmaydi. Savol bersangiz, noto‘g‘ri javob olasiz.

Agar mavzu bo‘yicha o‘qituvchingiz o‘rgatmagan, u bilmaydigan yangi ma’lumotlarni topsangiz, bu unga yoqmaydi. Faqat 80 minut davomida konspekt yozdirib, seminarda o‘shanigina gapirib berishingizni xohlaydi.

Talaba falsafani o‘qiydi, tushunmasdan, o‘zini tushundim deb o‘ylab. Sotsiologiyani o‘qiydi, tushunmasdan. Psixolingvistikani o‘qiydi, tushunmasdan. Yana bir suruv gumanitar fanlar shu tariqa, yumaloq-yostiq bo‘lib o‘qiladi. Keyin qarabsizki, ilm kerak bo‘lgan talaba keyingi yil rus guruhga o‘tib ketadi. Chunki, ularning o‘qituvchilari zamon bilan hamnafas yuradi. O‘z ustida ishlaydi. Talabadan ko‘proq biladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан