Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Orol dengizida qirilib ketgan bakra baliqlar taqdiri takrorlanishi mumkinmi?
15.06.2020 21:25,  
2097

XX asrning birinchi yarmi... Hali Orol dengizining qurishini hech kim tasavvur qilmagan paytlar... Orol dengizidan mintaqaning endemigi hisoblangan Orol bahrisi (Acipenser nudiventris) yoki shunchaki bakra deb nomlangan baliqdan har yili bir necha yuz tonnalab ovlanar edi. Masalan, 1929 yili 347,2 tonna, 1936 yili 620,8 tonna baliq ovlangan. Bitta bakra o‘rtacha 13-20 kg ekanligini hisobga olsak, har yili 31 000 - 47 000 tagacha baliq ovlangan.

1933-1934 yillarda Kaspiy dengizidan sevryuga (Acipenser stellatus) balig‘i Orol dengiziga olib kelib iqlimlashtiriladi. Lekin bu baliqlar Orol dengizi suviga moslasha olmaydi va ko‘p o‘tmay o‘lib ketadi. Lekin bu baliq o‘zi bilan birga Nitzschia sturionis degan jabra parazitini olib kelgan edi. Sevryuganing o‘zi bu parazit bilan ming yillardan beri birga yashagani bois o‘zaro bir-biriga moslashib ketgan. Biroq bakra uchun bu mutlaqo yangi parazit edi. Sevryugalar o‘lib ketgan bo‘lsa ham, ularning jabrasida kelgan parazitlar o‘lib ketmaydi, ular o‘zlariga yangi xo‘jayib topishadi. Ha, adashmadingiz, bakralar yangi xo‘jayin vazifasini o‘taydi.

Natijada oradan ikki yil o‘tib 1936 yilga kelib Orol dengizida bakralarning ommaviy tarzda halok bo‘lishi kuzatiladi. Shu vaqtgacha katta daromad olib kelayotgan baliqlar butun dengiz bo‘ylab birdaniga halok bo‘lishni boshlaydi. Oqibatda bakra ovlanishiga taqiq qo‘yiladi. Bu taqiq 1962 yilga kelibgina qisman olib tashlanadi, lekin bu davrga kelganda Orol dengizi ham chekinishni boshlagan edi. 1983 yilda bakra ovlanishiga qaytadan butunlay taqiq o‘rnatiladi. Dengiz esa shiddat bilan qurishda davom etadi. 1996 yilga kelib osyotrsimon baliqlar bo‘yicha xalqaro komissiya bakra baliqlarning Orol populyasiyasi Yer yuzidan butunlay qirilib ketganini rasman e’lon qiladi. Shunday qilib butun boshli bir tur o‘zining kelib chiqish markazida yo‘qlikka singib ketadi.

Bu gaplarni nega yozyapman. Bugun kun.uz‘da Toshkent viloyatidagi Pskem daryosida losossimonlarga mansub qimmatbaho baliqlarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanadigan «SALMONIDAE» nomli fermer xo‘jaligi haqida maqola chiqqan ekan. Unda bu tadbirkor shunday noyob baliqlarni olib kelib ko‘paytiraman deganida qandaydir qarshiliklar bo‘lgani, viloyat hokimi esa uning muammosini hal qilib bergani haqida yozilgan. Yashasin, bizga ana shunday noyob, qimmatbaho baliq turlarini ko‘paytirib, bozorga import narxdan arzonroq chiqarib sotadigan tadbirkorlar kerak. 

Lekin bu yangi baliq turlarini bizning suv havzalarimizga hech qanday tekshiruvsiz, ilmiy o‘rganmasdan turib olib kelish qanchalik to‘g‘ri bo‘lar ekan? Bu ishdan Respublika ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining xabari bormi? Tadbirkorlar qaysidir baliq turini olib kelishdan avval Fanlar akademiyasi qoshidagi Zoologiya institutidan ilmiy tomondan ruxsat olishganmi? (Institutdagilar bilan bog‘lanib shu haqida so‘rasam ulardan hech qanday xulosa olinmaganini aytishdi).

Bilaman, losossimon baliqlar qimmatbaho baliq turlari hisoblanadi, lekin iqtisodiy foydasi bo‘lmasada, boshqalarning ko‘ziga mayda-chuyda ko‘rinadigan mahalliy baliq turlari bizning biologik boyligimiz hisoblanadi. O‘zbekiston 1995 yilda "Biologik xilma-xillik to‘g‘risida"gi Xalqaro konvensiyaga qo‘shilgan. Bu degani u o‘z hududidagi barcha biologik turlarni himoya qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Yangi turlarni mamlakat hududiga olib kirishdan avval ilmiy asosda o‘rganish, ularning mahalliy baliq turlariga xavf darajasini baholash juda-juda ham muhim. Aks holatda bakraning taqdiri boshqa mahalliy baliq turlarida takrorlanmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi.

Mutasaddilardan ushbu masalaga munosabat kutib qolamiz.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан