Ovqatlanish joylariga qo‘yilgan cheklov olib tashlandi

Ovqatlanish joylariga qo‘yilgan cheklov olib tashlandi

SSV Matbuot xizmati xabar berishicha, ko‘p sonli tadbirkorlarning iltimos va murojaatlarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiya yig‘ilishida umumiy ovqatlanish ob’yektlari faoliyati uchun belgilangan cheklovlarni yumshatish masalasi muhokama qilindi. 

Unga ko‘ra, 2021 yil 10 avgustdan e’tiboran: 

 

— umumiy ovqatlanish ob’yektlari: restoran, kafe, oshxona va choyxonalarning ishchi va xodimlari (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lgan taqdirda, ularga nisbatan soat 8:00 dan 20:00 gacha hamda faqat ochiq havoda faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari tatbiq etilmasligi belgilandi.

Bunda umumiy ovqatlanish ob’yektlariga koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritish tavsiya etiladi. (Salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno);

— 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sub’yektlarining ishchi va xodimlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmagan taqdirda, ularning faoliyat ko‘rsatishi vaqtinchalik to‘xtatiladi.