Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbek tilidan sinov tizimi nima? U nega kerak?
2.11.2019 14:41,  
647

O‘zbek tilining Davlat tili ekani unda davlat ishlari yuritilishi bilan yuzaga chiqadi.

Barcha hujjat ishlari, farmon va qarorlar, farmoyishlar, hukmlar, bayonnomalar hech qanday istisnosiz, avvalo, o‘zbek tilida yuritilishi shart. Zarurat tug‘ilgan taqdirdagina boshqa tilga tarjima qilinishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi hududida yoziladigan har qanday hujjat, har qanday matnning avvalida o‘zbek tili turishi shart. Davlat miqyosidagi qonunlarning asl ko‘rinishi rus tilida yozilib, so‘ng o‘zbek tiliga o‘girilishi, jamoatchilikka muhokama uchun rus tilida taqdim etilishi mutlaqo mumkin emas.

Davlat idoralarida faoliyat yurituvchi har qanday shaxs, har qanday xodim o‘zbek tilini bilishi, unda so‘zlay olishi, fikrini o‘zbek tilida bexato yozma shaklda ifoda eta olishi shart.

O‘zbekiston Respublikasidagi barcha rasmiy idoralarda majlislar o‘zbek tilida olib borilishi, bayonnomalar o‘zbek tilida olib borilishi, notiqlar o‘zbek tilida gapirishlari, agar o‘zbek tilida gapira olmaydigan xorijiy millat vakili bo‘lsa, tarjimon orqali fikrini o‘zbek tilida yetkazishi shart.

Xorij safarlarida O‘zbekiston Respublikasi nomidan gapirishga haqli har qanday vakolatli shaxs har qanday rasmiy minbar va har qanday rasmiy uchrashuvlarda o‘zbek tilida gapirishi shart. Uning fikri tarjimon orqali orqali xorij vakillariga yetkaziladi.

Shu talablarga rioya qilingan holdagina O‘zbek tili davlat tili maqomidagi til hisoblanadi.

Aks holda, millat ruhi, milliyatimiz belgisi hisoblangan tilimiz mutlaqo qadrsizlanib, chetga chiqarib tashlanadi. Ya’ni hozirgi holatimizda o‘zgarish bo‘lmaydi.

Biz qo‘yayotgan ushbu mezonlarga erishish oson ko‘chadigan ish emas. Buning uchun o‘zbek tilini o‘rganish, o‘rgatishning majburiy va chuqur o‘ylangan tizimi bo‘lishi talab etiladi. Til bayrami arafasida va til bayrami kuni televideniye orqali ko‘plab tilshunos olimlar, jamoat va siyosat arboblari milliy tilimiz haqida pafosga to‘lib, goh faxrlanib, goh o‘ksinib gapirdilar. Ularning aksari “o‘zbek tili dunyodagi eng boy, ammo eng baxtsiz tillardan biri ekanini” afsus bilan ta’kidladilar hamda milliy tilimizni baxtsizlik zulmatidan ehtirom tongiga chiqarish haqida ko‘plab takliflarni berdilar. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev bu borada alohida Farmon imzoladi. Farmonga ko‘ra tilni himoya qilish bilan shug‘ullanadagan Til departamenti tashkil etildi. Haq gap – til himoyaga muhtoj bir xilqatdir. Agar uni himoya qilmasangiz, u o‘ladi. U o‘lganidan keyin Sizning asliyatingiz ham o‘ladi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, bir qator tilshunoslarimiz o‘zbek tilini chinakam davlat tili darajasiga ko‘tarish uchun barcha davlat idoralarida faoliyat yurituvchi, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim oluvchi har bir shaxs davlat tilini bilishini ta’minlovchi mexanizmga ehtiyoj borligini, bu mexanizmni ishlab chiqish zarurligini aytishdi. Bu mexanizm ingliz tilidagi imtihon tizimi International English testing system (IELTS) kabi bir tizim bo‘lishi haqida so‘z bordi.

Bundan 4–5 yil ilgari ingliz tilidan mazkur imtihonni topshiraman, xorijda o‘qiyman deb orzu qilib yurganimda shu haqda o‘ylay boshlagan edim. Xalqaro ingliz tili imtihoni tartiblari bilan tanishgach, o‘zbek tilida ham xuddi shunday sinov tizimi bo‘lishi kerak deb qat’iy qaror qildim. Xayolimda bu haqda nimalarnidir pishitdim, yaqinlarga bu haqda gapirdim. Ammo nasib, boshimda turli voqealar yuz berib, bu ishga muayassar bo‘la olmadim. Bugun o‘zbek tili chinakam davlat tili bo‘lishi haqida jiddiy o‘ylanayotgan bir pallada ushbu niyatim haqida bo‘lishishim kerakligini anglab yetdim.

Zudlik bilan “O‘zbek tilidan sinov tizimi” haqidagi g‘oyalarimni qog‘ozga tushirdim. Imtihon shartlarining xomaki ko‘rinishini ishlab chiqdim. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasiga tegishli har qanday davlat idorasiga qabul qilinishi uchun har bir kishi mazkur sinovdan o‘tishi, belgilangan tartibda baholanishi, olgan bahosi qoniqarli bo‘lgan taqdirda ishga qabul etilishi shart. Ayni paytda davlat idoralarida xizmat qilayotgan barcha kadrlar ham aniq reja asosida bosqichma-bosqich mazkur sinov imtihonlaridan o‘tishi kerak.

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga esa, tabiiy, bu imtihon baholarisiz kirish mumkin emas. Har bir oliy o‘quv yurt o‘zi uchun O‘zbek tilidan sinov tizimi bahosining eng kam darajasini belgilab oladi. Masalan, kamida 50 yoki 60 ball olganlargina talaba bo‘lishga haqli, aks holda, hujjatlari qabul etilmaydi.

Men taklif qilayotgan “O‘zbek tilidan sinov tizimi” xalqaro ingliz tili imtihonlari tajribasiga suyangan holda ishlab chiqilgan. Mazkur sinov tizimi o‘zbek tilida fikrni og‘zaki bayon eta olish, o‘zbek tilida mutolaa qilib, tushuna olish, o‘zbek tilida tinglab, anglay olish, o‘zbek tilida hujjat ishlarini yuritib, o‘zbek tilida fikrini yozma shaklda ifoda eta olish ko‘nikmalarini tekshiruvdan o‘tkazishga mo‘ljallangan.

O‘zbek tilidan sinov tizimida talabgor to‘rt bosqichda imtihon topshiradi. Har bosqichda 25 balldan, jami 100 ball to‘plashi mumkin.

O‘zbek tilidan sinov tizimi maxsus komissiyasi tuziladi va u doimiy faoliyat olib boradi. Komissiya atoqli tilshunos va adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, taniqli jurnalist va blogerlar hamda soha mutaxassislaridan tuziladi. Komissiyaning vazifasi – o‘zbek tilidan sinov tizimi uchun imtihon materiallarini ishlab chiqadi, chop etadi. Til institutlari, markazlari, oliy o‘quv yurtlaridagi filologiya kulliyotlari, turli adabiy nashrlar, shoir, yozuvchi va jurnalistlar bilan hamkorlikda ishlaydi, muhim ma’lumotlarni o‘z saytiga joylashtiradi, har bir viloyat markazida o‘z bo‘limlarini ochadi, imtihon topshiruvchilarning axborot bazasini yaratadi, o‘zbek tilidan sinov tizimining imtihonlarini tartibli tarzda yil davomida o‘tkazib boradi, baholarni e’lon qiladi, sertifikatlar topshiradi.

Bu tashkiliy ishlar, tabiiyki, muayyan muddatni talab qiladi.

O‘zbek tilidan sinov tizimi Komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzurida tashkil etilishi va faoliyati biror vazirlikka tobe bo‘lmasligi lozim. Komissiya raisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat rahbariga bo‘ysunadi.

Ayni paytda o‘zbek tilidan sinov tizimining xomaki imtihon tartibi ishlab chiqildi, imtihon uchun namunaviy materiallar tayyorlash harakatidamiz.

Mazkur tayyorlangan loyihamizni Vazirlar mahkamasiga, Til departamentiga taqdim etamiz, agar tasdiqlasalar, 2020 yildan e’tiboran O‘zbek tilidan sinov tizimi komissiyasi ish boshlaydi. O‘zbek tilidan sinov tizimi imtihonlari Respublika bo‘ylab olib boriladi.

O‘ZBEK TILIDAN SINOV TIZIMI

IMTIHONLARI QOIDALARI

The Uzbek Language Testing System (ULTS)

  1. O‘zbek tilidan sinov tizimining maqsadi.

O‘zbek tilidan sinov tizimi (keyingi o‘rinlarda – O‘TST) o‘zbek millati va boshqa millatlarga mansub har ixtiyoriy xohlovchilar uchun mo‘ljallangan.

O‘TST so‘zlovchilarda o‘zbek tili imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olish ko‘nikmalarini tekshiradi.

O‘TST O‘zbekiston Respublikasidagi barcha rasmiy va norasmiy idora, tashkilotlarda o‘zbek tilidan Davlat tili sifatida to‘liq foydalanishni ta’minlaydi.

O‘TST O‘zbekiston Respublikasidagi universitetlarda oliy ta’lim olishni xohlovchilar uchun majburiy imtihon sifatida belgilanadi.

  1. O‘zbek tilidan sinov tizimida imtihon turlari.

O‘TSTda imtihon ikki yo‘nalishda topshiriladi va natijalar alohida chiqariladi.

Birinchi yo‘nalish: ta’lim yo‘nalishi. O‘zbekiston Respublikasidagi universitetlarda oliy ta’lim olishni xohlovchilarning har biri O‘TST imtihonidan o‘tishga majburdilar.

O‘zbekiston Respublikasidagi universitetlar o‘z talabidan kelib chiqqan holda O‘TSTning minimum natijasini qabul uchun belgilaydi va shu natija doirasida talabalarni o‘qishga qabul qiladi.

Ikkinchi yo‘nalish: kasbiy yo‘nalish. O‘zbekiston Respublikasidagi rasmiy va norasmiy idora, tashkilot va boshqa ish joylarida faoliyat yuritishni istagan har bir kadr O‘TST imtihonidan o‘tishga majburdirlar.

O‘zbekiston Respublikasidagi rasmiy va norasmiy idora, tashkilot va boshqa ish joylari o‘z talabidan kelib chiqqan holda O‘TSTning minimum natijasini qabul uchun belgilaydi va shu natija doirasida ishchi-xodimni ishga qabul qiladi.

O‘TSTda ta’lim va kasbiy yo‘nalish uchun murakkablik darajasi farqli bo‘lgan imtihonlar tashkil qilinadi.

O‘TSTning ta’lim yo‘nalishi uchun mo‘ljallangan imtihonlari kasbiy yo‘nalishdagi imtihonlardan murakkab bo‘ladi.

O‘TSTning kasbiy yo‘nalish uchun mo‘ljallangan imtihonlari ta’lim yo‘nalishidagi imtihonlardan oson bo‘ladi.

  1. O‘zbek tilidan sinov tizimining imtihon bosqichlari va baholash tartibi.

O‘TSTda imtihon bosqichlari xalqaro tillardan imtihon topshirish tizimlari (IELTS, GMAT, TOEFL, GRE va hokazo) tajribalariga suyangan holda belgilanadi.

O‘TSTda imtihon quyidagi to‘rt bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqich – og‘zaki suhbat ko‘nikmasini tekshirish.

Ikkinchi bosqich – mutolaa ko‘nikmasini tekshirish.

Uchinchi bosqich – tinglash ko‘nikmasini tekshirish.

To‘rtinchi bosqich – yozma bayon ko‘nikmasini tekshirish.

O‘TSTda baholash xalqaro tillardan imtihon topshirish tizimlari (IELTS, GMAT, TOEFL, GRE va hokazo) tajribalariga suyangan holda belgilanadi.

O‘TSTda har bir imtihon bosqichida ichki besh turda topshiriqlar beriladi va har bir tur uchun maksimal besh balldan baho beriladi. Natijada, har bir bosqichda maksimal yigirma besh ball, to‘rt bosqichda esa maksimal yuz ball to‘planadi.

O‘TSTdan imtihon topshiruvchi barcha bosqichlardan o‘tsa yoki ma’lum sabablarga ko‘ra o‘ta olmasa ham, ballar hisoblab chiqariladi va O‘TST imtihonida to‘plagan ballari aks etgan sertifikat topshiriladi.

O‘TST imtihonida to‘plagan ballari aks etgan sertifikat imtihon topshiruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi universitetlariga yoki O‘zbekiston Respublikasidagi rasmiy yoki norasmiy idora, tashkilot va ish joylariga topshiriladi.

  1. O‘zbek tilidan sinov tizimida imtihon tartibi.

O‘TSTda birinchi bosqich – og‘zaki suhbat ko‘nikmasini tekshirishdir.

Og‘zaki suhbat ko‘nikmasi quyidagi besh tur topshiriqlar asosida tekshiriladi.

Birinchi tur. Tanishuv.

Mazkur tanishuv turida imtihon topshiruvchi o‘zini tanishtiradi: ismi sharifini, yashash joyi, oilasi, kasbi, o‘qish joyi va hokazolar haqida berilgan savollarga javob tarzida ma’lumot beradi. Tanishuv turida suhbat uch daqiqdan besh daqiqagacha davom etishi mumkin. Tanishuv turida kami nol ball, ko‘pi besh ball beriladi.

Tanishuv turini baholashda quyidagi jihatlar e’tiborga olinadi:

Jumlalarning grammatik tartibga binoan tuzilishi – 1 ball.

Jumlalar o‘rtasida uzilish bo‘lmasligi – 1 ball.

So‘zlarni o‘z o‘rnida ma’nosini anglagan holda qo‘llash – 1 ball.

Nutqni xalq maqollari va iboralari bilan boyitish – 1 ball.

Adabiy til fonetik me’yorlariga rioya etish – 1 ball.

Ikkinchi tur. Ifodali o‘qish.

Mazkur ifodali o‘qish turida O‘TST nizomi ilovasida belgilangan va har bir imtihon topshiruvchi yod olishi lozim bo‘lgan ellikta she’r yoki yigirma beshta matn parchalaridan bittasi tasodifiy tanlovga muvofiq yoddan ifodali o‘qib beriladi.

Tasodifiy tanlangan she’r yoki matn parchasini o‘qishga tayyorgarlik ko‘rish uchun imtihon topshiruvchiga bir daqiqa beriladi.

Ifodali o‘qish turi uchun bir daqiqadan to‘rt daqiqagacha vaqt ajratiladi va bu tur uchun kami nol ball, ko‘pi besh ball beriladi.

Ifodali o‘qishni baholashda quyidagi jihatlar e’tiborga olinadi:

O‘qilayotgan she’r yoki matn parchasining mazmunini to‘liq tushungan holda o‘qish – 2,5 ball.

O‘qilayotgan she’r yoki matn parchasini uzilishlarsiz, ravon va kerakli nuqtalarga urg‘u bergan holda o‘qish – 2,5 ball.

Uchinchi tur. O‘qilgan she’r yoki matn parchasi haqida suhbat.

Ifodali o‘qish yakunlangach, imtihon oluvchi va imtihon topshiruvchi o‘rtasida o‘qilgan she’r yoki matn parchasi haqida uch daqiqadan besh daqiqagacha davom etadigan suhbat bo‘lib o‘tadi. Mazkur suhbat kami nol ball, ko‘pi besh ball bilan baholanadi.

O‘qilgan she’r yoki matn parchasi haqida suhbat jarayonida imtihon oluvchi quyidagi topshiriq va savollarni beradi hamda javoblar quyidagicha baholanadi:

O‘qilgan she’r yoki matn parchasining mazmunini o‘z talqiningizda og‘zaki bayon etib bering – 3 ball.

O‘qilgan she’r yoki matn parchasida qo‘llangan ba’zi so‘zlarning (bu so‘zlarning to‘rttasini imtihon oluvchi tanlab so‘raydi) lug‘aviy ma’nosini tushuntirib bering – 2 ball.

To‘rtinchi tur. Xalq maqollari yoki iboralari.

To‘rtinchi turda O‘TST nizomi ilovasida belgilangan va har bir imtihon topshiruvchi o‘qib chiqishi lozim bo‘lgan “O‘zbek xalq maqollari”, “O‘zbek xalq iboralari” kitoblari asosida maqol va iboralarning yigirma beshtadan, jami ellik mavzusidan biri tasodifiy tanlanadi. Tasodifiy tanlangan mavzuga tayyorlanish uchun imtihon topshiruvchiga bir daqiqa beriladi. Imtihon topshiruvchi tasodifiy tanlangan mavzuga doir beshta maqol yoki iborani yoddan aytib beradi. Har bir aytilgan maqol yoki ibora uchun bir ball beriladi. Bu tur uchun ikki daqiqadan uch daqiqagacha vaqt ajratiladi.

Beshinchi tur. Xalq maqollari yoki iboralarini sharhlash.

To‘rtinchi turda aytilgan beshta maqol yoki ibora imtihon topshiruvchi tomonidan birma-bir sharhlab beriladi. Har bir sharh uchun bir balldan beriladi. Beshinchi tur uchun uch daqiqadan besh daqiqagacha vaqt ajratiladi.

Yuqorida keltirilgan besh tur uchun o‘n uch daqiqadan 21 daqiqagacha vaqt ajratiladi.

O‘TSTning birinchi bosiqchida imtihon topshiruvchi kami nol ball, ko‘pi yigirma besh ball olishi mumkin.

O‘TSTning ikkinchi bosqichi – mutolaa ko‘nikmasini tekshirishdir.

Imtihon topshiruvchining mutolaa ko‘nikmasini tekshirishda nizom ilovasidagi ko‘rsatilgan adabiyotlardan parcha sifatida olingan va tasodifiy tanlangan hamda tarkibida uch mingta takrorsiz so‘z ishlatilgan matn beriladi. Matn bilan tanishib chiqish uchun imtihon topshiruvchilarga ikki daqiqa beriladi. So‘ng quyidagi besh tur topshiriqlari asosida ularning mutolaa ko‘nikmasi tekshiriladi.

Birinchi tur. Savolnoma.

Birinchi turda har bir imtihon topshiruvchiga tasodifiy tanlangan matn asosida o‘nta savol aks etgan topshiriqnoma beriladi. Birinchi tur savollari matn mazmuniga aloqador bo‘lib, har bir savolga yozma holda qisqa javob yoziladi va har bir javob uchun yarim balldan beriladi. Birinchi tur topshiriqlarini bajarish uchun besh daqiqa vaqt beriladi hamda to‘liq va to‘g‘ri javoblar umumiy besh ball bilan baholanadi.

Ikkinchi tur. Lug‘at.

Ikkinchi turda har bir imtihon topshiruvchiga tasodifiy tanlangan matn tarkibidan tanlab olingan oson, o‘rta va yuqori daraja qiyinlikdagi o‘nta so‘z yozilgan topshiriqnoma beriladi. Imtihon topshiruvchi har bir so‘zning ma’nosini uning qarshisiga yozadi hamda har bir to‘g‘ri javob yarim ball, maksimal besh ball bilan baholanadi. Mazkur tur topshirig‘ini bajarish uchun besh daqiqa vaqt ajratiladi.

Uchinchi tur. Sarlavhalash.

Uchinchi turda har bir imtihon topshiruvchiga berilgan matn asosida besh xatboshi (abzats) alohida ajratilgan holda beriladi. Imtihon topshiruvchi har bir xatboshi uchun ijodiy fikrlagan holda sarlavha topadi va buni yozadi. Sarlavhani baholashda originallik va sarlavhada xatboshining mazmuni to‘la aks etgani hisobga olinadi. Har bir sarlavha uchun maksimal bir ball, jami besh ball beriladi. Mazkur tur uchun umumiy besh daqiqa vaqt ajratiladi.

To‘rtinchi tur. “Rost – yolg‘on”.

To‘rtinchi turda har bir imtihon topshiruvchiga u o‘qib chiqqan matn asosida tuzilgan o‘nta jumla beriladi. Har bir jumlaning qarshisiga imtihon topshiruvchi “Rost” yoki “Yolg‘on” deb yozishi zarur. Agar jumlada u o‘qigan matndagi ma’lumot aks etgan bo‘lsa, “Rost” deb, agar jumlada u o‘qigan matndagi ma’lumotning teskarisi aks etgan bo‘lsa, “Yolg‘on” deb yozadi. Bu turdagi har bir savolning to‘g‘ri javobi uchun yarim ball, barcha to‘g‘ri javoblar uchun besh ball beriladi. Topshiriqni bajarish uchun uch daqiqa ajratiladi.

Beshinchi tur. Mazmun.

Beshinchi turda imtihon topshiruvchiga beshta savol taqdim etiladi. Mazkur besh savol – besh xatboshi hisoblanib, mazkur xatboshilar mazmuniga mos keluvchi to‘rtta sarlavha variant sifatida beriladi. Imtihon topshiruvchi xatboshilar mazmuniga eng ko‘p mos keluvchi sarlavhalarni belgilaydi. Har bir to‘g‘ri javob uchun bir ball, jami besh ball beriladi. Mazkur tur topshirig‘i uzog‘i bilan uch daqiqada bajarilishi lozim.

O‘TSTning uchinchi bosqichi – tinglash ko‘nikmasini tekshirishdir.

Mazkur bosqichda imtihon topshiruvchilarga muayyan badiiy asardan olingan parcha ovozli tarzda eshittiriladi. Ovozli yozuv besh qismga bo‘lib taqdim etiladi. Har bir qism eshittirilgach, u asosdagi besh savolga yozma shaklda javob beriladi. Har bir qism uchun besh balldan, jami yigirma besh ball olish mumkin. Tinglash ko‘nikmasini tekshirish bosqichi uchun 16 – 20 daqiqa vaqt ajratiladi.

O‘TSTning to‘rtinchi bosqichi – yozish ko‘nikmasini tekshirishdir.

To‘rtinchi bosqich o‘z ichiga besh tur imtihonni oladi. Har bir tur uchun besh balldan beriladi. Mazkur bosqichda imtihon topshiruvchining o‘zbek tilida hujjat yurita olish va o‘z fikrini yozma shaklda erkin bayon eta olish ko‘nikmasi sinovdan o‘tkaziladi. Yozish ko‘nikmasini tekshirishga mo‘ljallangan mazkur bosiq uch turni o‘z ichiga oladi.

Birinchi tur. Hujjatlar bilan ishlash.

To‘rtinchi bosqichning birinchi turida imtihon tekshiruvchilarning o‘zbek tilining rasmiy uslubida ish yuritish ko‘nkmasi tekshiriladi. Har bir imtihon topshiruvchiga taqdim etilgan savolnomada aks etgan hujjatlarni – ariza, dalolatnoma, tushuntirish xati, bildirgi, e’lon, murojaatnoma, iltimosnoma, turli bayonnomalar kabilarni adabiy til qoidalariga va ishlab chiqilgan me’yorlarga binoan to‘ldirib beradilar. Yozilgan ishning imlosi, uslubi, to‘g‘ri me’yorda yozilgani hisobga olinib, maksimal 5 ball qo‘yiladi. Mazkur tur uchun 3 – 5 daqiqa ajratiladi.

Ikkinchi tur. Munosabat bildirish.

To‘rtinchi bosqichning ikkinchi turida imtihon topshiruvchilar muayyan maqola yoki internetda e’lon qilingan postga ko‘pi bilan 150 so‘zdan iborat bo‘lgan matn bilan munosabat bildirishlari talab etiladi. Imlo, tinish belgilari, uslub, so‘zlarning to‘g‘ri qo‘llangani va fikrlarning aniq bayon etilgani hisobga olinib, ko‘pi bilan 10 ball qo‘yiladi. Mazkur tur sinovini bajarish uchun 10 – 12 daqiqa beriladi.

Uchinchi tur. Men o‘qigan kitob.

To‘rtinchi bosiqichning to‘rtinchi turida imtihon topshiruvchilar “Men o‘qigan kitob” mavzusida 200 so‘zdan iborat insho yozib topshiradilar. Inshoni baholashda tuzilgan reja, fikrlarning mantiqli va izchilligi, original yondashuv, imlo qoidalariga rioya qilingani, tinish belgilarining to‘g‘ri qo‘llangani, uslub hisobga olinadi va ko‘pi bilan 10 ball beriladi. Mazkur tur uchun 20 daqiqa vaqt ajratiladi.

Uchinchi tur. Muammo.

To‘rtinchi bosqichning uchinchi turi erkin mavzuga asoslanadi. Bu turda imtihon topshiruvchilar o‘z dunyoqarashlaridan kelib chiqib, jamiyatda mavjud bo‘lgan muayyan muammo haqida 350 so‘zdan iborat matn yozib beradilar. Mazkur matnda o‘rtaga qo‘yilayotgan muammoning aktualligi ahamiyatli hisoblanadi. Baholash uchun ko‘tarilgan muammoning sabablari, hozirgi holati va uning yechimiga doir takliflar berilgani mezon sifatida olinadi va ko‘pi bilan 10 ball beriladi. Mazkur turni bajarish uchun 25 daqiqa vaqt ajratiladi.

O‘zbek tilidan sinov tizimi imtihonlarini topshirishni istovchilar quyidagi adabiyotlarni (har yili yangilab boriladi) o‘qib chiqishlari tavsiya qilinadi:

  1. Ahmad Yassaviy hikmatlari.
  2. “Qutadg‘u bilig”, Yusuf Xos Hojib.
  3. “Devon”, Lutfiy.
  4. “Xamsa”, Alisher Navoiy.
  5. “Lisonut tayr”, Alisher Navoiy.
  6. “Mahbubul qulub”, Alisher Navoiy.
  7. “Boburnoma”, Zahiriddin Muhammad Bobur.
  8. “Sabotul ojizin”, So‘fi Olloyor.
  9. “Turkiy guliston yoxud axloq”, Abdulla Avloniy.
  10. “Munozara”, Abdurauf Fitrat.
  11. “Oila”, Abdurauf Fitrat.
  12. “Abulfayzxon”, Abdurauf Fitrat.
  13. “O‘tkan kunlar”, Abdulla Qodiriy.
  14. “Kecha va kunduz”, Cho‘lpon.
  15. “She’rlar”, Usmon Nosir.
  16. “Padarkush”, Mahmudxo‘ja Behbudiy.
  17. “Maqolalar”, Mahmudxo‘ja Behbudiy.
  18. “Sayohatnoma”, Mahmudxo‘ja Behbudiy.
  19. “Asarlar”, Ishoqxo‘ja Ibrat.
  20. “She’rlar”, Usmon Nosir.
  21. “Shum bola”, G‘afur G‘ulom.
  22. “Vaqt”, “Sen yetim emassan”, “Sog‘inish”. G‘afur G‘ulom.
  23. “Onaginam”. Mirtemir.
  24. “Chayon yili”, Uchqun Nazarov.
  25. “Navoiy”, Oybek.
  26. “Ulug‘ yo‘l”, Oybek.
  27. “Qutlug‘ qon”, Oybek.
  28. “Lolazor”, Murod Muhammad Do‘st.
  29. “Otamdan qolgan dalalar”, Tog‘ay Murod.
  30. “She’rlar”, Rauf Parfi.
  31. “Chinor”, Asqad Muxtor.
  32. “Yalpiz hidi”, Nazar Eshonqul.
  33. “She’rlar”, A’zam O‘ktam.
  34. “She’rlar”, Halima Xudoyberdiyeva.
  35. “She’rlar”, Shavkat Rahmon.
  36. “Urush va tinchlik”, Lev Tolstoy.
  37. “Anna Karenina”, Lev Tolstoy.
  38. “Tirilish”, Lev Tolstoy.
  39. “Hojimurod”. Lev Tolstoy.
  40. “Telba”, F.Dostoyevskiy.
  41. “Jinoyat va jazo”, F.Dostoyevskiy.
  42. “O‘lik uydan maktublar”, F.Dostoyevskiy.
  43. “Buyuk Pyotr”, A. Tolstoy.
  44. “Tinch Don”, M.Sholoxov.
  45. “Inson taqdiri”, M.Sholoxov.
  46. “Hikoyalar”, A.Chexov.
  47. “Asrga tatigulik kun”, Ch.Aytmatov.
  48. “Qissalar”, Ch.Aytmatov.
  49. “Dunyoning ishlari”, O‘tkir Hoshimov.
  50. “Hikoyalar”, Shukur Xolmirzayev.
  51. “Temur tuzuklari”.
  52. “Tarixi Muhammadiy”, Alixonto‘ra Sog‘uniy.
  53. “Turkiston qayg‘usi”, Alixonto‘ra Sog‘uniy.
  54. “Jinlar bazmi”, A.Ismoil.
  55. “Kafansiz ko‘milganlar”, Shukurullo
  56. “Kalila Dimna”.
  57. “Alpomish”.
  58. “Go‘ro‘g‘li”.
  59. “Ravshanxon”.
  60. “Avazxon”.
  61. “Rustamxon”.
  62. “O‘zbek xalq maqollari”.
  63. “O‘zbek xalq iboralari”.
  64. “Adabiy O‘zbek tili grammatikasi”.
  65. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”.

Akrom Malik,

Toshkent viloyat Ohangaron tuman 48-sonli manzil koloniya mahkumi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetining Adabiyotshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha sobiq magistranti

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан