O‘zbek-turkman chegarasida otishma sodir bo‘ldi

O‘zbek-turkman chegarasida otishma sodir bo‘ldi

O‘zbek-turkman davlat chegarasi. Foto: CA-IRnews.com

Buxoro viloyati Olot tumani va Turkmanistonning Lebap viloyati Farab etrapi chegarasida 17 sentabrga o‘tar kechasi otishma sodir bo‘ldi. Bu haqda «Xroniki Turkmenistana» nashri o‘z manbalariga tayangan holda xabar bermoqda. 

Xabar qilinishicha, ayni sanada Turkmaniston Milliy xavfsizlik vazirligi Lebap boshqarmasi, prokuratura, politsiya va chegara xizmati xodimlari davlat chegarasida qo‘shma reyd o‘tkazgan.

Nashr manbalariga ko‘ra, Amu-Buxoro kanalida harbiylar rezina eshkakli qayiqda yuk ko‘tarib yurgan odamlarni payqagan. Chegara hududidagi kanal kengligi taxminan 80 metrni tashkil qiladi. Chegarachilar havoga ogohlantiruvchi o‘t ochishdi. Qarama-qarshi sohildan noma’lum kishi pompali miltiqdan deya taxmin qilinayotgan quroldan Turkmaniston tomonga o‘q uzgan. Kanal o‘rtasida qayiqda bo‘lgan bir kishi suvga sakrab, O‘zbekiston qirg‘og‘iga suzib o‘tdi.

Amu-Buxoro kanali

 

Ikkala tomondan bir nechta o‘q otildi. Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan.

Turkmaniston tomonida ikki kishi Rossiyada ishlab chiqarilgan 50 quti sigaret bilan hibsga olingan. Taxminan 20 quti bo‘lgan qayiq O‘zbekiston qirg‘og‘iga suzib o‘tdi.

Dastlabki tergov jarayonida hibsga olinganlar sigareta kontrabandasi bilan shug‘ullanganligi va bunday operatsiya birinchi marta o‘tkazilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Hammasi bo‘lib 150 quti sigaret Turkmanistonga jo‘natilishi kerak edi.

Xabar berishlaricha, ayni paytda Ashxabodda tamaki mahsulotlari tanqisligi kuzatilmoqda. Mamlakatdagi huquqiy normalarga ko‘ra, tamaki mahsulotlari faqat davlat do‘konlarida sotilishi mumkin. Biroq, so‘nggi ikki oy ichida sigaretalar faqat shaxsiy do‘konlarda peshtaxtadan sotib olingan.