Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“Oʻzbekiston 24” prezidentga qarshimi?
23.05.2020 23:39,  
10496

Davlat byudjetidan, xalqning pulidan milliardlab mablag‘ sarflab, yangi kanal ochishdi. Texnikasi, jihozlari zamonaviy va eng so‘nggi rusumda; studiyalarida barcha sharoitlar muhayyo. Amerikada turib hatto men ham havas qildim.

Ko‘pchilikning undan orzu-umidlari katta edi. "Oʻzbekiston 24" yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi bo‘ladi, deb aytishdi, ochilishidan oldin yaxshigina PR bo‘ldi.

Ishonchlar o‘zini oqladimi?

Afsuski, deyarli hech narsa o‘zgarmadi. Shakl o‘zgardi, ammo mohiyat emas. "Musaffo osmon" haqida eskirgan uslubda xabar (aslida xabar ham emas, 80 foizi fikrdan iborat bir narsa) tarqatishda davom etyapti. Xabarlarini yolg‘on demagan bo‘lardim, ammo uni yetkazish uslubi shunaqangi eskirganki, to‘g‘ri gap xuddi qulog‘ingiz ostida «shang‘illab» eshitilayotgandek tuyuladi, ko‘nglingiz ayniydi.

Mayli, propaganda bo‘lsin; mayli maqsad hukumatni maqtash, uning siyosatini yoqlash va xalqning prezidentga muhabbatini, ishonchini oshirish bo‘lsin. Bunga realist sifatida, shartli ravishda, roziman.

Ammo mana shu propagandani professional va ishonarli tarzda amalga oshirish mumkinku! Nahotki, shuni eplay oladigan kadrlar O‘zbekistonda umuman bo‘lmasa?!

Hech kim ortiq ishonmaydigan eskicha uslublar bilan milliardlab mablag‘ni ko‘kka sovurishdan maqsad nima?

Aslida bu kanal hukumatga, prezidentga qarshi kayfiyatning shakllanishiga xizmat qilmayaptimi? O‘zbekistonda bugun axborot maydoniga, shu orqali xalq kayfiyatiga ta’sir o‘tkaza oladigan qatlam - blogerlar, yosh jurnalistlar, ijtimoiy faol fuqarolar, ijtimoiy tarmoqlardan erkin axborot olishga o‘rgangan oddiy fuqarolar "Oʻzbekiston 24"ni tomosha qilib, prezidentga yoki hukumatga mehr-muhabbati oshadi, deb o‘ylaysizmi? Akincha, ensasi qotib, bu kanal «Susambil» degan davlatda tashkil qilinganmi, deb savol bermaydimi? Kanal uni ochishdan ko‘zlangan maqsadga emas, balki uning ziddiga, ya’ni islohotlarni xalq orasida obro‘sizlantirishga xizmat qilmayaptimi?

Xullas, bu kanal davlatga nafaqat moddiy zarar, balki siyosiy zarar ham yetkazyapti. Yangi O‘zbekistonni, Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatini obro‘sizlantirishga xizmat qilayotgandek, nazarimda.

Ayb kimda?

Prezident jurnalist emas; jurnalistika yoki axborot siyosati bo‘yicha mutaxassis ham emas. Ehtimol u, yangi kanal ochinglar, u yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasini xalqimizga ko‘rsatsin, degan ko‘rsatma bergandir. Bu ko‘rsatmani amalga oshirish, afsuski, eski kadrlar zimmasida qolgan. Chunki prezidentning yonida axborot siyosatini hanuz o‘shalar boshqaryapti.

Muammoning sababi bitta: Kanalga yoppasiga eski kadrlar ishga olindi: rahbariyatdan tortib oddiy xodimlargacha.

Ishni yangi jamoani shakllantirishdan boshlash kerak edi. Yangicha fikrlaydigan, jurnalistikaning vazifasi nimadan iborat ekanini biladigan; siyosiy kadr emas, professional mutaxassis bo‘lgan; iloji bo‘lsa, chet el ish tajribasiga ega odamni rahbarlikka qo‘yish kerak edi va unga o‘z jamoasini shakllantirishda erkinlik berilishi lozim edi. Mayli, eski kadrlarni ham olsin, faqat tanlov asosida, yangicha ish talabiga javob bera oladiganlarni.

Janob Prezident! Yangi O‘zbekistonning yangi ziyoli qatlami - blogerlar, yosh jurnalistlar, olimlar, faol ijtimoiy fuqarolarning aksariyati sizga hanuz ishonadi, yangi O‘zbekistonni qurish bo‘yicha niyatlaringiz samimiy ekanidan hali umidlarini uzgani yo‘q. Bu sizga berilgan juda katta imtiyozli kredit. Bundan unumli foydalanib qolish kerak.

Islohotlarni eskicha uslubda yoritish sizning obro‘ingizga faqat putur yetkazadi. Buni yoningizdagilar sizga aytmayotgan bo‘lsa, blogerlar va yosh jurnalistlarni oldingizga yig‘ib ulardan so‘rang. Menimcha, ular fikrimga qo‘shiladi.

Axborot siyosatini yangi kadrlar qo‘liga topshirish fursati keldi. Eski kadrlardan voz keching. Yoningizga zamonaviy jurnalistika va PRni tushunadigan yigit-qizlarni oling. Shunda "Oʻzbekiston 24" yangi O‘zbekistonning haqiqiy qiyofasi bo‘ladi; yoki hech bo‘lmaganda, ishonarli propaganda vositasiga aylanadi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан