Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekiston musulmonlari idorasi Isroil–Falastin mojarosiga munosabat bildirdi
20.05.2021 11:17,  
291

Musulmonlar idorasi Falastin–Isroil mojarosiga munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi mo‘min-musulmonlar uchun eng tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishda.

«Jahon hamjamiyati Falastin-Isroil muammosini xalqaro huquq normalariga muvofiq, tinch yo‘l bilan hal etilishi zarurligini bot-bot ta’kidlamoqda. Zero, Islom dini – avvalo, tinchlik va do‘stlikka, ahillik va birdamlikka hamda bag‘rikenglikka da’vat etadi.

Al-Aqso masjidi Islom dini manbalarida keltirilgan uch muqaddas masjiddan biridir. Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Ulovlar faqat uchta masjid tomongagina jihozlanadi: Masjidi Harom, mening ushbu masjidim va Masjidi Aqso».

Quddus shahrida joylashgan muqaddas makon – Masjidi Aqso yoxud Baytul Maqdis Makkadagi Masjidul Haromdan keyin qurilgan eng qadimgi masjid. Ushbu tabarruk maskanlar mo‘min-musulmonlar uchun doimo azizu mukarramdir.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni avval Masjidul Aqso tomonga yuzlanib o‘qidilar. O‘n uch yillik Makka davri to‘liq shunday o‘tdi. Madina shahriga hijrat qilganlaridan keyin ham mazkur masjid qiblalikda davom etdi. Faqat o‘n olti oy o‘tibgina qibla Makka shahridagi Haram tomon o‘zgardi.

Manbalarda qayd etilishiga ko‘ra, uni Odam alayhissalom barpo etgan. Zamonlar o‘tib esa Ibrohim alayhissalom uni qayta tiklagan. Keyin Is’hoq va Yoqub alayhissalomlar unga mas’ul bo‘ldilar. So‘ng Sulaymon alayhissalom tomonidan masjid yangidan qad rostlab hozirgi ko‘rinishga keldi.

Isro kechasi Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Makka shahridan Quddusga – Aqso masjidiga sayr ettirdi. Bu haqida: «O‘z bandasini tunda Masjidi Haromdan atrofini barakotli qilib qo‘yganimiz Masjidi Aqsoga oyatlarimizni unga ko‘rsatish uchun sayr ettirgan Zot (o‘ziga noloyiq sifatlardan) pokdir» (Isro, 1).

Isro kechasi Nabiy alayhissalom Makkadagi Masjidi Haromdan chiqib, farishta Jabroil alayhissalom bilan Quddus shahriga bordilar. Masjidi Aqsoda barcha payg‘ambarlarga imomlik qilib namoz o‘qib berdilar.

Demak, Masjidul Aqso Islom dinining shior makonlaridan biri, ikki qiblaning birinchisi, uchta asosiy masjidlar sirasidan, musulmonlarga tegishli muborak maskan. O‘z navbatida ushbu mintaqada boshqa din vakillari uchun ham tabarruk hisoblangan ziyoratgohlar mavjud. Shunday ekan mintaqada zo‘ravonlik, jabru sitamga chek qo‘yilishi hamda bundan buyon shafqatsizlik va qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik juda ham muhim hisoblanadi.

Zero, Islom dini insonlarga ozor berishdan qaytaradi. Nafaqat inson zotiga, balki, chumoliga ham ozor berish, hattoki, aziyat beruvchi biror so‘z aytishdan ham qaytaradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozirgi qaltis vaziyatda davlatlar, millatlar va elatlar o‘rtasidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda, mo‘min-musulmonlarni mavjud voqelikni Quddusdagi vaziyat bilan bog‘lagan holda noo‘rin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, noto‘g‘ri xatti-harakatlarga da’vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz.

Ta’kidlash joizki, Sharqiy Quddusdagi notinch vaziyat barchamizning dillarimizni og‘ritdi, ruhoniyatimizni mahzun qildi. Bunday paytlarda mo‘minning mo‘mindagi haqqi duo qilishdir. Zero, duo najot va qalqondir. Yaratgan Parvardigordan iltijo qilib so‘raymizki, butun dunyo, xususan musulmon olamida tinchlik va ofiyatni barqaror etsin, Yer yuzidagi barcha mo‘min-musulmonlarga omonlik, nusrat va qalblariga sakinat ato etsin», deyiladi munosabatda.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан