Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekiston qat’iy karantinga qaytadimi? – Nurmat Otabekov bilan suhbat
22.03.2021 21:18,  
1796

Mamlakatimiz ahli so‘nggi haftani xavotirda o‘tkazgani rost. Xuddi o‘tgan yilgidek 15 martda koronavirus balosi yana bosh ko‘targani ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi. Qat’iy karantin qayta yo‘lga qo‘yilish ehtimoli qay darajada? 

Agar karantin qaytarilsa, oldingi usullar qo‘llaniladimi? 

Shu va boshqa qator savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov bilan suhbat qildi.

– Bugun ko‘pchilikni qiynayotgan savol – qat’iy karantinga qaytiladimi? Agar qaytilsa, undagi choralar o‘tgan yildagidek bo‘ladimi?

– Bugun karantin qoidalarini o‘tgan yilgidek qat’iy va keskin darajada qayta tiklashga biror asos yo‘q. Sababi, kasallanish ko‘rsatkichlari so‘nggi 3 oy ichida past darajalarda bo‘lib keldi, hozir birmuncha yuqori bo‘lsa ham, bu karantin cheklovlarini kuchaytirishga asos bo‘ladigan darajada emas. Negaki kasallanish Toshkent hududi ko‘proq qayd etilayapti. Bu hududda ham bolalar ulushi ortyapti. O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi davrida umumiy kasallanishlar orasida bolalar ulushi 5-7 foiz bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 25 foizdan ortib ketdi.

Shuning uchun ham Toshkent shahrining ayrim tumanlaridagi maktablar ta’limi onlayn tartibiga o‘tkazildi. Hozir ta’til davom etayapti va ularning yakuniga qadar biz kasallikning tarqalish zanjirini uzishga muvaffaq bo‘lishni rejalashtirayapmiz. 

Mabodo vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmasa, ta’tillar muddatini uzaytirish masalasini o‘ylab ko‘ramiz. 

Bir narsaga aniqlik kiritib olishimiz kerak – karantin hali bekor qilingani yo‘q, eng muhim va birlamchi himoya usullari hamon amalda.

Shunchaki biz o‘zimizni juda bo‘sh qo‘yib yubordik, koronavirus hamon yonimizda ekanligini unutdik, o‘zimizni go‘yo kasallikdan qutilgandek tuta boshladik. Bu esa natijasini bermay qolmadi – kasallikka chalinish hollari ko‘paya boshladi.  Shu paytda maxsus komissiya qaroriga binoan epidemik vaziyat murakkablasha boshlagan Toshkent shahrida karantin choralari yana bir bor eslatib qo‘yildi. Bu eslatmalarni o‘tgan yilgidek qat’iy karantinga qaytish deb baholash noo‘rin.

Endi o‘tgan yil bilan boshqa jihatlarni solishtiradigan bo‘lsak, 2020 yilda koronavirus nafaqat bizga, balki butun insoniyatga noma’lum kasallik edi, uni samarali davolash, cheklash va himoyalanish usullari to‘la o‘rganilmagan edi.

Bu yilga kelib ham tibbiyot tizimi, ham aholi koronavirus xavfini yaxshi tushunib oldi va undan himoyalanish choralarini ham yaxshi biladi. Agar bu yil ham karantin joriy qilinadigan bo‘lsa, o‘tgan yilgidan farq qiladi. O‘tgan yili karantinda tatbiq etilgan cheklov tadbirlari noma’lum kasallikka qarshi kurashish uchun bo‘lgan bo‘lsa, endi u haqida to‘liq tasavvurga egamiz.

Nafaqat Covid-19’ning o‘zi, balki uning mutatsiyaga uchragan shtammlari haqida ham bilamiz. Shu bois bizda o‘ziga xos ogohlik, hushyorlik immuniteti shakllandi. 

Qolaversa, aholining ma’lum bir qatlami ushbu virusga chalinishi oqibatida immunitet hosil qildi. Demak ko‘riladigan choralar ham o‘tgan yilgidan farq qiladi, qat’iy karantin holatiga qaytiladi, deb o‘ylamayman. 

– Britancha shtammning kirib kelishi ham ko‘pchilikni sarosimaga soldi. Ayni paytda koronavirusning bu shtammi alohida o‘rganilayaptimi?

– Bugunga qadar koronavirusning 5 mingdan ortiq shtammlari, mutatsion variantlari aniqlangan. Hozirgi kunda innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan sekvinirlash yo‘li bilan britancha yoki boshqa shtamm ekanligini aniqlash mumkin. Hozirda ham har bir holatda ilg‘or texnologiyalar markazida tahlil qilinayapti.

Lekin britancha, afrikacha yoki brazilcha shtamm bo‘lishidan qat’i nazar undan himoyalanish, profilaktika chora-tadbirlari va davolash usullari o‘zgarmaydi. Xalqimizda bir naql bor – “Yoqib yuboriladigan ko‘rpani tozalab o‘tirish shart emas”, deyiladi. Demak qarshi kurashdagi usullarimiz o‘zgarmas ekan, uning qanday shtamm ekanligiga urg‘u berib, ortiqcha vaqt va resurs sarflashning hojati yo‘q. 

Kasallikning bolalarda uchrayotgani va tez tarqalayotgani britancha shtamm tarqalayotganining yaqqol omilidir. Buning o‘rniga umume’tirof etilgan profilaktika chora tadbirlarga kengroq e’tibor berish kerak.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан