Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekiston quruq gap bilan ittifoqqa kirmaydi
12.11.2019 12:47,  
2142

Rasmiy Toshkent YeOIIga kirishdan oldin kafolat olishni istaydi.

O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) kirishi haqidagi muhokamalar alohida mavzuga aylanyapti. Endi unda mutaxassislargina emas, diplomatlar ham qatnashyapti. "Kommersant’" nashrining suhbatdoshiga ko‘ra, rasmiy Toshkent o‘zining sanoati va boshqa iqtisodiy sohalari uchun kafolat olishni xohlaydi. Shunga qaramay Moskva o‘zbek tomoni YeOIIga kirish arizasini topshirishni ko‘p kechiktirmaydi, degan fikrda.

O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi mavzusi “Markaziy Osiyo va Yevrosiyo: global tartibsizlik tahdidlari oldidan ko‘p tomonlama hamkorlik” konferensiyasida ko‘tarildi. Bu forum “Valday” muhokamalar klubi va O‘zbekistondagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining o‘zaro hamkorligida, 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida tashkillashtirildi.

Unda mutaxassislardan tashqari Rossiya nomidan MDH davlatlari uchinchi departamenti (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) rahbari Aleksandr Sternik va RFning Toshkentdagi elchisi Vladimir Tyurdenev; O‘zbekiston nomidan Xavfsizlik Kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Senatning Xalqaro munosabatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov va O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi boshqarma rahbarlari ishtirok etdi.

Aslida forum muhokamalari ro‘yxatida YeOII yo‘q edi. Ammo matbuot uchun yopiq eshiklar ortida o‘tgan Rossiya-O‘zbekiston ikki tomonlama sessiyasida rasmiy Toshkentning ittifoqqa kirishi masalasi asosiy mavzulardan biri bo‘lgan. "Kommersant’" suhbatdoshiga ko‘ra O‘zbekiston vakillari Rossiya va YeOIIning boshqa a’zolaridan javob olinishi kerak bo‘lgan savollarni ochiqlagan.

O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi mavzusi joriy yil oktyabr oyidan beri muhokama qilib kelinyapti. Bir oy oldin Toshkentga borgan Rossiya Federatsiyalar Kengashi spikeri Valentina Matviyenko “O‘zbekiston ittifoq a’zoligiga tayyorlanayotgani” haqida bayonot bergandi. Ammo haligacha to‘liq muzokaralar haqida gap ketmagan.

"Kommersant’" nashrining Rossiya davlat tuzilmalaridagi manbalariga ko‘ra “O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi bo‘yicha mutaxassislar muzokaralari boshlangan va sohalar bo‘yicha maslahatlashuvlar ketyapti”.

O‘zbekiston vakillari esa YeOII mavzusida ancha ehtiyotkorona munosabat bildiryapti. Samarqandda O‘zbekiston TIV vakillari "Kommersant’" bilan suhbatda “ittifoqqa a’zo bo‘lishning ijobiy va salbiy jihatlari o‘rganilayotgani” haqida ma’lum qilgan, biroq batafsil izoh berishdan bosh tortgan.

Senator Alisher Kurmanov respublikada YeOIIga qo‘shilish mavzusida muhokamalar boshlanganini aytib, jarayonga kuch bilan ta’sir qilmaslikka chaqirgan. “Mutaxassislarimiz barcha tomonlarini ko‘rib chiqish va kerakli nuqtani qo‘yish uchun mavzuni o‘rganishyapti. Shundan keyingina bu masalada izoh berish nisbatan foydali bo‘ladi”, degan u "Kommersant’"ga.

O‘zbekistonga qanday kafolatlar kerak?

Yevropa va xalqaro tadqiqotlar markazi ilmiy rahbari Timofey Bordachevning qayd etishicha, rasmiy Toshkent moddiy kafolatlarni olishni istaydi. “Ularda sanoat bor, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan iqtisodiy sohalara va kompaniyalar bor. Ular mana shularning hammasi saqlanib qolishini xohlaydi. Shuning uchun O‘zbekiston ittifoqqa kirganida biz bu manfaatlarni qanday ta’minlab berishimiz haqida savol qo‘yishyapti. Ular davlat qo‘llab-quvvatlovini saqlab qolishmoqchi”, deydi mutaxassis. Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston YeOIIga kirishining ehtimoliy foydalari bo‘yicha bironta ham tadqiqot o‘tkazilmagan.

Moskva Davlat Xalqaro Munosabatlar Institutidan mutaxassis Ivan Safranchuk o‘zbek avtosanoatini misol qilib keltiradi: “O‘zbekiston uchun asosiy masala – tashqi bozorlarni ochish. Ammo YeOIIga kirish – bu nafaqat tashqi bozorlar, balki o‘z bozorlarini ochishni ham anglatadi. Bu esa mahalliy avtosanoatga katta zarba bo‘ladi”.

"Kommersant’"ning Moskva diplomatik doiralaridagi hamsuhbatlari tez orada rasmiy Toshkent YeOIIga kirish arizasini topshirishini kutayotganliklarini aytdi. Eng nekbin taxminlarga ko‘ra bu shu yil oxirigacha yoki 2020 yilda sodir bo‘ladi. Ammo bu masala bir necha yillardan keyin hal bo‘ladi, deb hisoblayotganlar ham bor.

Timofey Bordayevning fikricha uzoq muddatli muzokaralar bo‘lmaydi: “Biz Yevropa emasmiz. Bizda uzoqqa cho‘ziladigan muzokara bo‘lmaydi. Hamma narsa tez hal qilinadi yoki umuman bo‘lmaydi. Bu yerda uzoq muddatli istiqbol haqida gap ketyapti, deb o‘ylamayman”, degan u.

YeOIIga kirish O‘zbekistonning o‘zi uchun foydali, ammo bundan oldin qattiq savdolashiladi

Samarqandda o‘z ishini yakunlagan “Valday” xalqaro muohkamalar klubining ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha direktori Fedor Lukyanov O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishi haqida gapirib, bu uning o‘zi uchun foydali bo‘lishini aytdi.

“Umumiy vaziyat shundayki, mintaqadagi integratsiya jarayonlaridan qochib bo‘lmaydi. Bir tomondan mamlakatning erkinligi, boshqa tomondan umumiy rivojlanish uchun muayyan mavqega rozi bo‘lish talab etiladi. Bu ma’noda O‘zbekistonda tanlov ko‘p emas. Ukraina va Moldovadan farqli ravishda Yevropa Ittifoqi bu mamlakat uchun to‘g‘ri kelmaydi. Xitoy esa kim bilandir hamkor bo‘lib emas, mustaqil ravishda o‘z loyihalarini amalga oshiradi. Ayni vaziyatda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi eng munosib maydon bo‘ladi. Har qanday holatda ham siyosiy qaror rasmiy Toshkentning o‘zida bo‘ladi, u barcha ijobiy jihatlarni hisobga olishi va o‘ziga kerakli sohalarni himoya qilishi mumkin”, dedi Lukyanov.

Yana uning qo‘shimcha qilishicha, “Barcha davlatlarning iqtisodi turlicha. O‘zbekiston YeOIIga kirishida qattiq savdolashadi, bundan qochib bo‘lmaydi. Masalan, Yevroittifoqqa kirishdan oldin Polsha uzoq vaqt o‘z mavqeini himoya qilgan. Chexiya esa tez orada o‘ziga mos keladigan foydali vaziyat bilan ittifoqqa kirgan. Agar ikki o‘rtada kelishuvga erishilsa, bundan hamma yutadi”.

O‘zbekiston YeOIIga kirsa, Rossiyadagi mehnat muhojirlarining barcha muammolari hal bo‘ladimi?

Xelsinki universiteti tadqiqotchisi Sherzod Eraliyev O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishida asosiy omil sifatida ko‘rsatilayotgan “mehnat muhojirlarimizning hayoti keskin yaxshilanishi, mamlakatning ittifoqqa a’zoligi ortidan ular orttirgan trillionlab so‘mlar O‘zbekistonga kelishi” to‘g‘risidagi fikrlar yetarli asosga ega emasligini Qirg‘iziston misolida isbotlab berdi.

Uning maqolasida keltirilishicha, “YeOIIga a’zo mamlakat fuqarolari bo‘lishlariga qaramay kamida ikki yuz ming nafar qirg‘izistonlik Rossiyada mehnat shartnomalarisiz ishlashga majbur. Shartnomasiz ishlash degani va’da qilingandan kam oylik berish yoki ayrim hollarda bermaslik, belgilangan soatlardan ortiq ishlatish, sog‘lik yomonlashganda ijtimoiy himoya va tibbiy sug‘urta imkonsizligini anglatadi. Ya’ni Rossiyadagi qirg‘izistonliklarning 1/3 qismiga o‘z mamlakatining ittifoqqa a’zoligi hech qanday naf keltirmadi, deyish mumkin. Ayni paytda Rossiyada o‘zbekistonliklarning soni 2 million nafardan ko‘pligini inobatga olsak, O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilgan taqdirda ham 700 mingga yaqin kishiga a’zolik ortidan patent bekor bo‘lishi hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin”.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан