Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekiston – Yil davlati: yaxshi xabar, katta mas’uliyat
24.12.2019 15:22,  
545

Keling ikki xil o‘quvchini tasavvur qilamiz: a’lochi va “ikkichi”. A’lochi o‘quvchining tasodifan ikki baho olishi butun maktabda ovoza bo‘lsa, “ikkichi”ning har kuni sanoqsiz ikki olishi tabiiydek qaraladi. Nima uchun bunday? Chunki, bir o‘quvchining a’lochi deb e’tirof etilishi ayni paytda o‘sha o‘quvchiga a’lochilarga xos mas’uliyatni ham yuklaydi. Aytmoqchi bo‘lganim, agar siz kimningdir e’tirofidamisiz, bilingki, endi siz o‘sha e’tirofchalik mas’uliyatda hamsiz!

Londonda joylashgan “The Economist” haftalik iqtisodiy jurnali o‘zining yil davlati unvoni g‘olibi – O‘zbekiston deb e’lon qildi. Ko‘p o‘zgarishlarni e’tirof etdi. Lekin, qiziq tomoni bu e’tiroflardan oldin maqolada ikki so‘z bilan nimagadir ishora qilib o‘tib ketgani bo‘ldi.

“Yil davlati” unvoni yil davomida ko‘plab yaxshi o‘zgarishlar qilgan davlatga beriladi va istalgan paytda “olib qo‘yilishi” va malomatga qolishi ham mumkin. Masalan, Myanma 2015 yilda katta o‘zgarishlari bilan “Yil davlati” unvoniga muyassar bo‘lgan edi va mana bu yilga kelib “The Economist” o‘sha tanlovning xato bo‘lganini e’tirof etmoqda:

“Yangi erishilgan demokratiya va tinchlik har doim ham davom etavermaydi. Misol uchun, Myanma lideri Aun San Su Chji o‘z mamlakati askarlari tomonidan musulmon bo‘lgan rohinjalarning etnik tozalanishi ustidan Gaagadagi Xalqaro Sudda paydo bo‘lganida buni yana bir bor isbotlab qo‘ydi”.

Shundan keyin maqolada 2019 yildagi boshqa davlatlarga tegishli muhim o‘zgarishlar ham eslab o‘tilgach, O‘zbekiston haqida:

“… Xavfsizlik xizmati boshlig‘i 2018 yilda ishdan bo‘shatilgandan so‘ng, janob Mirziyoyev o‘tgan yil davomida jadal sur’atlar bilan islohotlarni boshladi. Uning hukumati asosan majburiy mehnatga barham berdi. Eng mashhur turma lageri yopildi (“Jasliq” qamoqxonasi nazarda tutilmoqda - tarjimon). Chet ellik jurnalistlarning O‘zbekistonga kirishlariga ruxsat berildi. Byurokratlarga kichik biznes sub’yektlarini pora (olish va berish) bilan sun’iy tazyiq o‘tkazish taqiqlandi (ilgari doimiy ravishda qilinar edi). Yanada ko‘proq chegara o‘tish joylari ochildi va bu o‘z navbatida Markaziy Osiyoning chalkashib ketgan chegaralari sababli bo‘linib ketgan oilalarni birlashtirishga yordam berdi. Chet el texnokratlariga davlatning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga yordam berish uchun takliflar jo‘natildi.

O‘zbekistonda yangi yil oldidan parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak. Garchi bu saylovlar, barcha partiyalar janob Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlashi hamda ba’zi tanqidchilarning hamon panjara ortida qolayotganliklari sababli, demokratiyadan ancha yiroq bo‘lsa ham, ba’zi nomzodlar ilgarigi hukumat vaqtida o‘ylash ham mumkin bo‘lmagan ba’zi yengilgina tanqidlarini taklif qilisha olmoqda. Oddiy o‘zbeklar ham (yarim tunda sudrab ketilishdan qo‘rqmay), o‘zlarining siyosiy kampaniyalaridan xursandligini yoki qandaydir siyosiy sinf haqida o‘z noroziliklarini bildirishmoqda. To‘g‘ri, O‘zbekiston hali oldinda anchagina yo‘lni bosib o‘tishi kerak, ammo 2019 yilgacha biron bir mamlakat O‘zbekistonchalik yo‘lni bosib o‘tmadi.“

Xulosa sifatida aytish mumkinki, “The Economist” kabi nufuzli xalqaro jurnalda bu kabi ijobiy maqolaning chiqishi O‘zbekistonni 2019 yilni yaxshi imij bilan tamomlashiga imkon berishi bilan bir qatorda 2020 yilni ham eng kamida aynan shunday o‘zgarishlar trendi bilan boshlash va o‘tkazish kabi mas’uliyatni ham yuklaydi. Bu mas’uliyatni “The Economist” maqolaning boshlanishida Myanma misolida ishora qilib o‘tib ketdi. Chunki, investorlar hali hanuz O‘zbekiston uchun qaror qabul qilishlarida “kutish va kuzatish” rejimini yoqib olganlar.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан