O‘zbekistonda 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekistonda 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2020 yilning 1 aprel sanasidan qonunchilik sohasida yuz beradigan o‘zgarishlarni yana bir bor aholiga eslatib o‘tdi.

1. Jismoniy shaxslar tomonidan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlar soliqqa tortishdan ozod qilinadi.

2. Import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarining tezkor tartibda, shu jumladan ruxsat beruvchi hujjatlarni O‘zbekiston hududiga kirib kelgunga qadar berish orqali bojxona rasmiylashtiruvi mexanizmi joriy etiladi.

3. 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 10 foizga oshiriladi.

4. 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda:

yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytiriladi;

alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdori 5 foizdan 3 foizga pasaytiriladi;

umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yig‘imlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytiriladi.

5. 2020 yil 1 apreldan 1 iyulgacha bo‘lgan davrda turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatiladi.

6. 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda “O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

7. Tuman (shahar) maktabgacha ta’lim bo‘limlari ushbu hududdagi bog‘chalar sonidan kelib chiqib, I, II va III guruhlarga ajratiladi va shu asosda maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi takomillashtiriladi.

8. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartib joriy etiladi. (Ma’lumot o‘rnida: hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasining ushbu tartibni nazarda tutuvchi qarori loyihasi regulation.gov.uz portalida umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan).

9. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining ishini tizimli nazorat qilish, malakali kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish, huquqni qo‘llash amaliyotini muvofiqlashtirish, “FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimini yuritish va FHDYo organlarining hududiy arxivlariga rahbarlik bo‘yicha funksiyalarni yuklagan holda FHDYo organlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

10. Quyidagi davlat xizmatlari Toshkent shahrida faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ko‘rsatiladi:

  • Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi o‘simliklar va ularning qismlarini olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
  • Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, hayot faoliyati mahsulotlari, zoologiya kolleksiyalari, trofeylar, tulumlarni olib kirish va olib chiqishga ruxsatnoma;
  • Qizil kitobga kiritilmagan yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha pitomnikni, shuningdek, zoologik kolleksiyalarni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • Tadbirkorlik sub’yektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik sub’yektining o‘zi to‘g‘risida ko‘chirma;
  • Tadbirkorlik sub’yektlari yagona davlat reyestridan ko‘chirma, maxfiy axborot bundan mustasno;
  • Tadbirkorlik sub’yektlari yagona davlat reyestridan so‘ralayotgan axborot va (yoki) hujjat mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish;
  • Tadbirkorlik sub’yektlari yagona davlat reyestridan tadbirkorlik sub’yektlari ro‘yxatini elektron shaklda berish, olish imkoniyati qonun hujjatlari bilan cheklangan ma’lumotlar bundan mustasno;
  • Manzil-ma’lumot axborotlarini taqdim etish;
  • Soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarni soliq organlarida hisobga qo‘yish, STIR berish;
  • Yakka tartibdagi tadbirkorning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini to‘xtatib turish.

11. Tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati Qibray va Toshkent tumanlari, Farg‘ona viloyati Farg‘ona va Oltiariq tumanlari hamda Qashqadaryo viloyati Kitob va Nishon tumanlarida:

  • jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun shaffof va ochiq tanlov o‘tkazish orqali ajratish mexanizmi joriy etiladi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga keyinchalik tanlovga qo‘yish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish huquqini taqdim etgan holda maxsus geo portal orqali yer uchastkasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish huquqi beriladi;
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish huquqining bozor qiymatini baholash hamda ulardan soliqqa tortishda foydalanish mexanizmi joriy etiladi.

12. Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri tomonidan fuqarolarning hisobda turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish amaliyoti bekor qilinadi.

  • Fuqarolarga Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hamda Narkologiya dispanseri hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali taqdim etiladi.
  • Narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladi.

13. Shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi.

  • Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan so‘ng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning oila a’zolaridan birini, ular bo‘lmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish bo‘yicha majburiyat yuklanadi.

14. Byudjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi mablag‘lariga nisbatan Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisob varaqlari ochish orqali g‘azna ijrosi mexanizmi joriy etiladi.