Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonda bir emas, bir nechta vaksinalar sinaladi – Ibrohim Abdurahmonov
5.11.2020 02:17,  
312

Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti ishlab chiqqan COVID-19'ga qarshi vaksina sinovining uchinchi bosqichi O‘zbekistonda ham o‘tkaziladi. Ushbu institut va «Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical» kompaniyasi bilan O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi muzokaralar olib bormoqda.

Innovatsion rivojlanish vaziri, biolog olim Ibrohim Abdurahmonov «Xalq so‘zi» gazetasiga bergan intervyusida sinov davomida 5 ming kishini emlash bilan bog‘liq savollarga javob berdi.

«Sinov boshlashdan oldin ko‘ngillilar o‘qitiladi»

– Rekombinant vaksina sinovlarini o‘tkazish uchun oilaviy poliklinikalarni jalb qilgan holda ko‘ngillilar tanlab olinyapti. Oldin ularni o‘qitib, bu narsaning ma’nosini tushuntirib, keyin sinovni amalga oshiramiz.

Men ko‘ngillilar bo‘yicha birorta kamchilik bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Biz O‘zbekistonga transferini amalga oshirmoqchi bo‘lgan rekombinant vaksinaning 2-faza sinovlari Xitoyda mingdan ortiq ko‘ngillilarda muvaffaqiyatli tugagan. Hozir kamida 15 ming odamda 3-faza sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan va shundan 5 ming ko‘ngillini O‘zbekistondan tanlab olib, sinovdan o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik olib boryapmiz.

Vaksina necha yoshlilarda sinovdan o‘tkaziladi?

– Bu yerda maxsus protokollar bilan yosh chegarasi aniqlangan. 18dan 59 yoshgacha bo‘lganlar bitta guruh bo‘ladi va yana bir guruh ko‘ngillilar 60 yoshdan yuqorilar hisoblanadi. 1-bosqichni biz 18dan 60 yosh oralig‘idagi ko‘ngillilar bilan boshlaymiz.

An’anaviy tarzdagi vaksinalarda o‘ldirilgan viruslar to‘g‘ridan to‘g‘ri odam organizmiga yuborilib, ularda antitelalar hosil qiladi va bu eng birinchi sinovlari yakunlanayotgan vaksinalar turi hisoblanadi.

Biz hozir sinovdan o‘tkazayotgan vaksinaning xavsizlik darajasi yuqori. Sababi unda virusning nihoyatda kichik bo‘lagi bor.

Ikkinchidan, bu COVID'ning turli shtamplariga universal ta’sirga ega. Shuningdek, narxi ham boshqa vaksinalarga nisbatan arzon.

«Ko‘ngillilarning teng yarmi – platsebo guruhi. Ular haqiqiy vaksina olmaydi»

– Vaksina sinovida bitta narsani tushunish kerak. 5000 vaksinani oladigan ko‘ngillining teng yarmi – 2500 nafari haqiqiy vaksina olmaydigan odamlar bo‘ladi. Ya’ni 2500 nafari haqiqiy vaksina oladi, qolgani haqiqiy vaksina olmaydi va kim qanaqa vaksina olganini, qanaqa ampula ishlatilganini hech kim bilmaydi.

Bu shunday tasodifiylashtirilgan bo‘lib, kimga haqiqiy vaksina yuborilganini men ham, sog‘liqni saqlash vaziri ham, hatto kompaniya rahbarlari, xodimlari ham bilmaydi.

Bunday qilishdan maqsad – vaksinaning qanchalik samaradorligini aniqlash, sub’yektiv aralashuvlarni kamaytirishdir.

«Sinovdagi vaksinadan vafot etganlar yo‘q»

– Dunyo miqyosida koronavirus vaksinalarining 11tasi sinovlarning 3-bosqichiga yetib keldi. Bu vaksinalar oqibatida vafot etganlik holatlari yo‘q. Birgina AstraZeneca kompaniyasi ishlab chiqqan vaksinaning 3-bosqich sinovida bir kishi vafot etdi, ammo keyin ma’lum bo‘ldiki, vafot etgan odam platsebo guruhida bo‘lgan, u haqiqiy vaksinani olmagan.

O‘zi barcha dori-darmonlar platsebo usulida tekshiriladi. Emlangandan keyin men vaksina oldim deb hayajonlanish oqibatida kasallikka chalinib qolish holatlari yoki aholi orasida har xil ijtimoiy va yosh qatlamlari borligi hisobga olinib, bu kabi holatlarda qanday chora ko‘rilishi haqida ham protokollar belgilab olinadi.

Biz olib keladigan vaksinadan vafot etganlar yo‘q. Uning nojo‘ya ta’sirlari 1 foizdan oshmaganini ko‘rgandan keyin vaksinani sinovdan o‘tkazishga qaror qildik.

[...] Biz tanlagan vaksinaning xavfsizlik darajasini eng yuqori deb hisoblayman. E’tiborimizni tortgan birinchi jihat shu. Ikkinchidan, bu – COVID-19'ning turli shtammlariga universal ta’sirga egaligi e’tiborimizni tortgan. Nafaqat COVID-19, balki boshqa koronaviruslar – SARS, MERS viruslariga ham universal ta’sir qiladigan beta vaksina sifatida namoyon bo‘lgani e’tiborimizni tortdi. Men o‘zim genetik olim sifatida, buning ma’nosini yaxshi tushunganim uchun shu vaksinani o‘rganishga qaror qildik.

Bundan tashqari, gen muhandisligiga asoslangan bo‘lgani uchun, bu vaksinani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish boshqa vaksinalarga nisbatan ancha arzonga tushadi. Shu jihat ham e’tiborimizni tortdi.

«Vaksinaning aks ta’siri sezilgan fuqaroning xarajatlari qoplab beriladi»

– 5000 ko‘ngillining barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Qo‘shimcha kasalliklari bormi, bor bo‘lsa, uning xavfliligi qay darajadaligi tekshiriladi. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyin tibbiy sug‘urta qilinadi. Tibbiy sug‘urtada vaksina tufayli nojo‘ya ta’sirlar seziladigan bo‘lsa, qanday xarajatlar ketishi belgilanib, oldindan chora ko‘riladi.

Ko‘ngillilar bir yil davomida 8 marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib boriladi. Vaksinadan keyin yarim soat vrach ko‘rigida bo‘lishadi. Agar nojo‘ya ta’sirlari bo‘ladigan bo‘lsa, avvalo tibbiy sug‘urta va hamkor kompaniya qoplab beradi.

Nojo‘ya ta’sirlar

– Nojo‘ya ta’sirlar bo‘lishi mumkin. Masalan, vaksina olgandan keyin harorat ko‘tarilishi, vaksinaga antitela ishlab chiqarish jarayonida, albatta, tanada o‘zgarish bo‘ladi. Shuning uchun har bir ko‘ngilliga xavf guruhiga kirmaydigan o‘zgarishlar tushuntiriladi.

Agar 15 foizdan ko‘p odamda nojo‘ya ta’sirlar sezilsa, vaksinani qayta o‘rganib chiqish boshlanadi. Agar nojo‘ya ta’sirlar 30 foiz odamda kuzatilsa, vaksina darhol to‘xtatiladi.

Vaksinalash jarayoniga 2ta ilmiy markazni asosiy mas’ul sifatida belgilab oldik. Birinchisi – Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi. Ikkinchisi – Sog‘liqni saqlash vazirligining Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti.

Nega vaksina bilan Innovatsiya vazirligi shug‘ullanyapti, SSV emas?

– Sog‘liqni saqlash vazirligi turgan paytda, nima uchun vaksinalar bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi shug‘ullanyapti, degan savol ham ko‘p berilyapti. Asosiy omil sifatida shuni aytmoqchimanki, vaksinalar – bu yuqori va innovatsion texnologiyalardir.

Vaksina masalasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan juda ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan. Bir nechta vaksina sinovlarini o‘tkazish va aholimizga olib kelish bo‘yicha qator shartnomalarga erishilgan va bular amalga oshirilyapti. Bizning vazirligimiz esa yuqori texnologiyalarga asoslangan vaksinalar, dori preparatlari, davolash usullari bo‘yicha kuzatuvlarni amalga oshirgani uchun ham vaksinalash transferini amalga oshirish bizning vazifamiz hisoblanadi.

Innovatsiyada, ya’ni umuman yuqori texnologiyalar transferini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi sifatida, biz pandemiya davrida dunyo olimlari tomonidan yaratilgan texnologiyalarga befarq emasmiz, ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yayapmiz. Vaksina bo‘yicha ishlar Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilyapti.

O‘zbekistonda yana boshqa turdagi vaksinalar ham sinovdan o‘tkazilishi kutilmoqda

– Hozir Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Rossiyada ishlab chiqarilgan Sputnik-V vaksinasi sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu – adenovirus tipidagi vaksina va klinik sinovlarga qo‘yilganiga ancha bo‘lgan. Rossiyada ancha ko‘plab odamlarda sinovdan o‘tkazilyapti.

Yana bir vaksina – Xitoyning «Sinopharm» kompaniyasining o‘ldirilgan, kuchsizlantirilgan viruslarga asoslangan vaksinasi. Bu ancha oldingi texnologiya, hozirga qadar yetilib, pishib, tayyorlik darajasi yuqori bo‘lgan vaksina. Bu vaksinani O‘zbekistonga olib kelish bilan ham Sog‘liqni saqlash vazirligi shug‘ullanmoqda.

Lekin biz, yana bir marta aytaman, Innovatsion rivojlanish vazirligi sifatida rekombinant oqsil molekulasiga asoslangan vaksinani olib kelyapmiz. Xalqimizni koronavirus vaksinasi bilan ta’minlash uchun biz bir necha xil vaksina sinovlarini o‘tkazishimiz kerak. Bu – Rossiya vaksinalari ham, Yevropadagi AstraZeneca ham, AQShdagi Moderna kompaniyasining vaksinalari ham yoki mana Xitoyning vaksinalari ham bo‘lishi mumkin.

Bir nechta vaksina sinovini parallel ravishda o‘tkazish – davr taqozosi. Chunki koronavirusning ham har xil tiplari bor. Bir hududda yaratilgan vaksina ikkinchi hudud uchun yetarlicha samarali bo‘lmasligi mumkin. Aholi genetikasiga qarab ham samarasi har xil bo‘lishi mumkin.

Albatta, vaksina tekinga kelmaydi. Juda ham qimmat texnologiya bo‘ladi. Ularni sotib olar ekanmiz, albatta, samaralisini tanlab olishimiz kerak. Shuning uchun bir paytning o‘zida bir nechta vaksinalar ustida ishlar olib borilyapti, aholimiz buni to‘g‘ri tushunishi kerak.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан