O‘zbekistonda elektr hisoblagichlarni davriy qiyosdan o‘tkazish xarajatlari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlar hisobidan qoplanadi.
Bu Hukumatning 2020 yilning 28 fuvralida qabul qilingan “Tadbirkorlik sub’yektlarini elektr tarmoqlariga ulash tartibini soddalashtirish va biznes muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 martdan boshlab:
- elektr energiyasining barcha iste’molchilariga elektr hisoblagichlarni davriy qiyoslashdan o‘tkazish uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlarga murojaat qilish huquqi berildi;
- ushbu tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilinganda, qiyoslashdan o‘tkazish xarajatlari mazkur tashkilotlarning hisobidan qoplanadi.
Qarorga ko‘ra, elektr hisoblagichlar DXMlar orqali faqat hisoblagichning sozligi yoki qo‘llashga yaroqliligi, metrologik tasniflari bo‘yicha munozarali savollar tug‘ilganda qiyoslashdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, 2020 yilda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning hududiy tashkilotlari tarkibida temir-beton tayanchlari, metall va beton mahsulotlarini ishlab chiqarish sexlari va qurilish bo‘linmalari tashkil etiladi.