Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonda fuqarolarning qiynoqqa doir murojaatlarini ko‘rib chiqadigan qo‘mita tuziladi
29.05.2020 15:52,  
86

Avval xabar qilganimizdek, bugun 29 may kuni Bosh prokuraturada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (Ombudsman) bilan hamkorlikda brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda Bosh prokuratura huzurida faoliyat olib borayotgan Jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo ekspert guruhining yetakchi mutaxassislari va Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ham ishtirok etdi.

Tadbirda, qiynoqlarni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va prezidentning «Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi haqida so‘z bordi.

Ma’lum qilinishicha, 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, shuningdek tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Respublika Prezidentining «Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qiynoqning oldini olish qo‘mitasini tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu qo‘mita huquqni muhofaza qiluvchi alohida organ, ya’ni insonning qiynoqdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash bo‘yicha respublika davlat boshqaruvi organi sifatida o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshirishi, o‘z faoliyatida Respublika Prezidenti va Oliy Majlisi palatalariga hisobdor bo‘lishi belgilangan.

Loyihada Qo‘mitaning asosiy vazifalari sifatida:

  • – jismoniy va yuridik shaxslarning qiynoqqa doir murojaatlarini ko‘rib chiqish;
  • – qiynoq holatlariga doir ishlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish;
  • – jinoyat ishini yuritish chog‘ida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish;
  • – qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning o‘rni qoplanishini ta’minlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish;
  • – qiynoq holatlari sodir etilishiga sharoit yaratgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlik masalasi hal etilishini ta’minlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, loyihada ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar sutkaning istalgan vaqtida telefon orqali, shu jumladan videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin bo‘lgan Qiynoqning oldini olish qo‘mitasining “call-markazi”ni tashkil etish belgilangan.

Bundan tashqari, loyihada Qo‘mita qiynoqning oldini olish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul davlat organi sifatida Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, Prezident huzuridagi Jamoatchilik palatasi bilan birgalikda faoliyatlarini o‘zaro muvofiqlashtirgan holda:

– ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar saqlanadigan joylarga muntazam ravishda monitoring tashriflarini amalga oshirishi, ushbu shaxslar bilan moneliksiz uchrashishi, uchrashish jarayonida tarjimon xizmatidan va ma’lumotlarni qayd etish uchun elektron vositalardan foydalanishi, shaxsni tibbiy, psixologik tekshiruvdan o‘tkazish uchun mutaxassislarni jalb qilishi;

– qiynoqdan himoyalanish huquqini ta’minlash masalasida yangicha dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan maxsus dastur bo‘yicha tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va jazoni ijro etish faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlarini har yili o‘qitishni yo‘lga qo‘yishi nazarda tutilgan.

Muhim jihatlardan yana biri, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahrirdagi loyihalarida ushlab turilgan va qamoqqa olinganlarga nisbatan qiynoqning barvaqt oldini olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha aniq huquqiy mexanizmlarni belgilash nazarda tutilgan.

Shuningdek, qiynoq uchun javobgarlik belgilovchi normalarni BMTning «Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi Konvensiyasi» talablariga muvofiqlashtirilishini ta’minlash belgilangan.

Loyihada BMTning ushbu Konvensiyasining Fakultativ protokoliga (Nyu-York, 2002 yil 18 dekabr) O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilishining maqsadga muvofiqligi masalasini o‘rganish va asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari hamda ilg‘or xorijiy amaliyotga asoslangan holda «Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан