O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlar soni 700 nafardan oshdi

O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlar soni 700 nafardan oshdi

Poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 2 nafar, Xorazm viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida 16 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar butunlay sog‘aydi. Ular respublika va viloyat sog‘liqni saqlash sohasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlardan 1 nafari (4 yoshli bola) Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Yana 1 nafari (40 yoshli erkak) Buxoro viloyatidan bo‘lib, Rossiyadan charter reysda kelgan. Ushbu klinikada shu paytga qadar 68 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 70 nafarga yetdi. 

Xorazm viloyatida sog‘ayganlarning 15 nafari joriy yil 22 mart kuni Rossiyadan charter reys bilan kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.  Qolgan 1 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Ulardan 15 nafari erkak, 1 nafari ayoldir. Bemorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatidan 3 nafardan, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridan 2 nafardan, Namangan, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 54 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 22 yoshda.

Xorazm viloyatidan ayni paytga qadar 45 nafar bemor butkul sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 61 nafarga yetdi.

Shunday qilib, bugun ayni paytga qadar 86 nafar bemor tuzalib, mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar 707 nafarni tashkil etmoqda.