O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash tadbirlari qachondan boshlanishi aytildi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash tadbirlari qachondan boshlanishi aytildi

O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari fevral oyi oxirida boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshliq o‘rinbosari Botir Qurbonov «Sevimli» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

«Vaksinatsiya jarayonlari butun dunyoda to‘g‘ri amalga oshirilishi, koronavirusga qarshi vaksinalar to‘g‘ri taqsimlanishini nazorat qiluvchi mexanizm - COVAX tashkiloti tashkil etilgan. Unga a’zo davlatlar qatoriga O‘zbekiston ham kiritilgan.

GAVI tashkiloti - Emlash va immunizatsiya bo‘yicha global alyans tomonidan O‘zbekiston uchun buyurtma berilgan. 2021 yilning 8 yanvarida respublika aholisining 20 foiziga yetarli miqdorda birinchi buyurtma berilgan. Buni bosqichma-bosqich amalga oshirish to‘g‘risida COVAX tashkilotidan rasmiy ma’lumot olingach, bugungi kunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qo‘llashga ruxsat berilgan Pfizer-BioNTech vaksinasini O‘zbekistonda ham emlash jarayonlariga jalb qilish uchun 100 ming doza buyurtma qilingan. 

Ushbu vaksina 1-1,5 oy muddat ichida keltirilishi ko‘zda tutilgan. Vaksina -70 daraja haroratda saqlanishi uchun muzlatgichlar tayyorlab qo‘yilgan», degan u.

Botir Qurbonov O‘zbekistonda ommaviy emlash jarayoni qachon boshlanishi to‘g‘risidagi savolga ham javob qaytargan.

«Respublikamizning barcha aholisini emlash tadbirlari bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Amerikada ishlab chiqilgan vaksinadan 100 ming doza buyurtma qilingan. Keyingi navbatda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan vaksinalar bosqichma-bosqich sotib olinib, yurtdoshlarimizni emlash boshlanadi.

Pfizer-BioNTech vaksinasi bilan emlash tadbirlari fevral oyi oxiri, mart oyi boshlarida boshlanadi», degan u.

  • Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion so‘m ajratiladi.
  • Bundan avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev COVAX fondi orqali Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi Comirnaty vaksinasini O‘zbekistonga 100 ming doza miqdorida olib kelinishi bo‘yicha buyurtma berilganini, emlash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida GAVI tomonidan 17ta katta hajmdagi refrijeratorlar va 206ta yuk tashuvchi miniven avtotransport vositalari taqdim etilganini ma’lum qilgandi.
  • U O‘zbekistondagi mutaxassislar «Sputnik V»ning 3-klinik sinov bosqichlari natijalariga oid ma’lumotlarni o‘rganayotgani, shuningdek, O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini tezkor sertifikatsiyalash masalasi ustida ishlanayotgani va vaksina ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilayotgani haqida ham ma’lumot bergandi.