Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonda muxolifat qanday shakllanadi?
28.12.2019 15:53,  
2176

Prezident Mirziyoyev muxolifat borasida fikr bildirib, u O‘zbekistonning ichida yetishib chiqishi lozimligini, chetdan eksport qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. Prezidentning muxolifat borasida fikr bildirishi, bu institut kerakligini tan olishi – tahsinga loyiq. Chunki, O‘zbekistonda shakllantirilgan oldingi siyosiy madaniyat, siyosiy mafkuraga ko‘ra – muxolifat, u qanday va qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, destruktiv (buzg‘unchi) kuch sifatida e’tirof qilinar edi. Endi, Prezident muxolifatni O‘zbekistonning ichida yetishib chiqishi lozimligini aytibdi. Nazarimda, muxolifat borasida quyidagi nuqtalarga to‘xtalib o‘tish lozim:

Birinchidan, Menimcha, Prezident “muxolifat” masalasini ko‘tarishdan oldin, undanda muhim masalalar mavjud edi. Jumladan, O‘zbekistonda siyosiy partiyalar va parlamentning to‘liq erkin bo‘lishi, har qanday yashirin va oshkora bosimlardan xoli bo‘lishi borasida jiddiy bayonotlar qilinmadi, jamiyatga va ushbu institutlarga murojaatlar yo‘llanmadi. Shuningdek, O‘zbekistonda haliga qadar “akademik erkinlik” nima ekani, u taraqqiyotimiz uchun naqadar muhim ekanligi urg‘ulanmadi. Hukumat akademik doiralarni yig‘ib, bu boradagi o‘zining murojaatlarini va ehtiyojlarini bildirmadi. Ya’ni, erkinlikni parvarishlashda, O‘zbekistonni ichidagi siyosiy va akademik doiralardan boshlanishi lozim edi.

Hali O‘zbekiston jamoatchilik tafakkuri qo‘rquv va hadiklardan, ehtiyotkorliklardan qutila olgani yo‘q. Kichik bir voqealar ham ijtimoiy tafakkurdagi qo‘rquvlarni tezda yangilash salohiyatiga ega. Akademik erkinlikning vazifasi – universitetlar, institutlar, ilmiy muassasalarning faoliyati doirasida, O‘zbekistonning muammolarini ilmiy anglash va unga kollektiv aql-idrok bilan javob izlash hisoblanadi. Akademik erkinlik – har qanday erkinliklarning ajralmas qismi, qolaversa, yuqori cho‘qqisi hisoblanadi.

Odatda, olimlar va ilmiy doiralar har doim juda ehtiyotkor bo‘lishadi. Akademik erkinlik orqali, biz O‘zbekistonning eng katta muammolarini ehtiroslarsiz, siyosiy zo‘riqishlarsiz (kurashlarsiz) anglashimiz mumkin bo‘lardi.

Siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlar, parlamentni siyosiy faollashtirishning vazifasi – O‘zbekistonda erkinlikni va barqarorlikni muvozanatda parvarishlash hisoblanadi. O‘zbekiston ichidagi har qanday shaxs va muassasa, O‘zbekiston davlati va jamiyatidagi fobiyalarni yaxshi his qiladi, u bilan hisoblashadi. Davlatning bugungi kundagi vazifasi shundan iboratki, muxolifat yaratishdan oldin, mavjud institutlarning ongli va malakali faolligini shakllantirish lozim.

Shu sabab, akademik erkinlik shakllanmagan, siyosiy institutlar ehtiyotkorlik va qo‘rquv holatidan chiqmagan bir davrda, muxolifat masalasining ko‘tarilishi – ziddiyatli reaksiyalarga, munosabatlarga olib kelishi mumkin: a) davlat populizmda ayblanishi; b) muxolifat tushunchasini qadrsizlanishiga; s) xorijdagi muxolif kuchlarning davlat bilan murosa va muloqotdan umidini uzib, davlat legitimligini majruhlantirish kayfiyatiga o‘tishi...

Ikkinchidan, Prezident “xorijdagi muxolifatni O‘zbekistonga qo‘ymaymiz” deganida, ko‘rinib turibdiki, u “parlament muxolifati” yoki “rasmiy tizim doirasida institulashgan muxolifatni”, ya’ni, rasman ro‘yxatdan o‘tgan muxolif partiyalarni nazarda tutmoqda. Lekin, vaziyat ancha murakkab. Muxolifat – hozirgi davrda, eng avvalo ijtimoiy fikrni va ijtimoiy kayfiyatni shakllantiruvchi, yo‘naltiruvchi, davlat legitimligiga ta’sir qiluvchi kuch hisoblanadi.

Odamlar, o‘z kayfiyatlariga qarab, salbiy yoki ijobiy kayfiyatlar, g‘oyalar va faoliyat manbasi bo‘lishi mumkin. Odamlarning O‘zbekiston davlati, hukumatiga nisbatan munosabati, qolganlarning ham kayfiyatiga tezda va yuqori darajada ta’sir qiladigan davrda yashayapmiz – bu globallashuv davri. Bu odamlar o‘zlarini muxolif hisoblaydimi-yo‘qmi, O‘zbekiston ichidami yoki tashqarisida – ahamiyati yo‘q. Jamoatchilik fikrida, bu odamlar O‘zbekistonga daxldor deb ko‘rilsa bo‘ldi – uning e’tirozlari va muammolari hukumatning legitimligiga albatta ta’sir qiladi.

O‘tgan davrda, O‘zbekiston muxolifati hukumatga, asosan, ikki-uch yo‘nalish bo‘yicha zarba berishga muvaffaq bo‘ldi. Birinchisi, muxolifat o‘zining faoliyatini davlatning legitimligini yer bilan yakson qilishga qaratdi va bu maqsadiga jiddiy bir darajada erishdi: dunyo O‘zbekistonni qattol diktatura sifatida ko‘rdi, hech kim davlatimizni qadr-qimmatga, hurmatga loyiq deb ko‘rmadi. Ikkinchisi, muxolifat O‘zbekistonning g‘arb bilan munosabatlarini majruhlashga intildi va bu borada ham jiddiy natijalarga erishdi. Endi, O‘zbekiston davlatining siyosati shunday bo‘lishi kerakki, xorijdagi vatandoshlar O‘zbekiston Prezidentini xalqaro maydonda sharmanda qilishdan, uni yo‘llarida namoyishlar qilishdan tegilishi kerak.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, men, quyidagilarni tavsiya qilgan bo‘lar edim:

Birinchidan, xorijdagi vatandoshlar bilan dialog o‘rnatish, ularni O‘zbekistonga muxolifat sifatida emas, shaxs va vatandosh sifatida taklif qilish, ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim. Bu borada, shaxslarni ajratish, kimlarnidir xavfli deya muloqotdan chetda qoldirish maqsadga muvofiq emas. Chunki, aynan muloqotlardan chetlatilgan shaxslar keyinchalik muxolif kayfiyat va faoliyatning markaziga aylanishi mumkin. Bugungi kunda xorijda markazlashgan, kuchli muxolif tashkilotlar mavjud emasligi, muloqotlar uchun qulay siyosiy fursat hisoblanadi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonda hukumat akademik erkinlik masalasiga jiddiy yondashishi lozim. Olimlar o‘z faoliyatida hech qanday senzurani his qilmasligi kerak. O‘zbekistondagi ilmiy doiralar davlatning va jamiyatning barcha muammolarini o‘z ishlarida keng muhokama qilishi, ularni o‘rganish va jamiyatga bildirishni kafolatlanishi lozim. Busiz O‘zbekistonda taraqqiyot imkonsiz. Lekin, o‘tgan uch yil ichida O‘zbekiston ilmiy doiralarining jiddiy faollashgani, ilmiy nashrlarda jamiyat muammolarining yoritilish soni oshganligi kuzatilmadi.

Uchinchidan, O‘zbekiston ichidagi nodavlat sektori, partiyalar va parlament o‘z faoliyatini jiddiy kuchaytirishi uchun, davlat ularni tafakkuridagi qo‘rquvni yuvishda faol ishtirok etishi, OAVlarida tanqidiy va erkin fikrlarni kengroq berib borish orqali, ijtimoiy tafakkur o‘zgarishiga erishish lozim. Nodavlat sektorining, partiyalarning faollashuvidan maqsad – muxolifat yetishtirishni tezlashtirish yeki bu yo‘lni monopoliya qilish emas, jamiyatdagi muammolarni imkon qadar tez va malakali kanallashtirish bo‘lishi lozim.

Xulosa: O‘zbekistonning ichki ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy muammolari bisyor. Davlat jamiyatdagi erkinlikni barcha sohalarda birdek parvarishlashi, hech bir joyda bosim qilmasligi va yoki boshqa joyda jarayonlarni sun’iy tezlashtirmasligi lozim. Lekin, davlat albatta o‘z legitimligini parvarishlab borishi, jarayonlarning markazida, kuchli va o‘ziga ishongan hakam rolini o‘ynashi lozim.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан