O‘zbekistonda shamol energetikasi hajmini 5 000 MVtgacha yetkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda shamol energetikasi hajmini 5 000 MVtgacha yetkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda shamol elektr stansiyalari (ShES)ni qurish uchun aniqlangan yer maydonlaridagi shamol potensiali ko‘rsatkichlari jahonda mavjud shamol elektr stansiyalarining o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori hisoblanadi.

Energetika vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda ShESlarni qurish bo‘yicha bir nechta loyihaga start berilgan.

Jumladan, BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyati Tomdi tumanida qiymati 600 million AQSh dollari bo‘lgan 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Ushbu stansiya 2024 yilda to‘liq foydalanishga topshirilgach, yillik 1,8 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va 1 yilda 546 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi Buxoro viloyati G‘ijduvon va Peshku tumanlarida qiymati 1,3 milliard AQSh dollari bo‘lgan 1000 MVt quvvatli 2ta ShES qurishi bo‘yicha kelishuv imzolangan bo‘lib, ushbu stansiyalar 2023 yilda ishga tushirilgach, yillik 3,6 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi yetkazib beriladi va yiliga 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz tejalishini ta’minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida qiymati 110 million AQSh dollari bo‘lgan 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda tanlov o‘tkazildi. “ACWA Power” kompaniyasi 1 kVt⋅soat elektr energiyasi uchun 2,57 AQSh senti tarif taklifi bilan tanlov g‘olibi bo‘ldi. Ushbu stansiya 2023 yilda ishga tushgach, yiliga 350 million kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi va bir yilda 106 million kub metr tabiiy gazni tejaydi.

Bildirilishicha, Energetika vazirligi shamol energetikasini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan rejalarni muddatidan oldin bajarmoqda. 2030 yilga qadar mamlakatda ShESlar umumiy quvvatini 5000 MVtga yetkazish kutilmoqda. Ularning katta qismini Qoraqalpog‘iston Respublikasida barpo etish nazarda tutilmoqda