Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonda so‘z erkinligi istiqboli
25.04.2020 14:04,  
1104

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti, 2020 yil uchun dunyo davlatlaridagi “so‘z erkinligi indeksi”ni nashr qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston o‘rganilgan 180 ta davlat ichida 156-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston so‘z erkinligi “murakkab” bo‘lgan qizil rangga bo‘yalgan. Qizil rangli davlatlarda so‘z erkinligi juda zaif, beqaror hisoblanadi.

Yangilikning yaxshi tomoni – o‘tgan o‘n yilliklarda O‘zbekiston doim qop-qora bo‘lib turardi: ya’ni, so‘z erkinligidan nom-nishon ham mavjud emas, davlat so‘z erkinligi bilan kurashardi, hukumat jurnalistlarni, blogerlarni va erkin axborotni o‘ziga dushman deb bilardi. Keyingi ikki-uch yil ichida, O‘zbekistonni reytingi biroz yaxshilandi, lekin, keskin o‘zgarish kuzatilmadi.

Vaziyatning muammoli tomoni – O‘zbekistonda so‘z erkinligi hali-hamon keng va barqaror emas. Shu sabab O‘zbekiston “so‘z erkinligi borasida murakkab bo‘lgan, xavotirli davlat” hisoblanadi. Reytingga ko‘ra, qo‘shni Qirg‘iziston – 82-o‘rinda, Afg‘oniston - 122, Pokiston - 145. O‘zbekistondan shundoq keyingi o‘rinda – Qozog‘iston - 157, Tojikiston - 161, Turkmaniston 179-o‘rinda.

O‘tgan ikki o‘n yillikda O‘zbekistonga taaluqli eng asosiy muhim xabarlar – davlatdan tashqarida shakllandi, tashqaridan jamiyatga uzatildi. O‘zbekiston o‘ziga daxldor axborotlar oqimi borasida to‘laligicha tashabbusni qo‘ldan boy bergan edi. Keyingi yillarda yangi ma’muriyat so‘z erkinligini islohotlar va yangi davlatchilik reputatsiyasi uchun markaziy qadriyatlardan biri sifatida ko‘rmoqda.

Yaqin yillarda O‘zbekiston ichidagi ziddiyatlar, ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar jadallashadi. Jumladan, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ham bunga qo‘shimcha sababchi bo‘ldi. Mana shu ziddiyatlar davrida so‘z erkinligini saqlab qolish, parvarishlash va barqaror institutga aylantirish – o‘ta muhim vazifa hisoblanadi. Davlatning ba’zi institutlarida, ko‘plab mulozimlarda, ijtimoiy barqarorlikni saqlash uchun so‘z erkinligini chegirishga moyillik kuchayib boraveradi.

Lekin, agar mana shu eskicha qarash ustun kelib, so‘z erkinligi chegiriladigan bo‘lsa, so‘z erkinligi va axborot tashabbusi yana oldingidek O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketadi va davlatning strategik reputatsiyasi tashqi kuchlar, shaxslar va guruhlarning yengil ob’yektiga aylanadi. Bu – islohotlar siyosatining tugaganini, yangi ma’muriyatning to‘liq muvaffaqiyatsizligini anglatadi. Hozircha umid qilishga asoslar borki, O‘zbekiston yangi ma’muriyati so‘z erkinligini o‘z siyosatining asosi, tarixiy muvaffaqiyatining sharti sifatida ko‘ryapti.

Kelajakda so‘z erkinligi va oldingi talqindagi barqarorlik, so‘z erkinligi va byurokratiya, so‘z erkinligi va hokimiyat o‘rtasida ko‘plab vaqtinchalik va fundamental ziddiyatlar paydo bo‘ladi. Agar so‘z erkinligi instituti muttasil ishlab tursa va ushbu ziddiyatlarda so‘z erkinligiga ustuvorlik berilsa – O‘zbekiston yaqin o‘n yillikda o‘zining global mavqeini ijobiy tarafga jiddiy o‘zgartira oladi, albatta.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан