Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonda Yalpi Ichki Mahsulot 5,5 foizga o‘sdi. Turmush darajasi-chi? (video)
18.01.2020 16:57,  
792

2019 yil O‘zbekistonda Yalpi Ichki Mahsulot 5,5 foizga o‘sdi. O‘zbekistonda u o‘tgan yili 58 milliard dollardan oshgan. Bu haqida o‘tgan hafta Iqtisodiyot va sanoat vazirligi xabar tarqatdi. Vazirlikka ko‘ra, u aholi jon boshiga 1741 dollarni tashkil etdi va bu, undan avvalgi yilgiga qaraganda 13,5 foizga o‘sgan. 

Xalqaro ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etadi. Hammayoqda ijobiy raqamlar. Lekin, siz buni sezdingizmi? Yalpi ichki mahsulotning o‘sishi sizning turmushingizni farovonroq qildimi? Sizning qanchalar farovon ekaningizni bu ko‘rsatkich o‘lchay oladimi? Bi-Bi-Si o‘zbek xizmati bu haqda lavha tayyorladi. 

Yalpi ichki mahsulot o‘zi nima?

Yalpi ichki mahsulot bir yil davomida, bir davlat ichida ishlab chiqarilgan mahsulot va ko‘rsatilgan xizmatlarni hisoblaydi. Bu yakuniy qiymat qanchalar yuqori bo‘lsa, mamlakat shunchalar iqtisodiy taraqqiy topgan, qudratli va farovon deb ko‘riladi.

Ammo, yalpi ichki mahsulot o‘ta materialistik tushuncha: Uning yagona maqsadi - yuqori darajali iqtisodiy ko‘rsatkichga erishish. Lekin, bu o‘sish aslida odamlarning turmush darajasini oshiryaptimi? Bu boshqa masala. Oxirgi yillarda dunyoda yalpi ichki mahsulot bo‘yicha birinchi o‘rinda turadigan Amerika qo‘shma shtatlarida bu shubha ostiga olina boshlangan. Ko‘plab tahlilchilarga ko‘ra, ha, iqtisod rivojlanyapti, lekin oddiy amerikaliklar, aksincha, qashshoqlashib boryapti. Mamlakatdagi boylik aholi o‘rtasida adolatsiz ulashiladi, tenglik darajasi yomonlashgandan yomonlashyapti.

O‘zbekcha misol... Aytaylik, siz Termizda yashaysiz. Ko‘changizda bir boyvachcha oila bor. U hashamatli saroyda yashaydi. Bu yil uning mashinalari soni beshtaga yetdi. Butun dunyodagi kabi, O‘zbekiston iqtisodi buni yaxshi ko‘rsatkich deya yillik hisobotga kiritadi, axir mamlakatda beshta qimmat mashina sotildi-ku, to‘g‘rimi? Lekin, mahalladagi mashinasi yo‘q odamlar ahvoli hisobotda aks etmaydi - ular jamoat transportida ishga qatnashda davom etadi.

Shuningdek, yalpi ichki mahsulot hisoblanganda, uning iqlimga ta’siri hisobga olinmayapti. Yana bir misol. Aytaylik, siz Baxmalda, tog‘li va o‘rmonli hududda yashaysiz. U yerda bir joy daraxtlardan tozalanib, tekislanib, katta savdo majmuasi qurildi. To‘g‘ri, bu ish o‘rinlarini yaratadi, yalpi ichki mahsulot oshadi, lekin iqlim-chi? Unga bo‘ladigan ta’sir o‘lchanadimi? Yoki, butun O‘zbekiston uchun ayanchli misol, paxtani oling. Paxtani sug‘orish uchun sarflangan suv va kelib chiqqan qurg‘ochilik, ishdan chiqqan yer yalpi ichki mahsulotda aks etganmi? Yo‘q. Bitta futbolka ishlab chiqarish uchun 2700 litr suv kerak bo‘lar ekan, lekin yalpi ichki mahsulotda suv emas, o‘sha futbolka hisoblanadi.

Yana bir g‘alati joyi shuki, agar qayerdadir to‘fon yo toshqin yuz bersa, hukumatlar qayta qurishga millionlab pul sarflaydi va bu xarajat yalpi ichki mahsulotni ko‘taradi, lekin odamlar uyidan, ishidan, hayotidan ayrilgani hisoblanmaydi.

1958 yilda "Badavlat jamiyat" kitobini chop qilgan Jon Kennet Gelbrayt yozgandi: "Tengsizlik odamlarni xavotirga solmay qo‘ydi". Hukumatlar qancha ko‘p miqdorda osh qilsang, hammaga ko‘proq osh yetadi deb o‘ylagandi, ammo bunday bo‘lmadi. Hozirda AQShda 10% aholi mamlakatdagi 75% boylikni nazorat qiladi.

Endi iqtisodiy ekspertlar, o‘zgarayotgan dunyoga mos, tabiiy zahiralarni asraydigan, inson farovonligi va tengsizlikni yo‘q qilishni maqsad qilgan yangicha usulni o‘ylab topishni taklif qilishmoqda. Chunki, yalpi ichki mahsulot toza havo, sog‘lik, umr ko‘rish muddati, jinslar tengligi, imkoniyat, ta’lim va ko‘plab boshqa jihatlarni o‘lchamaydi.

Iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Jozef Stiglitsning ogohlantirishicha, agar dunyo liderlari yalpi yachki mahsulotga mubtaloliklarini to‘xtatishmas ekan, iqlim tahdidi va moliyaviy tengsizlikka qarshi kurashish, hamda demokratiyaning tanazzulini to‘xtatish juda qiyin bo‘ladi. "Buni rivojlangan davlatlardagi siyosiy namoyishlarda ko‘ryapmiz, iqtisodiy shikoyatlardan foydalanib qolayotgan demagoglar kuchayishida, yong‘inlar avjiga chiqayotgan, toshqinlar va qurg‘oqchilik tobora ko‘p yuz berayotgan tabiatimizda ko‘ryapmiz" deydi u.

Xo‘sh, qanday muqobil yo‘llar bor?

1970-yillarda Butan qirolligi yalpi ichki mahsulot andazasidan voz kechib, Yalpi milliy baxtni (Gross national happiness) o‘lchay boshlagandi. U nafaqat ruhiy osoyishtalik, balki uyingizdagi televizorlar sonidan tortib, vaqtni qanday unumli o‘tqazishingizni o‘lchaydi. U yalpi ichki mahsulotga muqobil deb ko‘rilgan ilk tizim bo‘lgandi.

Birlashgan millatlar tashkilotining Inson taraqqiyoti indeksi (Human development index) asosan imkoniyatlar qanchalar teng ekanini o‘lchaydi. U jon boshiga yalpi ichki mahsulot qancha ekani va jon boshiga ta’limga qancha xarajat qilinayotganini qo‘shib hisoblaydi.

AQShning o‘zidagi qator shtatlarda Asl taraqqiyot ko‘rsatkichi (Genuine progress indicator) o‘lchanib kelmoqda. U yalpi ichki mahsulot faktorlariga qo‘shimcha holda, jinoyat ko‘lami va ozon kengayishi qanchaga tushayotgani, va hatto ishga borib kelish uchun yo‘lda qancha vaqt sarflashingizni o‘lchaydi.

2014 yilda tadbiq qilingan Yaxshiroq hayot indeksi (Better life index) 11ta faktorni nazarda tutar ekan: uy-joy, daromad, ish, mahalla, ta’lim, tabiat, fuqaroviy faollik, sog‘lik, hayotdan mamnunlik, xavfsizlik, hamda ish va hayot o‘rtasidagi muvozanatning bari taroziga tortiladi. Qizig‘i, har bir davlat o‘zidagi qadriyatlarga moslab, bir faktorni ikkinchisidan yuqori qo‘yishi mumkin.

Tanqidchilarga ko‘ra, hamma narsani ham o‘lchab bo‘lmaydi, masalan xavfni bashorat qilish qiyin. Shunday ekan pulni o‘lchash osonroq. Lekin, yalpi ichki mahsulotga muqobil yuqoridagi kabi usullar qo‘llanganda, AQSh va Xitoy yetakchi o‘rinlardan urib tushirilib, Finlyandiya, Norvegiya, va hatto Kosta Rika kabi davlatlar birinchi o‘ringa chiqishiga guvoh bo‘lasiz. Chunki eng boy mamlakat bo‘lish, eng farovon turmushni anglatmasligini aftidan ular tushunib yetishgan.

O‘zbekiston ham islohotlar davrida o‘z iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan xalqaro indekslarda yaxshi taassurot qoldirish va ayni damda o‘z aholisi ichidagi tenglikni ta’minlashdek nozik muvozanatni ushlashi kerak bo‘ladi. Ammo, chamasi yalpi ichki mahsulot me’yori bunda yordam berishi amrimahol.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан