Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






O‘zbekistonga atom elektrostansiyasi kerakmi?
17.10.2019 16:33,  
2172

Yigirma birinchi asrni birinchi choragi yakuniga yaqinlashib qolsak ham O‘zbekistondagi aksariyat aholi gaz va elektr energiyasi tanqisligidan jafo chekmoqda. Yetarli miqdorda va arzon narxlarda elektr energiyasi yetkazib berilsa hamma muammo hal bo‘ladi. Elektr tokida chiroq yonadi, ovqat pishirsa va uyni isitsa ham bo‘ladi.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida aholining katta qismi faqat elektr manbasi yaratgan qulayliklardan foydalanib yashaydi. Iqtisodiyotning rivojlanishida ham elektr energiyasini ahamiyati beqiyos.

Bu sohadagi ahvolni yaxshilash uchun mutassadi tashkilotlar tomonidan ma’lum faoliyat olib borilmoqda. Jumladan, iyul oyida Toshkentda energetika sohasidagi islohotlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro anjumanda energetika vaziri muovini Sherzod Xo‘jayev ushbu sohaning 2030 yilgacha bo‘lgan investitsion dasturlari yo‘nalishi xaqida ma’lumot bergan.

Unga ko‘ra, 2030 yilga borib elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj qariyb ikki barobarga oshadi va 121 milliard kilovatni tashkil etadi. O‘sha vaqtga kelib quvvati 31 Gigavatga (GVt) yetadigan ishlab chiqarish quvvattlarini 16,3 GVt ( 51 foizi) gazdan, suv energiyasidan 3,8 GVt (12 foiz), 2,6 GVt (8,2 foizi) ko‘mirdan olinadi. Eng quvonarlisi, shamol energiyasi quvvatini 11,7 GVt ga va quyosh energiyasi quvvatini 5 GVt ga yetkazish rejalashtirilgan. Rossiya tomonidan qurilishi rejalashtirilayotgan Atom elektrostansiyasi (AES) quvvati 2,4 GVt (7,5 foiz) ni tashkil etadi.

O‘zbekistonni shamol va quyosh energetikasidagi imkoniyatlari juda katta. Osiyo taraqqiyot banki va jahon banki mutaxassislari hisobiga ko‘ra, O‘zbekistonning quyosh energiyasi ishlab chiqarish salohiyati 51 milliard tonna neft mahsulotlari beradigan energiya ekvivalenti miqdoridan ham katta va asosiysi, bu - qayta tiklanuvchi energiya manbaidir.

Toshkentda 2019 yil 5 oktyabr kuni shu sohada o‘tkazilgan tender g‘olibi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar Clean Energy kompaniyasi O‘zbekistonda quyosh energiyasi kilovatt-soatini atigi 2,679 sentdan yetkazib berish taklifi bilan chiqqan. Eng muhimi, ushbu narxlar yillar davomida o‘zgarmay qolaveradi. Masalan Chilida quyosh energiyasi narxi “nol”ga teng holatlar va Yevropada shamol kuchli kunlari energiyaga to‘lov narxi tushishi yuz berayapti.

Bugungi kunda 1Gvt quyosh stansiyasi va shamol stansiyasini qurish narxi 800 million dollar atrofida bo‘layapti va yil sayin katta miqdorda tushib borayapti. Yaqin o‘n yilda ellik foizgacha tushishi bashorat qilinmoqda. Quyosh va shamol stansiyalarini bir yilda ishga tushirish mumkin. Ularning kafolatli ishlash vaqti 30 yildan ortiq.

Shu bilan birga, Respublikadagi gazda ishlovchi eski issiqlik stansiyalarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Bu o‘z navbatida gazni tejash va energiya ishlab chiqarishni oshirishga olib keladi.

Navoiy viloyatida Yaponiya bilan hamkorlikda qurilgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi (IES) noyabr oyidan to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi. Yillik quvvati 900 Megavatt (0,9Gvt). Mazkur IES gazni eski turbinalarga qaraganda ikki marta kamroq ishlatadi va 1 mlrd. 200 mln dollarga bunyod qilindi.

Surxondaryo viloyatida ham xuddi shunday quvvatdagi IES turkiyalik hamkorlar bilan bunyod etilyapti. Asosiysi, ushbu stansiyalar chet ellik investitsiyalari va xalqaro moliya tashkilotlarining kam foizli va uzoq yillik kreditlari yordamida bunyod etilayapti.

Bugunga kelib O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energetikasi bozoriga kiruvchi talabgorlar soni ortib bormoqda. Kuni kecha qabul qilingan “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasida ham muqobil energiya manbalari ulushini oshirish ko‘zda tutilgan.

Men bekorga vaqtingizni olib, mamlakatimizda energetika sohasida olib borilayotgan ijobiy faoliyat va narxlar bilan tanishtirmadim. Endi esa diqqatimizni sarlavhadagi mavzuga qaratamiz.

Atom energetikasi o‘tgan asrni 60-yillarida atom bombasini yaratish texnologiyalari davomi sifatida dunyoga kelgan. Lekin bugunga kelib Chernobil va Fukusima fojialaridan keyin, boshqa o‘nlab AESlarda yuz bergan minglab favqulodda vaziyatlardan so‘ng inqirozga yuz tutgan.

Yetakchi mamlakatlarning o‘sha davrlarda AESlarni qurishiga asosiy sabab, ularning aksariyati hududida gaz va neft zaxiralarini yo‘qligi bo‘lgan (Yaponiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqalar). Bugunga kelib mutlaqo xavfsiz AESlarni yaratish imkoni umuman yo‘qligi sababli va atom energiyasining qimmatligi va AESlarni o‘ta xavfli ekani uchun aksariyat davlatlar atom energiyasidan butunlay voz kechmoqda.

Germaniya 2022 yilgacha tuppa-tuzuk ishlab turgan, energiya berayotgan AESlarining barchasini to‘xtatadi va hozir ularni buzishni boshlagan va bu o‘ta qimmat jarayonga 100 milliard yevro ajratyapti. Uning o‘rniga jadal suratlarda quyosh, shamol energiyasiga o‘tib, gazda ishlovchi IESlari quvvatini oshirayapti.

Shveysariya va Ispaniya ham yaqin orada barcha AESlarini to‘xtatish rejasini ishlab chiqqan. AQShda AESlarni ishlab turishini ta’minlashdan ko‘ra, shu quvvatdagi quyosh stansiyasini qurib ishga tushirish arzonga tushmoqda va ko‘pchilik reaktorlar to‘xtatilmoqda.

O‘zbekistonda AES qurilishi tarafdorlarini bilgan jumlasi “AESlar Fransiyada, Yaponiyada, AQShda, Janubiy Koreyada ham bor, ishlab turibdi-ku” degan iboradir. Lekin biz mohiyatni ham tushunib yetishimiz lozim. Mazkur davlatlar atom texnologiyalarida Rossiyadan ancha ilgarilab ketishgan. Bu davlatlarda korrupsiya kam va ular bizdan farqli ravishda o‘z atom stansiyasini o‘zi quradi, o‘zi boshqaradi va xavfsizligini eng yuqori darajada kafolatlaydi.

Mabodo AES atrof muhit yoki insonlarga biror zarar yetkazsa, ushbu davlatlarni moliyaviy qudrati buni oqibatlarini bartaraf qilishga yetadi. Bugun biror AESda kattaroq favqulodda vaziyat yuzaga kelsa, zarar miqdori yuzlab milliard dollarni tashkil etishi mumkin.

Rosatom Belorusiyada ikkita VVER1200 reaktori bo‘lgan AESni qurib, ishga tushirish arafasida. Lekin bu AESni qurish vaqtida ko‘plab kamchiliklar ro‘y bergan. Jumladan, vazni 334 tonna bo‘lgan reaktorlardan birini kran ishdan chiqib, to‘rt metr balandlikdan tashlab yuborishgan. Reaktordagi ko‘plab payvand chiziqlaridan bittasi zarar ko‘rsayam, falokat muqarrar. Bu voqeadan xabar topgan va qurilayotgan AESga qo‘shni bo‘lgan Litva va boshqa Yevropa davlatlari talabiga binoan Rossiya tomoni reaktor korpusini yangisiga almashtirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, pastga qulagan reaktorni biror davlatda quriladigan stansiyaga o‘rnatish mo‘ljallanyapti. Bir necha kun oldin Belorus AESiga qo‘shni bo‘lgan Litvada yangi AESda yuz berishi mumkin bo‘lgan faqulodda vaziyatga qarshi o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tdi. AESda biror kor-hol yuz bersa qo‘shni davlatda 450 mingdan ortiq aholi ham zarar ko‘rishi aytilmoqda.

Belorusiyadagi AESni texnik ekspertizadan o‘tkazgan Yevropalik mutaxassislar VVER 1200 reaktorlarini xavfsizligi sohasida kamchiliklar mavjudligini aytishgan. Hozirgacha ushbu reaktorlar jahonni yetakchi ekspert tashkilotlari tekshiruvidan o‘tib, xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli xujjatlarni olmagan. Hindistonda VVER 1200 reaktorlari bor AES ishga tushishi bilan muammolar boshlangan. Hindiston tomoni Rosatom tomonidan o‘rnatilgan turbogeneratorlardan voz kechib, Yaponiyada ishlab chiqarilgan anjomlarni qo‘ymoqchi.

Dunyo mamlakatlarida ishlab turgan AESlar xavfsiz, favqulodda vaziyatlar bo‘lmaydi, faqat portlasigina xavfli bo‘ladi degan noto‘g‘ri fikr ham mavjud. Amerikalik olim Jon Gofman hisobiga ko‘ra, jahondagi barcha AESlardan chiqqan va ruxsat berilgan talablar doirasidagi radioaktiv chiqindilarni umumiy miqdori Chernobil avariyasidagidan ham ko‘p.

Yuzta AES 25 yil davomida tashqi muhitga o‘ta xavfli seziy -137 izotopini o‘zidan Chernobil fojiasinikidan to‘rt marta ko‘proq miqdorda chiqarar ekan. Germaniyadagi AESlar yaqinidagi yashovchi aholini salomatligini tadqiq qilish, radioaktiv tritiy ta’sirida yosh bolalarda oq qon xastaligi bir necha barobar ortishini ko‘rsatgan. Mazkur hududda yashovchi xomilador ayollardan tug‘ilgan bolalarni aksariyati ham bir necha yil davomida oq qon bilan hastalanishi muqarrarligi isbotlangan. Ayniqsa, tritiy va boshqa radionuklidlarni havoga chiqarish miqdorini ortishi, reaktorlarda xar yili bir marta amalga oshiriladigan yoqilg‘ini almashtirish vaqtida yuz berar ekan va ular bir necha yuz kilometrga shamol bilan olib ketilishi mumkin.

“Kislorodniy” kokteyl ot Rosatoma” maqolasida Rossiyadagi AESlarda sifatsiz sorbentlarni ishlatish natijasida atmosferaga chiqayotgan radionuklidlarni ko‘payishi va natijada AESlar joylashgan hududlarda onkologik hastaliklarni ko‘payib ketgani xaqida yozilgan. Jumladan, Beloyarskaya AES joylashgan Sverdlovsk viloyatida o‘pka onkologik xastaligi avj olgan va buning bosh sababi - hududdagi muammoli va juda ko‘p favqulodda vaziyatlar yuz bergan AES faoliyati ekani aytilgan.

Leningrad viloyatida esa AES borligi tufayli eng ko‘p bolalar onkologik xastaligi qayd etilmoqda deb ta’kidlangan. Bunday dahshatli misollarni ko‘plab keltirish mumkin va AESlar favqulodda vaziyatlarsiz ham insonlar va atrof muhitga o‘ta zararli ta’sir ko‘rsatayotgani shohidi bo‘lish mumkin.

Yaqin kelajakda atrof muhitga radionuklidlarni chiqarish jarayoniga keskin cheklovlar qo‘yilishi shubhasiz. Bunday holda qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti va turizm sohasida katta muammolar yuzaga kelishi aniq. Buni ustiga O‘zbekistondagi AES qurilayotgan nuqtada katta oqar daryo emas, sho‘r suvli kichik ko‘l borligi ham tashvishga soladi. Yozda 30 gradusgacha iliydigan ko‘lni suvi 300 graduslik reaktorlarni yetarlicha sovuta olishi muammo bo‘lishi shubhasiz. Yoz chillasida qariyb 50 gradusga boradigan issiq natijasida o‘ta radioaktiv chiqindilar saqlanayotgan basseynlardan bug‘lanayotgan suvdagi tritiy izotopi atrof muhitga katta miqdorda tarqalishi mumkin.

AES qurilishi uchun tanlangan hudud uch marta 10 ballik zilzila bo‘lgan Gazlidan unchalik uzoq emasligi ham seysmik faktorlar bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytiradi. Bu hudud Toshkentga va Samarqandu Buhoroga undan ham yaqin. Shamollar AESdan chiqqan radionuklidlarni ancha masofaga olib ketib, boshqa hududlardagi aholi uchun ham xavf solishi tabiiy.

Mazkur loihani iqtisodiy jihatdan umumman asossizligi iqtisodchi Meldinskiyni maqolasida va bir guruh olimlarni Ozodlik radiosiga yuborgan maqolasida to‘liq asoslab berilgan. Ma’lumki, ikkita reaktorli stansiyani qurish o‘n yil vaqt, boshlanishiga 11 milliard dollar talab qiladi va bu raqamni keskin ortishi ham isbotlab berilgan.

Cho‘lda 50 ming kishi yashaydigan atomchilar shaharchasini barpo qilish, AESdan iste’molchilar tomon yuqori voltli liniyalarni yuzlab kilometrga tortish, Jizzaxdan qurilish nuqasigacha temir yo‘l barpo qilish, stansiyani boshqaradigan yuzlab Rossiyalik mutaxassislarga ko‘p yillar davomida katta maoshlarni valyutada to‘lash va hokazo xarajatlarni oxiri yo‘q.

Buning ustiga o‘ta xavfli chiqindilarni Rossiyaga olib borib, katta mablag‘ evaziga ajratish va qolganini yana AES hududiga olib kelib, ko‘mish va zaminimizni minglab yillarga zaharlash — rejadagi ishlar xolos. Va buning hammasi atigi 2 GVt elektr energiyasi chiqarish uchun.

Yaqinda Saudiya Arabistoni neft ishlab chiqarish markazlariga dronlar va qanotli raketalar hujumi AESlarni qo‘riqlashda ham katta muammolarni chiqaradi va bu ham aql bovar qilmas xarajatlarga sabab bo‘lishi aniq.

AES hududiga Rossiya qo‘shinlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va uni boshqaruvchilar ham kelishi mumkin. Bularning hammasi juda katta harajatlar va Rossiyaga qaramlik faktorlarini ortishiga olib keladi. Oqibatda, energetika sohasida rejalashtirilgan va katta mablag‘ talab qiladigan boshqa vazifalar bajarilmay qolib ketishi mumkin.

Bu kichik maqolada O‘zbekistonda AES qurilishi bilan bog‘liq barcha muammolarni yoritishni iloji yo‘q. Har kuni teleekranlardan, matbuot sahifalaridan AESni naqadar xavfsiz va bebaholigi xaqida aytilayotgan soxta madhiyalardan bir zum bo‘lsada fikrimizni chalg‘itib, real voqelikka ham nazar tashlaylik. Keyin kech bo‘ladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан