Avstriyaning banki “Raiffeisen Research” o‘z tahliliy hisobotida O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning “Polsha”si sifatida e’tirof etdi.
Joriy yilning 17 may kuni “Raiffeisen Research” tomonidan “O‘zbekiston iqtisodiyotiga nazar: Polsha va Ukraina izidan” (Uzbekistan Economic Insights: On the footsteps of Poland and Ukraine) nomli tahliliy hisobot chop etildi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Hisobot mualliflarining fikriga ko‘ra, keng miqyosdagi islohotlar dasturi ortidan O‘zbekiston o‘zini Markaziy Osiyoning “Polsha”si sifatida tanitdi. Jahon moliyaviy inqirozi davrida (2008-2009 yy.) Polsha kabi O‘zbekiston ham 2020 yilgi koronavirus pandemiyasi inqirozi sharoitida ijobiy iqtisodiy o‘sishni saqlab qolib, muqarrar iqtisodiy inqirozning oldini olishga erishdi.
Bunga hisobotda bir qator faktorlar asos qilib ko‘rsatildi. Xususan:
O‘zbekistonda nisbatan yuqori iqtisodiy o‘sish inqirozga qarshi samarali iqtisodiy siyosat natijasidir.
COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlariga qaramay O‘zbekiston YaIMning o‘sishi 2016-2022 yillarda o‘rtacha 5 foizni tashkil qildi.
Bu, o‘z navbatida, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rtacha YaIM o‘sish – 2,5 foizga nisbatan yuqori hisoblanadi.
Shuningdek, olib borilayotgan barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan fiskal siyosat davlat qarzini sezilarli darajada (YaIMning 40 foizidan) oshirmagan holda inqirozga qarshi mazmunli kurashish uchun zamin yaratdi.
Natijada, nisbatan yuqori iqtisodiy o‘sish istiqbollari saqlab qolinib, ularning prognoz ko‘rsatkichlari 2021-2022 yillarda 5-6 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Moliya vazirligi
Axborot xizmati