O‘zbekistonning yana bir qo‘riqxonasi YuNESKO ro‘yxatiga kiritildi — Aziz Abduhakimov

O‘zbekistonning yana bir qo‘riqxonasi YuNESKO ro‘yxatiga kiritildi — Aziz Abduhakimov

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati YuNESKO butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga kiritildi. Bu haqida Bosh vazir o‘rinbosari, YuNESKO ishlari bo‘yicha komissiya raisi Aziz Abduhakimov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashkil etilgan infotur doirasida ma’lum qildi.

 13-17 sentyabr kunlari Abuja shahri (Nigeriya)da o‘tkazilayotgan  "Inson va biosfera" dasturining  33-Xalqaro muvofiqlashtirish kengashi doirasida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatini  YuNESKO butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Endi O‘zbekistonning ikki qo‘riqxonasi mazkur Tarmoqda: birinchisi - Chotqol davlat biosfera rezervati (1978 yilda kiritilgan). 

Quyi Amudaryo biosfera rezervati Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy va Amudaryo tumanlari hududida joylashgan. Markaziy Osiyo o‘rmonlarining 20 foizi va  O‘zbekiston o‘rmonlarining 74 foizi mana shu hududga to‘g‘ri keladi. Qo‘riqxonaning umumiy maydoni - 69 ming gektarga yaqin. Rezervatda mavjud 419 turdagi o‘simliklarning 2 turi, 36 turdagi hayvonning 1 tasi, 43 baliq turining 12 tasi va 246 qush turidan 23 turi Qizil kitobga kirgan.

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining nominatsion paketi O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va M. Zukkov tabiatni asrash fondi ko‘magida tayyorlangan. 

Yangi rezervatning butunjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga qo‘shilishi YuNESKO bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi, ya’ni "Inson va biosfera" dasturi doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha texnik qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘ladi: 

  • Inson va tabiiy faoliyat natijasida yuzaga keladigan biosferadagi o‘zgarishlarni va bu o‘zgarishlarning odamlar va atrof-muhitga ta’sirini, xususan iqlim o‘zgarishi sharoitida aniqlash va baholash; 
  • Tabiiy ekotizimlar va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar o‘rtasidagi dinamik o‘zaro bog‘liqlikni xususan, biologik va madaniy xilma-xillikning tez yo‘qolishi sharoitida ekotizimlarning inson farovonligi uchun xizmat qilishini o‘rganish va qiyoslash; 
  •  Atrof-muhit o‘zgarishi omili sifatida jadal urbanizatsiyalashuvi va energiya iste’moli sharoitida insonning farovonligi va yashash muhitini ta’minlash; 
  • Ekologik muammolar va yechimlar to‘g‘risida bilim va tajriba almashish va rag‘batlantirish, barqaror rivojlanish uchun ekologik ta’limni targ‘ib etish.