Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda kooperatsiya aloqalari kengaytirilmoqda
26.04.2022 17:26,  
14

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 24 yanvardagi PQ-99-son “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv Raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘i bilan tarmoqlararo kooperatsiyani chuqurlashtirish ishlari faollashtirilib mahalliy korxonalar bilan hamkorlik masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyatida joylashgan “Uzpromarm” MChJ korxonasining ishlab chiqarish bazasiga amaliy tashrif amalga oshirildi.

Tashrif davomida “O‘zbekneftgaz” AJ xodimlari tomonidan ishlab chiqarish ob’yektlarini dastlabki texnik auditdan o‘tkazib, “Uzpromarm” MChJ bilan respublika yagona kooperatsiya portali orqali shartnomalar imzolashni jadallashtirish va “O‘zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalari ehtiyoji uchun yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning texnik buyurtma parametrlariga mosligi asosida o‘zlashtirishni tashkillashtirish bo‘yicha kelishib olindi.

Bugungi kunga qadar “Uzpromarm” MChJ bilan respublika yagona kooperatsiya portali orqali 132,0 mlrd so‘mlik jami 185 ta shartnoma imzolangan bo‘lib, yetkazib berilgan mahsulotlar kesimida tizimda 10,0 mln dollarga yaqin import qisqartirish samaradorligiga erishildi.

Uzpromarm shartnoma asosida “O‘zbekneftgaz” AJ tizim korxonalarida mavjud to‘xtatish-berkitish armaturasini ta’mirlash ishlarini amalga oshirishga hamda neft va gaz konlari uchun zarur bo‘lgan fontanli armaturalarni yetkazib bermoqda.

“Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” tizimidagi korxonalarning taxminan 40 foiz qismini texnologik mahsulotlar bilan ta’minlamoqdamiz. Ishlab chiqarish quvvatini 2000 donadan 5000 donagacha ko‘tarishni rejalashtirganmiz. Hozir shu masalada “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati bilan muzokaralar olib boryapmiz. Mahalliylashtirishga yanada chuqurroq yondashish, yirik korxonalar bilan kooperatsion munosabatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ish olib boryapmiz”, deydi “Uzpromarm” MChJ rahbari maslahatchisi Akmal Soipov.

Ma’lum bo‘lishicha, korxona mutaxassislari “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi texnologik jarayonlar bilan tanishish asnosida u yerdagi holatni o‘rganadi va ta’mirlash ishlariga jalb etiladi.

“Uzpromarm” MChJ rahbari Orifjon Hamidovga ko‘ra, zavod hamda aksionerlik jamiyati o‘rtasida olib borilayotgan hamkorlik davlat byudjetining tejalishiga olib keladi:

“Zavodimizda 14 ta turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaramiz. Bir yilda taxminan 2000 donagacha mahsulot yetkazib beramiz. “O‘zbekneftgaz” AJ bilan imzolagan shartnomalarimiz asosida mahsulotlarni qayta ishlab, respublikamizdagi bo‘linmalariga yetkazib beryapmiz.

Har yili neft-gaz sohasida to‘xtatish-berkitish armaturalari, fontanli armaturalar uchun milliardlab mablag‘ sarflanadi. Yangisini sotib olishdan ko‘ra, uni qayta ta’mirdan chiqarib foydalanish 50 foizgacha mablag‘ni iqtisod qilishga sabab bo‘ladi. Davlat byudjetiga bundan katta foyda kelishi shubhasiz”.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ zavodlari ehtiyoji uchun ekspluatatsiya bosqichida zarur bo‘ladigan mahsulot va xizmatlarni hozirdanoq mahalliylashtirishda “Process and Water Chemicals” MChJ bilan ham qator ishlar amalga oshirildi. Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan “Process and Water Chemicals” MChJ bilan hamkorlikda texnologik suv sifatini yaxshilash uchun ishlatiladigan 27 xil turdagi kimyoviy reagentlarni respublikada ishlab chiqarish tashkil etildi.

“Process and Water Chemicals” MChJ rahbari Jahongir Ro‘zioxunov “Korxonamiz 2017 yilda Fransiya bilan hamkorlikda ishga tushirilgan va kimyoviy reagentlarni ishlab chiqarish uchun barcha texnologiyalar Yevropadan olib kelingan.

“O‘zbekneftgaz” AJ sohasi, energetika yo‘nalishi, kimyo sanoati, ichimlik suvi ishlab chiqariladigan korxonalar uchun zarur bo‘lgan kimyoviy mahsulotlarni yetkazib beryapmiz. Hozirda neft-gaz tarmoqlaridagi korxonalar tomonidan 80 foiz mahsulotlarimiz sotib olinyapti. Bu juda katta natija.

Kelgusida Turkiya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda sement-beton mahsulotlari uchun kimyoviy mahsulotlarni ham mahalliylashtirishni rejalashtirganmiz. 2022 yilning o‘zida buni yo‘lga qo‘yamiz”, deya ma’lum qiladi “Process and Water Chemicals” MChJ rahbari Jahongir Ro‘zioxunov.

Ushbu kimyoviy mahsulotlar “Uzbekistan GTL” va “Uz-Kor Gas Chemical” zavodi hamda litsenziarlar talablariga javob berganini hisobga olgan holda, korxonalar bilan respublika elektron kooperatsiya portali (cooperation.uz) orqali 15 turdagi mahsulotlar bo‘yicha 61,1 mlrd so‘mlik shartnoma imzolandi. Qolgan 12 turdagi mahsulot bo‘yicha tajriba-sinov ishlari davom ettirilmoqda.

Aytish joizki, yangi o‘zlashtirilgan kimyoviy mahsulotlar quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

Birinchidan xlor konsentratsiyasini kamaytirish, quvurlar ichida cho‘kindi hosil bo‘lishi oldini olish, korroziyadan himoya qilish uskunalar uzoq davr mobaynida ishlashini ta’minlaydi;

Ikkinchidan suvni sovitish tizimidagi mikrobiologik o‘sishni boshqarish, ozuqa suvi qattiqligini kamaytiradi.

Chirchiq shahrida joylashgan “KUKIL GASPACKS” MChJ QK” MChJ korxonasida esa “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalar uchun flanetsli bo‘g‘inlar, quvurlar, to‘xtatish-berkitish armaturalar uchun har xil turdagi grafitli qistirmalar yetkazib berilmoqda. Bugungi kunga qadar “KUKIL GASPACKS” MChJ bilan respublika yagona kooperatsiya portali orqali 5,4 mlrd so‘mlik jami 15 ta shartnoma imzolangan.

Tashrif davomida “O‘zbekneftgaz” AJ xodimlari tomonidan ishlab chiqarish ob’yektlari bilan yaqindan tanishildi, “KUKIL GASPACKS” MChJ bilan respublika yagona kooperatsiya portali orqali shartnomalar imzolashni jadallashtirish va “O‘zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalari ehtiyoji uchun yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni texnik buyurtma parametrlariga mosligi asosida o‘zlashtirishni tashkillashtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ kelgusida tizim korxonalarida mavjud quvuro‘tgazgichlar, nasoslar va gaz haydash agregatlari uchun zarur bo‘lgan prokladkalarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishib oldi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан