Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ozod etilmoq naqadar muhim?
22.05.2020 19:36,  
1012

2017 yilning 8 dekabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z iqtidori davrida ilk marta katta miqyosda afv e’lon qildi: 2700 nafar mahkum jazoning turli shakllaridan ozod etildi. O‘shanda Navoiy shahridagi qamoqda edim. Oradan bir oy o‘tib, uchrashuvga kelgan onaizorim aytdilarki, uyimizga afv e’lon etilgan kun qo‘ng‘iroqlar bo‘libdi, ustozlar, do‘stu yorlar, xeshu aqrabolar kamina afv qilinganmi, yo‘qmi - shuni so‘rabdilar, tezroq ozodlikka chiqsin deb duo qilishibdi.
Oradan qariyb uch yil o‘tyapti, har bayramda mahkumlarga afv berilmoqda, minglab insonlar yuz yorug‘lik ila xonadonlari quchog‘iga qaytmoqda, Alhamdulillah.

Navoiydagi yopiq qamoqdan o‘z viloyatimdagi manzil-koloniyaga keltirilganimdan so‘ng, qonun doirasida barcha yaqinlarim bilan bemalol uchrashish, muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldim. Endi o‘zimga sim qoqib, har afv amaliyotida: "Chiqdingmi?" - deb so‘rashadi.
Javobim ayon: "Yo‘q, hozircha. Nasib, in shaa Alloh!"
Suhbatdoshlarimga bir narsani tushuntirgim keladi: ozod etilmoq naqadar muhim?
Ozodlik, aslida, nima?
Qamoqda ekanman, ozodlikning asli qalb erki, ruh ozodligi ekanligini anglab yetdim.
Iymonli inson uchun hayotda yomonlik yo‘qdir. Alloh iymon keltirga bir mo‘minga hech qachon yomonlikni ravo ko‘rmaydi.
Qamoq mo‘min uchun u qadar dahshatli emas. Mo‘min uchun dahshatli narsa o‘z Robbisiga shirk keltirmoqdir. Qamoq iymonni charxlasa, nafsni tarbiyat etsa, musulmonni Robbisiga taslim bo‘lishga o‘rgatsa, bu chinakam yaxshilikka aylanmaydimi?
Afv gunohni kechirmoq degani. Afv etilgan odam jazodan qutuladi. Mohiyatan, Robbisi oldida gunohi afv etilgan insonni boshqalar jazolay olarmidi?!
Ozod etilmoq va ozod bo‘lmoqning farqi bor. Qamoqdan ozod etilsangu, nafsing vasvasasidan, jaholat zulmatidan, kibr kishanidan ozod bo‘lolmasang, bu erkdan ne manfaat bor?
Iqrorim shuki, temir panjaralar dunyo shovqinidan meni ajratdi va nafsim bilan yolg‘iz qoldirdi. Singan nafsimni esa Robbim qoshida tiz cho‘ktirdi, Alhamdulillah.
Men izlagan halovat, men istagan hurriyat nafsimning taslimiyatida ekan. Chinakam do‘stlik va marhamat esa faqat Otam va Onamning qalbida porlab turgan ekan.
Uzoq va yaqindagi, Vatanimizdagi va xorijdagi o‘nlab do‘stlarimiz ham duoi salom yo‘llaydilar, ozodlik so‘raydilar, Robbim hammalaridan rozi bo‘lsin!
Bularning hammasi mushfiq Ota-Onamning duolarining ijobatidir.
Akrom Malik qamoqdan chiqsin deya kurashayotganlarning ajrlari niyatlariga ko‘ra ato etilgay, kamina esa bu kurashni nafsu shaytonga yo‘naltirmoqda xayr ko‘rdim.
Ramazoni sharif fazilati va muborak iydi Ramazon sharofati ila yana mahqumlarning bir qanchasi afv amaliyoti orqali ozod etildi. Robbim ularga xayrlisini ato etsin, amiyn!
Kamina masalasiga kelsak, Robbim izn bergan kun ozodlikka chiqarman, qilgan ko‘p xatolarim bor, Ota-Onamga yetkazgan aziyatlarim bor - ularning muqobilida Robbim xayr ishlarga qodir qilsin, amiyn!
Bu iqrorning na kimdandir qo‘rqish, na kimningdir zulmiga bog‘liq joyi yo‘q. Zotan, joni Robbisining qo‘lida ekanligini bilgan mo‘min qo‘rqmaydi. Mazkur bitiklar ko‘plab do‘stlarga ibrat bo‘lsin, zulm va jaholatga qarshi kurashmoqdaman deganlar bilsinlarki, zulm - o‘z nafsimizga qilgan zulmimizdir, jaholat - qalbimizning ma’rifatsiz qolishidir. To buni anglamasak, zulmga qarshi kurashyapman deb, o‘zimizga zulm etamiz, jaholat yo‘qolsin deya jahlga asir bo‘lamiz.
Olamni isloh etish nafsni isloh etishdan boshlanadi, haqning botildan ajrashi o‘zimiz haqqimizdagi haqiqatlarni tan olishdan boshlanadi.
Amallarimiz niyatlarimiz namoyishidir, Allohim bizga toza niyatlar ato etsin, amiyn!

Akrom MALIK, 2020 yil, 21 may

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан