Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Ozodlik uchun kurashish kerak(mi?)
27.11.2019 17:44,  
1355

Bugun Turkiston Muxtoriyati tashkil topgan kun.

Bundan 100 yil avval – 1917 yil 27 noyabr kuni mintaqadagi musulmonlarning ilk hukumati – Turkiston Muxtoriyati tuzilgan edi.

1917 yil 26-29 noyabrda Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan Umummusulmonlar qurultoyi Turkiston Muxtoriyati hukumatining tashkil topganini e’lon qilgan.

O‘n yilcha bo‘lib qoldi, shekilli, bir narsani o‘ylayman.

Turkiston 1852 yilda Oqmachit (Qo‘qon xonligi – hozirda Qizilo‘rda, Qozog‘iston) ishg‘olidan boshlanib, 1881 yilda Go‘ktepa (Xiva xonligi – Gyokdepe, Turkmaniston) qonga botirilishi bilan tugagan janglar asnosida bosib olindi. Buxoro amirligi va Xiva xonligi ko‘p yerlarini yo‘qotib, vassalga aylandi. Orada Po‘latxon qo‘zg‘oloni (1874-1876), Dukchi Eshon qo‘zg‘oloni (1898 yil; ochig‘i, buni ommaviy tartibsizlik desa ham to‘g‘ri bo‘lsa kerak), Namoz Pirimqul o‘g‘li isyoni (1905-1907), Jizzax qo‘zg‘oloni (1916 yil) kabi voqealar sodir bo‘lganini istisno qilsak, juda unchalik erkparvarligimiz ko‘zga tashlanmadi.

Keyin 1917 yili Rossiyada inqiloblar to‘lqini boshlandi: avval respublikachilar, keyin bolsheviklar hukumatni egalladi. Bu Turkistondagi ziyolilarga ruh berdi – uzoq tortishuvlar, o‘zaro kelishmovchiliklardan keyin ancha kech bo‘lsa ham noyabr oxirida Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi. O‘sha yil bahorda, uzog‘i bilan yozda shu qaror olinganida balki bu muxtoriyat yashab ketarmidi... (Tarixda "balki", "agar" degan gaplarga o‘rin yo‘q. O‘tgan ish ortga qaytmaydi. Shunchaki, qandaydir ilinj bilan shunday gaplar aytilaveradi.)

Xullas, muxtoriyat e’lon qilindi, davlat tuzildi. 70 kunga bormay bolsheviklarning qiruvchi kuchlari – dashnoqlar tomonidan muxtoriyat poytaxti Qo‘qon qonga botirildi. Hali to‘la oyoqqa turib ulgurmagan muxtoriyat yakson qilindi.

Muxtoriyat qo‘shinidan qolgan-qutgan askarlar va ularga qo‘shilgan bir hovuch mahalliy aholi vakillari bolsheviklarga qarshi qurolli kurashga o‘tdi. Bu kurash sovet tarixida "bosmachilik" deb nom oldi. Ishtirokchilar: "Ozodlik va din uchun kurashyapmiz", dedi. Kurash 1933 yilda oxirgi "bosmachilar otryadlari" yo‘q qilingunicha Turkistonning turli hududlarida davom etdi. Kurash davomida ozodlik istaganlar tomonidan nohaq o‘ldirilganlar ham ko‘p bo‘ldi. Ho‘lu quruq baravar yondi. Hamma narsa aralashib, qorishib ketdi: kim nima uchun urushayotganini bilib bo‘lmay qoldi. Ba’zilar shunchaki ko‘ngilxushlikka odam o‘ldirgan bo‘lsa ham ajab emas...

Lekin chetdan qaraganda bolsheviklarga, sovet hukumatiga qarshi kurashganlar haq edi. O‘z yurtida turib chetdan kelgan odam bilan urushgan odam bosqinchi ham, terrorchi ham bo‘lmaydi.

Meni qiziqtirgan holat: o‘sha urushlar boshlanganida mahalliy aholining aksariyati aslida ularning ozodligi uchun jon berayotgan yigitlarni yetarlicha qo‘llab-quvvatlamadi. Ba’zilar ochiqchasiga sovet hukumati tarafida turib o‘z yurtdoshiga, vatanining ozodligiga qarshi urushdi; ba’zilar betaraf qolgan bo‘lsa-da, istiqlolchilarga qo‘shilmoqchi bo‘lgan o‘z yaqinlari, farzandlarini "Qo‘y bolam, tinch o‘tir", deb yo‘ldan qaytardi. Xalq ko‘magidan mahrum bo‘lgan ozodlik harakati o‘n besh yil nari-berisida butunlay barham topdi.

Keyin Stalin qatag‘onlari bo‘ldi. Kechagina ozodlik uchun kurashishni istamaganlar qamalib, otilib ketdi. Keyin II Jahon urushi boshlandi. Uning "Ulug‘ vatan urushi" deb nomlangan qismida (1941-1945) Turkiston ahli ham qatnashdi. Kechagina "Qo‘y bolam, tinch o‘tir" degan xalq endi "Vatan uchun! Stalin uchun!" shiori ostida farzandini "Oy borib, omon kel", deya non tishlatib, jangga jo‘natdi: o‘z ozodligi uchun urushishni istamaganlar ikkita qonxo‘r, siyosiy tentakning shaxsiy manfaatlari uchun tandirga tutantiriq bo‘lib ketdi...

Shunisi qiziq-da! Odamlar nega o‘z ozodligi uchun imkon bo‘lganida kurashishni istamaydi-yu, boshqalarning ko‘ngilxushligi uchun jonini fido qiladi?

Yaxshiyamki, 1991 yildagi siyosiy vaziyat foydamizga ishladi. Aks holda, yana jimgina Afg‘oniston kabi yangi urushlarni yoqilg‘i – odam bilan ta’minlab yurarmidik...

2017 yil 27 noyabr

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан