«Ozon - hayot uchun» tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi

«Ozon - hayot uchun» tanlovi g‘oliblari e’lon qilindi

2020 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti «16 sentyabr – Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni» va Vena konvensiyasining 35 yilligi munosabati bilan «Ozon - hayot uchun: 35 yil global ozon qatlamini himoya qilish» shiori ostida munosib nishonlash tashabbusini e’lon qildi.

Xalqaro ozon qatlamini nishonlash doirasida mazkur shior ostida 15 sentyabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasida Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni doirasida uchrashuv o‘tkazilib, tadbirni Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Shavkat Abdurazakov ochib berdi.

Ta’kidlanganidek, ozon buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokolining samarali amalga oshirilishi natijasida sovutgichlar, konditsionerlar va iste’mol buyumlari tarkibida mavjud bo‘lgan ozon qatlamiga salbiy ta’sir qiluvchi kimyoviy moddalardan bosqichma-bosqich dunyo bo‘yicha 99 foizidan, O‘zbekistonda esa, 99,5 foizidan voz kechildi.

Hozirda, O‘zbekistonda ozon buzuvchi moddalarning importiga kvotalar belgilangan. Bundan maqsad 2030 yilga kelib, ozon buzuvchi moddalarni importiga mutlaqo taqiq qo‘yishdan shu orqali ozon qatlamini muhofaza qilish yo‘lidagi global harakatlar hissa qo‘shishdan iboratdir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ham ishtirok etib, ishtirokchilarni mazkur kun bilan tabriklab, mamlakatimizda ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdilar.

Davlat ekologiya qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot Dasturi va Global Ekologik Jamg‘armasining qo‘shma loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va O‘zbekiston Ixtirochi ayollar markazi hamkorligida, bu yilgi «16 sentyabr — Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kuni» munosabati bilan «OZON — HAYoT UChUN!» mavzusidagi «Eng yaxshi videorolik»«Eng yaxshi maqola» va «Eng yaxshi she’r» nominatsiyalari bo‘yicha ijodiy ishlarning onlayn tanlovi o‘tkazildi.

Tadbir doirasida mazkur tanlov g‘oliblari e’lon qilinib, tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

«Eng yaxshi she’r» nominatsiyasi bo‘yicha:

1-o‘rin – Zulfiya Mo‘minova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi;
2-o‘rin – Ergashev Nasrullo, «Tafakkur» jurnali muharriri;
3-o‘rin – Esanova Mavlyuda, uy bekasi.

«Eng yaxshi videorolik» nominatsiyasi bo‘yicha:

1-o‘rin – Akramova Sanobarxon, Andijon shahri 55-umumta’lim maktab o‘quvchisi;
2-o‘rin – Yunusova Nargiza, Human.uz axborot-tahliliy sayti xodimi;
3-o‘rin – Mavlyanova Alisha, Samarqand shahri 35-umumta’lim maktab o‘quvchisi.

«Eng yaxshi maqola» nominatsiyasi bo‘yicha:

1-o‘rin – Rustam Jabborov, erkin ijodkor;
2-o‘rin – Shuhrat Islomov, «O‘zbekiston ovozi» gazetasi jurnalisti;
3-o‘rin – Nurillo To‘xtasinov, «Yangi O‘zbekiston» portali jurnalisti.