Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Prezident 2020 yilda baliq yetishtirishni kamida 350 ming tonnaga yetkazishga topshiriq berdi
15.04.2020 14:34,  
441

Avval xabar qilganimizdek, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 aprel kuni qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, majlisda meva-sabzavot yetishtirish va sotib olishga alohida moliyalashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yurtimizda aprel oyining ikkinchi yarmida ko‘kat, pomidor, bodring, may oyida esa gilos va o‘rik tayyor bo‘ladi. Eksportning 60-70 foizi ushbu mahsulotlarga to‘g‘ri keladi.

Mutasaddilarga meva-sabzavotlar eksporti bo‘yicha tumanlar va xo‘jaliklar kesimida aniq hisob-kitob qilib, pandemiya sharoitida yuzaga keladigan masalalarni qisqa muddatda hal qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanini shu tarmoqqa ixtisoslashtirish bo‘yicha alohida qarorlar qabul qilindi. Umuman, tarmoqda oldingi yillarda bo‘lmagan rag‘batlantirish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Naslli mollar uchun 2 million so‘mgacha, naslli qo‘y va echkiga 400 ming so‘mdan subsidiya ajratish mexanizmi joriy etildi. Joylarda zamonaviy chorva komplekslari ishga tushirilmoqda.

Prezidentimiz endi mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan birga import qilinayotgan tovarlar o‘rnini qoplash zarurligini ta’kidladi.

Ozuqa ishlab chiqaradigan korxonalar, qoramol boqish bo‘yicha oilaviy kooperatsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi. Har bir viloyatda naslli qoramol tayyorlash va sotishga mo‘ljallangan xo‘jaliklar tashkil etilishi belgilandi.

Parrandachilikda ham ozuqa ta’minotini mustahkamlash va aholi bilan kooperatsiyani rivojlantirish kerak.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, kooperatsiya asosida xonadonlarda parranda boqish tajribasi keng joriy etiladi. Bunda parrandachilik korxonasi xonadonga uch kunlik jo‘jalarni tarqatib, ozuqasini yetkazib beradi. Qirq kundan keyin kooperatsiyaning o‘zi go‘shtni markazlashgan holda sotib oladi.

Ma’lumki, baliqchilik uchun ham barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratilgan. O‘tgan yili yurtimizda 200 ming tonna baliq yetishtirilgan.

Bugungi kunda 38 ming gektar sun’iy suv havzalarining atigi 0,6 foizida intensiv baliqchilik tashkil etilgan. Qolaversa, ularda hosildorlik darajasi pastligicha qolmoqda.

Yig‘ilishda bu yil baliq yetishtirishni kamida 350 ming tonnaga yetkazish, sun’iy havzalardan foydalanish samaradorligini oshirib, baliqchilik xo‘jaliklari va qayta ishlash korxonalari tashkil qilish bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.

Asalchilik tarmog‘iga e’tibor qaratilar ekan, bu yil ishlab chiqarish hajmini 5 barobarga ko‘paytirish, o‘rmon xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘la ishga solish muhimligi ta’kidlandi. Aholiga asalari uyalari tarqatib, ulardan mahsulot sotib oladigan asalarichilik klasterlari tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Qishloq aholisini uy sharoitida ish bilan ta’minlaydigan rezervlardan biri – ipakchilik sohasi. Joriy yilda 382 ming quti ipak qurti boqilishini inobatga olsak, bu kamida 750 ming odamni ish bilan band qilish degani.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va Mehnat vazirligiga bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish, yaxshi hosil olgan xonadonlarga qo‘shimcha mablag‘lar ajratish topshirildi.

– Ushbu chora-tadbirlar natijasida minglab fuqarolarimizni ish bilan ta’minlash, daromadlarini ko‘paytirishga erishamiz. Bozorlarimizda mahsulot ko‘p bo‘ladi.

Har bir vazir, sektor rahbari buni yuragidan o‘tkazib, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda mening o‘rnim qanday bo‘ladi, degan savolga vijdonan javob berishi kerak, – dedi Prezident.

Videoselektor yig‘ilishida qishloq xo‘jaligi tarmoqlari rahbarlari, viloyat hokimlari axborot berdi. Hududlarga biriktirilgan mutasaddilar va hokimlarning pandemiya davrida amalga oshirayotgan ishlari tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан