Prezident Andijonda oilalarga subsidiya ajratish, yo‘llar va suv tarmoqlarini ta’mirlashni buyurdi

Prezident Andijonda oilalarga subsidiya ajratish, yo‘llar va suv tarmoqlarini ta’mirlashni buyurdi

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilar bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Andijon viloyati aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Ma’lum qilinishicha, bu yilda viloyatda 6 ming 196 ta – o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘p uylar qurilmoqda.

Davlat rahbari uy-joyga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etib, Andijon viloyatida 819 ta oilaga subsidiya ajratish zarurligini ta’kidladi.

Foto: president.uz

Bu yil 642 kilometr avtomobil yo‘li, 85 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari qurilishi va ta’mirlanishi belgilandi.

Ta’lim sifatini yaxshilash, o‘quvchilarni 7-sinfdan qiziqqan kasbiga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bu kelgusida ularning bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

– Meni eng ko‘p o‘ylantiradigan masala – yoshlar va xotin-qizlar. Ularga e’tibor, ko‘mak kerak. Bilimi, qo‘lida kasb-hunari bo‘lsa, hayotda o‘z o‘rnini topib ketadi, dunyoqarashi ham boshqacha bo‘ladi. Ota-onasi, oilasi ham davlatdan rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: president.uz

Turizm va axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jinoyatchilikning oldini olish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, tarmoq rahbarlari hisobot berdi. Videoaloqa orqali tuman hokimlari va faollarning fikrlari eshitildi.