Prezident hujjatlari ijrosini Adliya vazirligi nazorat qiladi. Vazirlikda maxsus bo‘linma tashkil etiladi

Prezident hujjatlari ijrosini Adliya vazirligi nazorat qiladi. Vazirlikda maxsus bo‘linma tashkil etiladi

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi prezident tomonidan Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomada vazirlikka berilgan vazifalar yuzasidan sharh berdi.

Prezident vazirlikning asosiy vazifasi qabul qilingan hujjatlarni mas’ullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va nazorat qilish hisoblanishini ma’lum qilgandi.

«Tan olish lozimki, qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish oxirgi paytda ko‘proq rasmiy xarakterga aylanib qolgan edi. Ya’ni asosiy urg‘u qarorlar bajarilishi ustidan nazorat qilishga qaratilgan edi.

Endi mazkur masalada yangi tizim taklif etildi. Unga ko‘ra, qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarning to‘g‘ri va aniq mazmun va mohiyati viloyat, tuman (shahar) rahbarlariga bevosita yetkaziladi.

Mazkur hujjatlarda belgilangan ijrochilar tomonidan ayrim masalalarda tushunmovchiliklar yuzaga kelganda, adliya organlari tomonidan topshiriq to‘laqonli tushuntirib berish choralari ko‘riladi. Bunda, adliya organlariga zarur sharoitlar yaratiladi.

Prezident yoki boshqa qonun hujjatlari bilan berilgan topshiriqni ijro etishda, ijrochi vazirlik va idoralar tomonidan ijroni ta’minlashda qiyinchiliklar yuzaga kelganda, adliya organlari ushbu topshiriqni ijrosi tashkil etishga ko‘maklashadi. Biroq, bu narsa Adliya vazirligi topshiriqni bevosita bajaruvchisiga aylanib qoladi degan emas albatta. Vazirlik topshiriqni bajarish uchun o‘ziga xos yo‘naltiruvchi vazifasini bajaradi, xolos.

Ta’kidlash joizki, har bir vazirlik va idora hujjatlarda berilgan topshiriqlarni vijdonan, to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida bajarishga majbur. Har bir rahbar bunga shaxsan mas’ul ekanligi hech kimga sir emas. Aslida ularning tepasida turib, «niqtash» ham kerak emas.

Deylik, biror-bir vazirlik topshiriqni bajarmadi. Davlat rahbari aytib o‘tganlaridek, kerak bo‘lsa, lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. Bu masala shaxsan davlat rahbari nazorati ostida ekanligi ta’kidlanmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Ushbu maqsadda, Adliya vazirligida maxsus alohida bo‘linma tashkil etiladi va ularga zarur vakolat va resurslar beriladi. Uning respublika bo‘ylab, hududiy bo‘linmalari ham tashkil etiladi.

Ular qonun hujjatlari talablarini ijro qilmaslik, normalarni o‘zboshimchalik bilan yoki noto‘g‘ri talqin qilish, qonunni qo‘llashda sub’yektivlik, tor idoraviy yondashish holatlarini aniqlaydi va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi.

Bundan tashqari, topshiriqlar bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni ham aniqlaydi hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Faoliyat natijasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga tanqidiy axborot kiritiladi. Uning asosida albatta tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari ko‘riladi. Eng asosiy yangiliklardan biri, bu mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish vazifasi ham qo‘yilgan.

Bunda, «jamoatchilik eshituvlari» va «jamoatchilik monitoringi» institutlaridan keng foydalaniladi. Ya’ni ijrosi bajarilmagan topshiriqlar bo‘yicha ma’lumot fuqarolar tomonidan xabar berish tizimi orqali yuboriladi. Mobil ilova ishga tushirilishi ham mumkin.

Yuqorida aytib o‘tilgan jarayonlar barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan televideniye orqali «Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda» dasturlari yordamida yoritiladi.