Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Prezident: Koronavirus bo‘yicha vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda
17.07.2020 19:11,  
495

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bugunga kelib yurtimizda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 15 mingdan oshgani, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 8 mingdan ortiq kishi sog‘aygani qayd etildi. Afsuski, ushbu virus tufayli qariyb 80 nafar fuqaro vafot etgan.

– Vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda. Shuning uchun hech qaysi hudud rahbari bizda ahvol yaxshi, deb, xotirjamlikka berilishga haqqi yo‘q. Hamma joyda kamchiliklar bor. Eng asosiy vazifa – ularni vaqtida aniqlab, xolis baho berib, tezda tugatish chorasini ko‘rishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap aynan mana shu koronavirus haqida aytilgan. Agar biz bu xatarga beparvo, beg‘am bo‘lsak, minglab odamlarning sog‘lig‘i va taqdirini xavf ostiga qo‘yamiz, vaziyatimiz yanayam og‘irlashadi. Eng qo‘rqinchlisi, o‘lim soni keskin ko‘payadi.

Eslatish joiz, davlatimiz rahbari o‘zining avvalgi chiqishlarida pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi va taktikasini tubdan o‘zgartirish keraklagi haqida gapirgan edi. Bugun ham shu masalaga to‘xtalar ekan, hozirgi pandemiya sharoitiga mos eng kuchli, eng ta’sirchan vositalarni ishga solish zarurligini ta’kidladi.

– Bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda bo‘lishi va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz bo‘lishi shart, – deya so‘zida davom etdi Prezident. – Faqat tezkor va muntazam safarbarlik, temir intizom, tibbiy madaniyat, yuksak onglilik bilangina biz bu ofatga qarshi kurasha olamiz.

Bu borada eng katta mas’uliyat hokimlar va sektorlar rahbarlari zimmasida ekani yana bir bor eslatib o‘tildi. Buning uchun ularda o‘z hududlaridagi mavjud vaziyat haqida to‘liq va haqqoniy ma’lumotlar bo‘lishi, ular har kuni, har soatda yangilanib borishi kerakligi ta’kidlandi.

– Hokimlar, sektor rahbarlarining, barcha mutasaddi va mas’ullarning miyasi soat mexanizmiday kunu tun, aniq va bexato ishlashi lozim, – dedi davlatimiz rahbari. – Afsuski, biz ko‘pincha mana shu masalalarda oqsayapmiz. Qo‘limizda aniq ma’lumot, asoslangan tahliliy materiallar yo‘qligi tufayli qabul qilgan qarorlarimiz kutilgan natijani bermayapti. Bu masalada qanday yordam zarur bo‘lsa, marhamat, aytinglar, barchasini hal qilamiz. Chunki maqsad bitta: tezroq bu balodan qutulib, iqtisodiyotimizni, ijtimoiy hayotimizni to‘liq tiklab olishimiz kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida yana bir bor xalqimizga murojaat qilib, jumladan, shunday dedi:

– Har birimiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning sog‘lig‘i va taqdiri uchun avvalo o‘zimiz mas’ul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim. Shu munosabat bilan xalq vakillari bo‘lgan deputatlarimizdan, ijodkor ziyolilarimiz, hurmatli jurnalistlarimiz, mahalla faollaridan iltimos qilaman: pandemiya davrida har bir odamning shaxsiy mas’uliyati haqidagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak.

Biz pandemiyani qachon yengamiz? Qachonki, har bir odam o‘zidagi beparvolikni yengsa, o‘zi, oilasi va farzandlari, butun xalqimiz hayotiga mas’uliyat bilan qaraydigan bo‘lsa.

Biz shunga qodirmizmi? Albatta, qodirmiz. Ishonchim komil, bugungi vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan mana shunday hissiyot va qarashlar har bir yurtdoshimizning qalbi va ongiga chuqur kirib boradi. Va biz bu sinovdan, albatta, munosib o‘tamiz, – deya ta’kidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, 15 iyul kuni Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar qattiq tanqid qilinib, aniq vazifalar belgilangan edi. Bu borada ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar bo‘yicha bugun Toshkent shahri hokimi, Bosh prokuror va boshqa mutasaddi rahbarlar hisobot berdi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан