Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Prezident milliy aviakompaniyada chiptalar narxini arzonlashtirish vazifasini qo‘ydi
10.12.2020 00:54,  
253

Prezident videoselektorida turizmni rivojlantirish va sportni ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.

9 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

«O‘zbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirilmoqda. Qator farmon va qarorlar asosida bu sohadagi sharoitlar kengaytirilmoqda. Xususan, fuqarolaridan yurtimizga viza talab etilmaydigan mamlakatlar soni 9tadan 86taga yetkazildi, 53ta davlat uchun «elektron viza» tizimi joriy etildi. Turizm uchun qiyin bo‘lgan joriy yilda sohadagi sub’yektlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi, ularga subsidiya va ssudalar berildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda koronavirus pandemiyasi sharoitida yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqib, mamlakatimizning turizm salohiyatini tiklash hamda rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Yurtimizda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bor. Bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash mumkin.

Shu bois kelgusi yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Milliy aviakompaniyada chiptalar narxi balandligi tanqid qilinib, uni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari ziyorat turizmida targ‘ibot va ilmiy yondashuv yetishmayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalari bilan birga bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha salohiyatli davlatlar fuqarolari uchun viza tizimini soddalashtirishga doir takliflar bildirildi.

Sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosarlari rahbarligida Idoralararo komissiya tuzilishi belgilandi. Ushbu komissiya aviaparvozlarni tashkil etish, ularga ruxsat olishni soddalashtirish, qatnovlar geografiyasini kengaytirish va aeroport xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha tizimli shug‘ullanadi.

Hududlarda hali yetarlicha o‘rganilmagan, sayyohlar jalb etilmagan qadamjolar ko‘pligi ta’kidlandi. Madaniyat vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga 300ta madaniy meros ob’yekti va ziyoratgohni restavratsiya qilish vazifasi qo‘yildi.

Buyuk olim Abu Mansur Moturidiy maqbarasi va uning yaqinida dafn etilgan 8 buyuk ulamo qadamjosini dunyoda 170 milliondan ziyod izdoshi bo‘lgan moturidiya ta’limotining ziyorat markaziga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimligiga shu borada ko‘rsatmalar berildi. Buxoro viloyatida islom dini va mintaqadagi din namoyandalari tematik xiyoboni loyihasini ishlab chiqish zarurligi aytildi.

«O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» nomli ichki turizm dasturi kelgusi yili izchil davom ettiriladi. Buning uchun Ro‘za va Qurbon hayitlari, Navro‘z, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayramlari davrida qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda. Shuningdek, nomavsumiy sayohatlar uchun Ichki turizm oyligi, haftaligi va kunlari tashkil etiladi.

Prezident pandemiya sababli turizm sohasi uchun 2020 yil oxirigacha berilgan imtiyoz va preferensiyalarni 2021 yil oxiriga qadar uzaytirish, aholi uchun transport va mehmonxona xizmatlari bo‘yicha chegirmalar berib, ichki turizmni ommaviy tashkil etish muhimligini ta’kidladi.

Videoselektor yig‘ilishida turistik maskanlar va infratuzilma ob’yektlarini ko‘paytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida bu borada o‘nlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Amirsoy» kurortining ikkinchi bosqichi, «Beldersoy-Chimyon-Nanay» xalqaro kurorti, «Xo‘jakent» dor yo‘li, 29ta mehmonxona va dam olish maskanlari qurilmoqda.

Ushbu tajriba asosida kelgusi yilda turistik salohiyati yuqori bo‘lgan 14ta tuman, Xonobod va Angren shaharlarida turizmni jadal rivojlantirish dasturini amalga oshirish choralari belgilandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан